Fermerlarni kaltaklagan tuman IIB rahbarining ozodligi ikki yilga cheklandi

Jamiyat 14:39 / 24.11.2018 117303

23 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Urgut tuman sudida sudya Akmal Ahmadovning raisligida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida Qashqadaryo viloyat Qarshi tuman IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan chog‘ida sodir etgan jinoyati uchun Jahongir Rajabovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

J.Rajabov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan ayblangan.

Chunonchi, J.Rajabov Qarshi tumanidagi III sektor rahbari sifatida kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mas'ul bo‘lsa-da, ushbu vakolatlaridan zo‘ravonlik va boshqa g‘arazli niyatlarda foydalangan.

2018 yil 12 iyunda tuman hokimligida davlatga g‘alla topshirish rejasini bajarmagan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda o‘zi rahbarlik qilgan III sektorda joylashgan bir necha fermerlarni muttasil kaltaklab kelgan. Jumladan, tumandagi «Olim-Oybek-Dildora» f/x rahbari A.Nazarov, «Zulfiqor bobo nabirasi Bahodir» f/x rahbari B.To‘rayev hamda «Toshev Muxtor Eshdavlat o‘g‘li» f/x rahbari B.Toshev «Abdug‘ofurov Muhammad Rahmatullayevich» f/x rahbari R.Xo‘jaqulov, «Nozimbek-Atham-Og‘abek» f/x rahbari Sh.Babanov, «Zoir ota o‘g‘li Abdusalom» f/x rahbari S.Zayirov, «Cho‘libo‘ston ko‘rki» f/x rahbari A.Qorjovov, «Jaloliddin Ozodbek Sevinch» f/x rahbari M.Toshev, «Norpulat bobo o‘g‘li Bashir» f/x rahbari I.Ostonovni g‘alla rejasini bajarmayotganligini ro‘kach qilib, qonunga xilof ekanligini bila turib, mansab vakolati doirasidan chetga chiqib, qasddan ularning yuz qismlariga qo‘llari bilan urib, oyoqlari bilan tepib, haqorat qilganligi oqibatida fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan.

Bundan tashqari, J.Rajabov 2018 yil 12 mayda Qarshi tumani «Charag‘il» mahallasida joylashgan paxta qabul qilish maskanida fermer xo‘jaligi rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda tumandagi «Nafisa-Munisa-E'zoza» fermer xo‘jaligi rahbari Nafisa Kenjayeva undan ushbu sektor rahbari sifatida suv berilishiga amaliy yordam ko‘rsatishini so‘raganida, mansab vakolatidan chetga chiqib, qasddan uning yuziga ikki-uch marta qo‘llari bilan urib, uning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan.

Sudlanuvchi J.Rajabov sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, nomlari tilga olingan fermer xo‘jaliklari raislarini yaqindan tanimasligi, ular g‘alla rejasini bajarmaganliklari sababli rejani bajarishni talab qilganligini va ayrim holatlarda ularni jahl ustida bir ikki shapaloq urganligini tan oldi.

Xususan, «Nafisa-Munisa-E'zoza» fermer xo‘jaligi rahbari Nafisa Kenjayeva bilan bog‘liq holat yuzasidan quyidagilarni gapirib bergan:

2018 yil 12 may kuni tumanning Charag‘il qishlog‘idagi paxta qabul qilish punktida fermer xo‘jaligi rahbarlari bilan tuman hokimi G‘.Begaliyev boshchiligida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishga N.Kenjayeva kechikib kelib, o‘zini nima sababdan yig‘ilishga aytilmaganligini so‘rab, to‘satdan unga qarab «o‘g‘ri, muttaham poraxo‘r», degan so‘zlar bilan haqorat qila boshlaydi.

U N.Kenjayevaga o‘tirib turishini, yig‘ilish yakunida gaplashib, muammosini hal qilib berishini tushuntiradi, lekin ayol yig‘ilishda o‘tirmasdan, to‘g‘ri uni oldiga kelib, «o‘tirmayman, nima gaping bor, qo‘lingdan kelsa meni o‘tirg‘iz», deb gapiradi. J.Rajabov uni o‘tirmasa tik turib yig‘ilishda qatnashib turishini aytadi, shunda u «menga nimaga buyruq berasan, sen kimsan, seni qo‘lingdan nima keladi, ura olasanmi ur, ursang senga ko‘rsataman», deya jazavaga tusha boshlaydi, unga yaxshi muomala qilib, tinchlantirmoqchi bo‘lsa-da, N.Kenjayeva oldiga kelib, egnidagi xizmat kiyimining o‘ng yelkasidagi pogonini qo‘li bilan ushlab, tortib yulib oladi.

Yig‘ilishda qatnashayotgan Charag‘il hududi profilaktika inspektori R.Abdullayev uni ajratib, tinchlantirish uchun chetga olib chiqadi va ushbu holat bo‘yicha N.Kenjayevaga nisbatan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtiriladi va u tuman IIBga olib borilib, sudgacha ushlab turiladi.

J.Rajabov o‘sha kuni N.Kenjayevani odamlar oldida unga hurmatsizlik qilganligi sababli haqiqatdan ham yuziga bir-ikki shapaloq urganini tan olgan. Xullas, shundan so‘ng N.Kenjayevaga nisbatan profilaktika inspektori R.Abdullayev hujjatlarni to‘plab ma'muriy sudga yuborgan.

Keyinchalik materialni sudda ko‘rilganligi natijasidan J.Rajabovning xabari yo‘q ekan. U o‘sha kuni yig‘ilishda qolgan, profilaktika inspektori R.Abdullayev N.Kenjayevani tuman IIBga olib ketganidan so‘ng kechqurun tuman IIBga qaytib kelib, R.Abdullayevdan nima bo‘lganligini so‘raganida u unga barcha hujjatlarni rasmiylashtirganligini, N.Kenjayevani ma'muriy tartibda ushlab turish haqidagi bayonnomaga asosan VSX (vaqtinchalik saqlash xonasi)ning ma'muriy kamerasiga joylashtirganligini va N.Kenjayevaga nisbatan bo‘lgan materialni sudga olib chiqishini aytadi.

Ertasiga — 13 may kuni ertalab N.Kenjayeva uni xizmat xonasiga kirganligini va unga navbatchilik qismiga topshirgan qo‘l telefonidagi yozuvlar o‘chirilganligini va flesh kartasi olib tashlanganligini bildirganligini, shunda u R.Abdullayevni chaqirib, «agarda N.Kenjayevaning telefoniga tegingan bo‘lsang o‘z holatiga keltirib qo‘ygin» deb aytadi. Keyinroq unga navbatchilik qismi qo‘ng‘iroq qilib, IIBga olib kelingan N.Kenjayevaning sog‘lig‘i bo‘lmayotganligini yetkazadi shunda u «tez tibbiy yordamni chaqiringlar», deb aytadi. N.Kenjayevani IIB xodimlari urmaganini bildirib o‘tgan.

Sudda J.Rajabov fermer xo‘jaliklari rahbarlarini o‘z shaxsiy manfaati uchun urmaganligini, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonda ekanligini, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qancha miqdorligini aytsa u to‘lab berishini bayon qilib, adolatli qaror qabul qilishni so‘radi.

Jabrlanuvchi Nafisa Kenjayeva sud majlisida (va hukm o‘qilganidan so‘ng KUN.UZ muxbiriga ham) voqea yuzasidan quyidagilarni hikoya qilib berdi:

«Nafisa-Munisa-E'zoza» fermer xo‘jaligini rahbari sifatida, g‘allaga suv yetkazib berishni so‘rab 2018 yil 12 may kuni tuman hokimiga telefon qilganida, u tumanning Charag‘il qishlog‘idagi paxta qabul qilish maskanida bo‘layotgan yig‘ilishga yetib kelishini aytadi.

U yetib borgach u yerda ko‘p fermerlar yig‘ilganini ko‘radi va «Charag‘il» MMTP raisi Sh.Qiyomovdan nimaga uni yig‘ilishga aytishmaganini so‘raganda uning gaplarini eshitib turgan hudud profilaktika inspektori R.Abdullayev unga «kelgan bo‘lsang qisib o‘tir, aytmasak ham kelibsan-ku?» deydi. Unga javoban ayol «qo‘pollashmang» deganda R.Abdullayev oldiga kelib chap yelkasiga bir marta uradi.

Shunda N.Kenjayeva joyidan turib tuman IIB boshlig‘i J.Rajabovga yuzlanib, R.Abdullayev uni urayotgani, suv so‘rab kelgani uchun shunday qilayotganini aytib, sektor rahbari sifatida fermer xo‘jaligiga suv yordam qilishini so‘raydi. J.Rajabov esa «badimga urding-ku, buncha shikoyat qilasan, sendan boshqa odam yo‘qmi?» deb, profilaktika inspektoriga «olib borib, qama» deydi. Profilaktika inspektori R.Abdullayev darhol uning qo‘llarini orqaga qayiradi, shunda N.Kenjayeva «qamashga ruxsatnoma bormi?» deb talab qila boshlaydi. J.Rajabov uning oldiga kelib, 2–3 marta uning yuziga shapaloqlab urib tashlaydi, natijada N.Kenjayevaning pastki labi ichidan yirtilib qonaydi.

J.Rajabov xodimi R.Abdullayevga «olib borib qama», deb yana topshiriq bergach R.Abdullayev uni mashinaning orqa o‘rindig‘iga majburlab o‘tirg‘izib, tuman IIBga olib kelib, IIB navbatchisining to‘g‘risidagi kameraga kiritib qamab qo‘yadi. Navbatchi J.Jo‘rayev ayolning qo‘lidan telefonini olib qo‘yadi, R.Abdullayev kameraga uni oldiga kirib 2–3 marta oyog‘i bilan tepadi, boshiga musht tushiradi va 3 yilga qamatib yuborishini aytib chiqib ketadi.

Birozdan so‘ng N.Kenjayevaning tobi qochadi va tez tibbiy yordam chaqiriladi. Shifokorlar ketayotganida navbatchi J.Jo‘rayev ularga «boshliqqa chiqinglar, ma'lumotnoma berishlaring kerak, qanday ma'lumot berishni o‘zlaring bilasizlar-ku?!» deb aytadi. Shifokorlar ketgach, uni yana kameraga tiqishadi. Och qolganda taom va suv berishmaydi. Bu orada R.Abdullayev yana kameraga kirib kelib, boshiga 2-3 marta uradi, yiqilgach tepadi va N.Kenjayeva hushidan ketadi.

Hushiga kelganda oldida 2 ta unga notanish shifokorlar tibbiy yordam ko‘rsatib turishganini ko‘radi. Shifokorlar ayolning ahvoli og‘irligini aytib, uni shifoxonaga olib ketmoqchi bo‘lishganda, VSX boshlig‘i A.Hidoyatov olib ketishga ruxsat bermaydi. Garchi IIB xodimlaridan biror kishi bemorni kuzatib borishi so‘ralganida ham.

Ertasi kuni (13 may) soat 9 larda N.Kenjayevani IIB boshlig‘i J.Rajabovning oldiga olib chiqishadi, boshliq undan o‘ziga kelib qolgani va ahvolini so‘raydi va u uyiga ketishi uchun ruxsat beradi. Chiqib A.Hidoyatovdan telefonini so‘raganida, telefonini R.Abdullayev olib ketganligini aytadi.

Birozdan so‘ng R.Abdullayev kelib telefonini beradi, biroq uning ichidagi barcha yozuvlar o‘chirib yuborilgan va ichidagi 16 Gbli fleshkasi olib qo‘yilgan bo‘ladi. Ayol buning sababini so‘raganida R.Abdullayev yana N.Kenjayevaning yuziga bir shapaloq uradi, bu holatga A.Hidoyatov guvoh bo‘ladi. Ayol J.Rajabovning oldiga chiqib, R.Abdullayev telefonidagi ma'lumotlarni o‘chirib tashlaganligini, yana urganligini, uning ustidan arz qilishini aytadi. J.Rajabov R.Abdullayevni chaqirib, ayoldan kechirim so‘rashini talab qiladi, lekin R.Abdullayev kechirim so‘ramaydi va boshliqning tushuntirish xati yozib berish talabini ham bajarmaydi.

A.Hidoyatov ayolni uyiga eltib qo‘yadi. Shundan so‘ng Nafisa Kenjayevaning o‘t pufagi xuruj qilib kasalxonaga tushadi va o‘t pufagini operatsiya qilib olib tashlashadi. Nafisaning onasi Ch.Toshqulova Qarshi tuman IIB boshlig‘i J.Rajabov va profilaktika inspektori R.Abdullayev qizini urganligi holati bo‘yicha Qashqadaryo viloyat IIB va viloyat prokuraturasiga 2018 yil 14 mayda ariza beradi biroq viloyatdagi huquq-tartibot organlari onaning arizasini javobsiz qoldirishadi.

Sud Jahongir G‘apporovich Rajabovga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan JKning 45-moddasi tatbiq etilib, 3 (uch) yil muddatga korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda va ichki ishlar organlari tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 (ikki) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng J.Rajabovga yashash joyini hukmning ijrosini nazorat qiluvchi organ ruxsatisiz o‘zgartirmaslik, muayyan joylar — kafe va barlarga bormaslik, spirtli ichimliklar iste'mol qilmaslik, Qashqadaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaslikdan iborat cheklovlar yuklatildi.

Sudga Qashqadaryodan jabrlanuvchilardan faqat N.Kenjayeva kelgan. A.Ahmadovning aytishicha, qolgan jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari Qarshi tumanida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida eshitilgan.

Sud tugagach, N.Kenjayeva KUN.UZ muxbiriga hukmdan mutlaqo norozi ekanligini bayon qildi. Chunonchi, J.Rajabovga o‘ta yengil jazo tayinlangani, ayol kishiga qo‘l ko‘tarib, uni urib og‘ir dardga mubtalo qilgan profilaktika inspektori R.Abdullayev hech qanday javobgarlikka tortilmaganini, bemalol ishlab yurganini aytib o‘tdi. R.Abdullayev shu kunlarda «yugurib, chopib qo‘lingdan nima keldi, mana?» deb uning asabiga ham tegayotganini aytib o‘tdi.

N.Kenjayeva albatta sud hukmi ustidan shikoyat qilishini, shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga J.Rajabov va R.Abdullayev tomonidan o‘ziga yetkazilgan ma'naviy va moddiy (davolanishi va operatsiya uchun ketgan xarajatlar) zarar uchun da'vo arizasi kiritishini bildirdi.

Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZ muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: