Braun universiteti tadqiqotchilari falaj bo‘lib qolgan uch nafar insonga smartfon va planshetda ayrim ishlarni bajarishga imkon beruvchi miya va kompyuterni bog‘laydigan interfeys yaratishdi. Ular interfeys yordamida boshqalar bilan suhbatlashishdi, internet orqali xarid qilishdi. Bularning bari fikr yordamida bajarildi.
BrainGate interfeysi bosh miya po‘stlog‘iga joylashtirilgan kichik uzatgich orqali neyron faolligini qayd etadi. Tadqiqot ishtirokchilari interfeys yordamida elektron pochta, messenjer, audio va videopleyerdan foydalana olishdi. Tajriba vaqtida ularning miyasi Bluetooth orqali planshetga ulandi.
Ishtirokchilardan biri hattoki fikr kuchi bilan raqamli pianinoda Betxovenning “Quvonch qasidasi” musiqasini chaldi. BCI interfeysi barmoqlar harakati haqida o‘ylash orqali ilova va buyruqlarni boshqarish imkonini beradi, BrainGate uzatgichi miya signallarini kuzatib turadi. U shuningdek, robotlashgan protezlarni boshqarish imkonini ham beradi.