Sportchi, tadbirkor, hotamtoy: Lebron Jyeyms qanday qilib 450 mln dollar pul topdi?

Light 13:31 / 27.11.2018 8915

MBAning «Klivlend Kavalers» klubi 2003 yilda Lebronni tanlab olganida u 18 yoshda edi. O‘shandayoq yigitchadan deyarli imkonsiz narsani kutishgandi: ESPN Jyeymsning maktabdagi bahslardagi ishtirokini translyatsiya qilar, Sports Illustrated jurnali esa «Tanlangan» (The Chosen One) deya uning suratini 2002 yil fevral soni muqovasiga chiqargandi. Lebron o‘yinchi, biznesmen va filantrop sifatida barcha kutganidan ham ko‘prog‘iga erishdi. Bu haqda Forbes yozmoqda.

Maydon va uning tashqarisidagi muvaffaqiyat Lebronga 450 mln dollar keltirdi. U bu boylikka nafaqat MBAdagi mo‘maygina oyligi, balki yirik reklama loyihalari va biznes tashabbuslari orqali erishdi.

Foto: EPA

Lebron haqida ESPN+ «Sportchidan ham kattaroq» nomli 8 qismli hujjatli serialni namoyish etgan. Serial Jyeyms va uning do‘stlari Maverik Karter, Rendi Mims, Rich Pol haqida bo‘lib, uni Lebron va Karterga qarashli Uninterrupted mediakompaniyasi suratga olgan.

Jyeyms MBAdagi 16 yillik faoliyati davomida faqat bir marta (2016/17 yilgi mavsum) liganing eng ko‘p maosh to‘lanuvchi basketbolchisi bo‘lgan. Ammo uning ushbu mavsumdagi umumiy daromadi miqdori 270 mln dollarni tashkil etadi — bu hozirgi o‘yinchilar orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. Lebron asosiy mablag‘ini doimo maydoncha tashqarisida topgan. Uning reklamadan topadigan yillik daromadlari ba'zan maoshidan ikki-uch baravar ko‘proq bo‘lgan. Nike Jyeymsning MBAdagi debyut mavsumidan boshlab uning eng yirik homiysi bo‘lib keladi. Kompaniyaning ilk shartnomasi 7 yilga tuzilgan bo‘lib, shartnoma summasi 100 mln dollardan ortiqroq bo‘lgan. Taqqoslash uchun: «Klivlend» bilan tuzilgan birinchi shartnomasiga ko‘ra Lebron 4 yilda 18,8 mln dollar olgan.

Lebron nomi tushirilgan krossovkalar keyingi o‘n yil davomida eng ko‘p sotilgan krossovka bo‘lgan.

Jyeyms 2015 yilda Nike bilan bir umrlik shartnoma imzolagan. Lebronning biznes menejyeri Maverik Karterning aytishicha, kompaniya unga 1 mlrd dollar to‘laydi.

Jyeyms butun professional faoliyati davomida 15dan ortiq brendni reklama qilgan. Uning reklamadan topadigan umumiy daromadi miqdori 2018/19 yilgi mavsum oxirigacha 600 mln dollarga yaqinlashadi.  

Lebronning Beats Electronics kompaniyasiga kiritgan ulushi o‘zini oqlagan, Apple 2014 yilda ushbu kompaniya uchun 3 mlrd dollar to‘lagan. 2011 yilda Fenway Sports Group (FSG) bilan hamkorlik ham daromad keltirdi. Lebron FSG guruhiga tegishli «Liverpul» klubining bir qism aksiyasiga ega bo‘ldi. O‘shandan buyon klub narxi 552 mln dollardan 1,9 mlrd dollarga yetdi.

2017 yilda Lebron Blaze Pizza startapida qatnashish uchun McDonald’s bilan 15 mln dollarlik shartnomadan voz kechdi. ESPN ma'lumotiga ko‘ra, hozirda Blaze Pizza eng tez rivojlanayotgan restoranlar tarmog‘i bo‘lib, Jyeyms va uning hamkorlarining investitsion ulushi 1 mln dollardan 25 mln dolarga yetgan. Bundan tashqari, Lebron Chikago va Janubiy Floridadagi franshiza egasi hisoblanadi.

Lebron 2018 yil yozida Los-Anjyelesga («Leykers»ga) erkin agent sifatida ko‘chib o‘tdi. Bu uning prodyuserlik loyihalari uchun muhimdir. 2015 yilda Time Warner’dan 15,8 mln dollar investitsiya olgan Uninterrupted kompaniyasidan tashqari, Jyeymsning xususiy SpringHill Entertainment kompaniyasi ham bor. Kompaniya The Wall va Survivor’s Remorse kabi ko‘rsatuvlarni tayyorlagan bo‘lib, hozirda House Party filmini suratga olmoqda.

Foto: AP

Lebronga qarashli xayriya fondi 2011 yilda I Promise loyihasini yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, dastur orqali Jyeyms tug‘ilgan Akron shahridagi davlat maktablarida o‘quvchi 1300dan ortiq o‘quvchilar qo‘llab-quvvatlanadi. Agarda kollejga o‘qishga kirishsa, ularga stipendiya to‘lanadi.

Bu yil esa Lebron I Promise doirasida Akronda 40 mln dollar sarflab o‘zining birinchi umumta'lim maktabini ochdi.  Bu yerga 249 nafar 3- va 4-sinf o‘quvchilari qabul qilinadi. Maktabda o‘qish (liboslar, ovqatlanish, ikki mil masofada velosiped va avtobus xizmati ham) bepul. Bundan tashqari, maktab bitiruvchilari Akron universitetida  o‘qishni davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.

Lebron maqsadi milliarder bo‘lish haqida ko‘p bor aytgan. Va u hozirda maqsadining yarmiga erishdi.

Ko‘proq yangiliklar: