Kichik kulbadagi ulkan qalb egasi bugun uylik bo‘ldi

Jamiyat 11:52 / 30.11.2018 18635

Kun.uz sayti turli xayriya aksiyalarini tashkil etish, yordamga muhtoj yurtdoshlarimizga ko‘maklashishga qaratilgan turkum ko‘rsatuv va maqolalarni o‘quvchilar e'tiboriga havola etib kelmoqda. Ularning natijasi esa quvonarli. Ya'ni, xalqimizning saxovatpeshaligi va yaxshiliklari musibat ostonasida turgan ko‘plab yutdoshlarimizning hayot yo‘lida mayoq, dardiga darmon, g‘am-anduhiga chora bo‘lmoqda. 

Kichik kulbadagi ulkan qalb egasi esingizdami? Toshkent shahri, Zangiota tumanidagi kichik bir kulbada xat-hujjatlardan nusxa ko‘chirish xizmatini yo‘lga qo‘yib kun ko‘rayotgan Murodjon Saidmahmudov haqida lavha tayyorlagan edik. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokama bo‘lgan bu lavha ortidan keyinchalik turli savollar va hatto ko‘ngilni xira qiluvchi gaplar ham chiqqandi. Biroq, shunga qaramay, Murodjon yaxshilarning ko‘magi bilan kesilgan oyoqlariga protez qo‘yish uchun Turkiyaga otlandi. U yerda bir muddat davolandi va oyoqlari uchun protez qo‘ydirdi. Shundan so‘ng, u kishi haqida biz eshitmadik. Kuni kecha esa Murod aka yangi uyga o‘tganligini, yurtdoshlarimizga yana bir bor rahmat aytmoqchiligini bildirdi. Biz bundan cheksiz quvondik va manzil sari bordik, dildan suhbat qurdik.

Mover.uz'da ko‘rish

YouTube'da ko‘rish

«Kun.uz saytida e'lon qilingan xayriya aksiyasi orqali oyoqli, uyli bo‘ldim. Alloh o‘zi sababchi bo‘lib yuborgan xayriya tashkilotchilari va unda ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimizga minnatdorchilik bildiraman.

Turkiyada uch oy mobaynida muolajalar olib, nihoyat protez qo‘ydirdim. Yurish uchun vaznimni kamaytirish ham kerak bo‘ldi, shu sabab oshqozonim uchun ham jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Shundan so‘ng O‘zbekistonga qaytdim.

Vatanga qaytgach har turli mashqlar orqali yurishni o‘rganayapman.
Shukr, hayotim sekin-sekin o‘z iziga tushyapti, hokimlik birinchi badalini to‘lab uy olib berdi. Tadbirkorlik ishim ham yurib turibdi (hujjatlardan nusxa ko‘chirish). 

Yaqinda shahar hokimligiga iltimos bilan murojaat qilmoqchiman. Oziq-ovqat do‘koni tashkil etib, xalqimizga xizmat qilish niyatidaman.

Yurtdoshlarimizga aytadiganim: hech qachon bugungi kuni bilan yashamasinlar, hayot juda qisqa, ertangi kunimizda nima bo‘lishini bilmaymiz, shu sababli faqat yaxshi amallar qilishsin, muhtojlarga yordam bersinlar. Hayotida qandaydir qiyinchilik bo‘lsa, tushkunlikka tushmay rejalar tuzib, uning ijobati sari intilsinlar. Xayriyada ishtirok etganlarga ming rahmat». 

Toshkent shahar hokimligi ko‘magi bilan yangi uy bilan ta'minlangan Murod aka bugun ko‘zida yosh bilan barchaga rahmat aytdi. U o‘tmishdagi xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, ertangi kun uchun tuzilgan yangi rejalar ijobati yo‘lida harakat qilmoqda. Uning kulbasi endi yorug‘ va shinam xonadonga aylandi.

Ko‘proq yangiliklar: