Davlat operatorlariga imtiyozlar, xususiylariga jarimalar. Internet muammosini shunday hal etishmoqchimi?

Jamiyat 17:00 / 29.11.2018 19914

21 noyabr kuni UMS uyali aloqa operatori ustav kapitalidagi davlat ulushi 100 foiz «Raqamli ishonch» jamg‘armasiga topshirilishi hamda xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqiga ega bo‘lgani (uning boshqa raqobatchilarida bunday huquq yo‘q) ma'lum qilindi. Spot.uz Beeline Uzbekistan bosh direktori Dmitriy Shukovning shu yangilikka munosabatini keltirdi.

Dmitriy Shukov
Foto: Xalqaro press-klub

Raqamli ekotizim davlat kompaniyalarining boshini silash bilan emas, bozor va keskin raqobat muhitida paydo bo‘ladi.

O‘zbekiston prezidenti o‘tgan yilning dekabrida 2018 yilni Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e'lon qilganida, biz - Beeline kompaniyasidagilar AKT sohasida texnologik va asosiysi, boshqaruvda siljish bo‘ladi, degan umidda edik.

O‘shandayoq 1999 yilda qabul qilingan «Telekommunikatsiyalar to‘g‘isida»gi qonun boshqa normativ hujjatlar bilan birga eskirgani, davlat rahbarining tashabbusi esa qonunchilik bazasi va amaliyotini zudlik bilan va tubdan yaxshilash uchun tarixiy imkoniyat bo‘lishi barchaga ayon bo‘lgandi.   

Afsuski, bugun, oradan bir yil o‘tgach, aftidan, bu imkoniyat boy berildi, deyish mumkin.

Gap hattoki to‘rtta mobil aloqa operatoridan ikkitasi davlatga tegishli bo‘lgan (UMS va Uzmobile) g‘aroyib bozor tuzilmasi haqida ham emas. Bu borada savollar yo‘q, zero bu tasodiflar to‘qnashuvi natijasida yuzaga kelgan.

Ammo regulyatorning yildan-yilga davlat operatorlariga soliq to‘lovchilar va xususiy operatorlar hisobidan imtiyoz va ustunliklar berishi tushunmovchilik uyg‘otadi.

Butun dunyoda davlat korxonalari, ayniqsa, servis sohasida, ko‘pincha past samarali bo‘lishi hech kimga sir emas: ular teng sharoitlarda ozgina natijaga erishish uchun ko‘p resurs sarflaydi.

Sanoqsiz imtiyozlardan foydalangan Uzmobile o‘tgan to‘rt yil ichida qanday natijaga erishgani haqida gapirib o‘tirmasak ham bir savolni bermaslikning iloji yo‘q: «G‘arb investorining muvaffaqiyatli biznesiga ham zarar yetkazish shunchalik zarurmi?»

Birgina o‘tgan yil davomida telekommunikatsiya va antimonopol regulyatorlar qo‘llab-quvvatlashi ostida Beeline radiochastota spektrlarining katta qismi va interkonnekt nollashtirilganidan tushgan 100 mlrd so‘mdan ortiq tushum raqobatchilar foydasiga olib qo‘yildi.

Bu Beeline ko‘proq abonentlarga xizmat ko‘rsatayotgan va chastota resurslarini samaraliroq utilizatsiya qilayotgan bir paytda yuz berdi.

Hattoki, Xalqaro elektr aloqasi ittifoqida ham tushunmovchilik uyg‘otgan go‘yoki «uxlayotgan uzatgichlar» uchun Davlat aloqa inspeksiyasi tomonidan qo‘yilgan ko‘p milliardlik jarimalar  haqida-ku eslashni ham istamayman.

Shunisi aniqki, bunday yirik miqdordagi jarimalar davlat operatorlariga emas, balki faqat xususiy operatorlarga solingan.

Shu bilan birga, bizga turli instansiyalar tarmoqni rivojlantirish uchun investitsiyalarni oshirishni tavsiya qilib kelishadi. Biz bunga e'tiroz bildirmaymiz, aksincha, soha rivojlanishiga yangi turtki beradigan yechimlarni taklif qilamiz.

Tashqi internet-kanallarga chiqishni demonopolizatsiya qilish g‘oyasini kamida bir yarim yil mobaynida aynan Beeline ilgari surgandi. Va 2020 yildan xalqaro tarmoqlarga chiqish huquqi barcha ishtirokchilarga berilishi haqidagi xabar bizda bu yo‘nalishda oldinga siljish bo‘lishiga umid uyg‘otgandi. 

Ammo UMS qator imtiyozlar bilan beg‘araz asosda «Raqamli ishonch» jamg‘armasiga topshirilishi yumshoq qilib aytganda, xavotir uyg‘otadi (UMS 2021 yil 1 dekabrga qadar muddatga telekommunikatsiya sohasida faoliyatni amalga oshirishga litsenziya berish uchun davlat boji, radiochastotalar spektridan foydalanish uchun to‘lov, shuningdek, radioelektron vositalardan foydalanish uchun ekspluatatsiya yig‘imi to‘lashdan ozod etilgan.

Bu raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida qilingani aytilgan. Ammo nima uchundir bundan to‘rt yil avval Uzmobile’ga taqdim etilgan xuddi mana shu imtiyozlar kutilgan natija bermagani haqida aytilmaydi. Nega ilgari ish bermagan usul bu safar samara beradi deb taxmin qilinmoqda?

Milliy telekommunikatsiya tarixida foydalanuvchilar internet tezligi va sifati borasida hali hech qachon Innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar yilida bo‘lganichalik norozi bo‘lishmagandi, desam adashmagan bo‘laman. 

Bu — fakt, bunga koll-markazimizga har soatda kelib tushayotgan murojaatlar asosida ishonch hosil qilmoqdamiz: odamlar nima uchun butun dunyodagilar YouTube va Facebook xizmatlaridan bemalol foydalanishayotganida, O‘zbekistonda buning uchun VPN o‘rnatish kerakligini tushunishmayapti.

Va UMS va Uzmobile’ga zudlik bilan ustunliklar taqdim etish barchani qutqarishiga bizni ishontirishmoqchimi? Xo‘sh, faqat shundagina 2021 yilga kelib O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot shakllanib qoladimi? 

Afsus bilan aytishi mumkin: shakllanmaydi. Chunki raqamli ekotizim davlat kompaniyalarining boshini silash bilan emas, bozor va keskin raqobat muhitida paydo bo‘ladi.

Davlat korxonalari uchun imtiyozlar xorijlik investorlar uchun juda yomon bo‘g‘in hisoblanadi, bu imtiyozlar xususiy sektor hisobiga berilishi esa xalqaro kapitalni ochiqchasiga sindiradi.

UMS’ning radiochastota spektridan samarasiz foydalanganlik uchun to‘lovdan ozod etilishi xuddi shu to‘lovning xususiy operatorlar uchun oshishiga olib  kelishi mumkin – davlat byudjyeti zarar ko‘rmasligi kerak axir.

Ammo paradoks shundaki, AKT faqat bozor sharoitidagina rivojlanishi mumkinligi anglab yetilmagunicha texnologik rivojlanish yillari boy berilgani uchun aynan byudjyet u yoki bu tarzda katta zarar ko‘radi. AKT sohasining rivojlanishidan foyda ko‘ruvchilar esa abonentlar va iqtisodiyot hisoblanadi.

Davlat kompaniyalariga imtiyozlar berish haqidagi qaror bekor qilinadi degan fikrdamanmi? Yo‘q.

Ammo biz Beeline’ga ham xalqaro telekommunikatsiyalar tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish huquqi berilishidan umidvormiz. Imtiyozlarsiz bo‘lsa ham — bizga imtiyozning keragi yo‘q, biz samarali ishlashga o‘rganib qolganmiz va hech qachon hech qanday imtiyoz olmaganmiz.

Ammo tashqi kanallarga chiqishda teng sharoitlarga ega bo‘lish abonentlarimizning - respublikaning Beeline’ga ishonadigan  9,5 mln nafar fuqarolari hayot sifatini yaxshilashimiz uchun zarur.

Ko‘proq yangiliklar: