«Xorazm issiqlik manbai» korxonasi ishchilari bir necha oydan beri maosh olmayapti

Jamiyat 14:00 / 28.11.2018 10381

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatidagi turar-joy binolari va ijtimoiy obektlarni issiqlik energiyasi​ bilan ta'minlovchi «Xorazm issiqlik manbai» davlat unitar korxonasi ishchilari bir necha oydan beri maosh olmayotgani haqidagi xabar tarqaldi.

Kun.uz muxbiri bu holatning sabablarini o‘rganish va xabarning haqiqatga qanchalik to‘g‘ri ekanini aniqlash maqsadida korxonaga bordi. Ammo rahbariyatdan izoh olish uchun qilingan urinishlar samarasiz ketdi. Xususan, «Xorazm issiqlik manbai» DUK rahbari Shuhrat Bobojonov bu holatga izoh berishdan qat'iy ravishda bosh tortdi. U muammoni «intervyu orqali emas, balki o‘z kuchiga tayanib hal qilmoqchi» ekanini bildirdi.

Korxona ishchilardan nima uchun qarzdor bo‘lib qolgani, buning sabablari nimada ekani haqida bosh hisobchi Sa'dulla Allaberganov ham ma'lumot bermadi. U «juda ham band» ekanini ro‘kach qilib, muammo sabablariga oydinlik kiritishni istamadi.

Bu masala bo‘yicha ishchi-xodimlar manfaatini himoya qiluvchi, korxona kasaba uyushmasi qo‘mitasi rahbari Gulnora Gapurova bilan suhbatlashdik. U baholi qudrat, o‘zida mavjud ma'lumotlarga asoslanib, savollarga javob berishga harakat qildi.

«Xorazm issiqlik manbai» korxonasida 703 nafar xodim mehnat qiladi. Ammo ularning ko‘pchiligi mavsumiy ishchilardir. Hozirgi kunda 330 nafar ishchi qolgan. So‘nggi bor ular shu yilning aprel oyida maosh olgan edi», dedi Gapurova.

Ma'lum bo‘lishicha, korxona asosan elektr energiyasi va gaz ta'minoti idoralaridan juda katta miqdorda qarzdor bo‘lib qolgan. Qarzdorlik bir necha yillardan beri to‘planib kelgan. Gap taxminan 10 milliard so‘m atrofidagi qiymat haqida ketmoqda.

«Katta miqdordagi qarzdorlik tufayli, shu yilning aprel oyida Majburiy ijro byurosi tomonidan korxonaning bank hisob-raqami muzlatib qo‘yildi. Unga tushgan mablag‘lar asosan elektr energiyasi va gazdan bo‘lgan qarzdorlikni uzishga yo‘naltirildi. Natijada, ishchilarga maosh berishning iloji bo‘lmadi», dedi Gapurova.

Iyul oyidan boshlab esa korxona elektr energiyasi va gaz tarmog‘idan ham uzilgan. Natijada, Urganch shahri va tumanlardagi ko‘plab iste'molchilar issiq suvsiz qolib ketishgan. Elektr energiya va gaz ta'minoti sovuq tushishi bilan, 1 noyabrdan boshlab tiklangan bo‘lsa-da, bank hisob-raqami ochib yuborilmagan va muzlatilgan holda qolgan.

«Oldingi yillari ham yoz oylarida ish haqidan qarzdorlik yuzaga kelar edi. Ammo isitish mavsumi boshlangach, uni bartaraf qilardik. Ulgurji iste'molchilardan tushgan mablag‘lar xarajatlarni qoplash imkonini berardi. Korxona qisman qarzlarini to‘lab, qisman maoshlarni berib borar edi. Agar hisob-raqami muzlatilmay, unga tushgan mablag‘larning yarmi qarzlarni to‘lashga, qolgan qismi maoshlarni berishga yo‘naltirilsa edi, bunday muammo bo‘lmas edi», - dedi Gulnora Gapurova.

Ma'lumot o‘rnida keltiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasiga asosan, mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas.

2018 yil sentabr oyida Gulnora Gapurova kasaba uyushmasi qo‘mitasi nomidan ishchi-xizmatchilarining maoshidan bo‘lgan 772 million so‘mlik qarzni korxonadan undirib olish maqsadida sudga murojaat qilgan. 2018 yil 1 noyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudi to‘lanmagan ish haqini undirib olish haqida buyruq chiqargan.

Ayni paytda, «Xorazm issiqlik manbai» korxonasining bank hisob-raqami ochilgan va ishchilarning maoshi navbati bilan to‘lanmoqda. Biroq, ma'lumotlarga ko‘ra, 1 oydan so‘ng, hisob-raqami yana muzlatilishi mumkin. Keyin nima yuz berishi hech kimga ayon emas.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: