O‘zbekistonda is gazini aniqlaydigan maxsus moslama ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi: uning afzalligi nimada?

Fan-texnika 03:35 / 23.11.2018 35201

Sovuq kunlar yaqinlashishi bilan tabiiy gaz ta'minoti sust bo‘lgan hududlarda aholining issiqlik energiyalari, elektr tokiga bo‘lgan talabi keskin ko‘payadi. Bu davrda fuqarolarning kuz-qish mavsumidan talofatlarsiz, eson-omon chiqib olishlari juda muhim hisoblanadi. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 2018 yil 15 noyabrigacha O‘zbekistonda is gazi bilan bog‘liq jami 31 ta  noxush holat qayd etilgan. Ushbu holatlarda 101 nafar fuqarolar jabr chekkan, yana 48 nafari vafot etgan. Is gazidan zaharlanish holatlari asosan aholi zich hududlar: Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Samarqand viloyatlarida kuzatilmoqda.  

Kun.uz is gazidan jabr ko‘rganlar haqida muntazam ma'lumot berib, holatni monitoring qilmoqda. Hukumat ayanchli vaziyatlarni kamaytirish, oldini olish borasida qat'iy choralarni qidirmoqda. 

Masalaga yechim sifatida Namangan shahrida havoda is gazi va tabiiy gaz miqdorini aniqlaydigan maxsus moslama ishlab chiqarilmoqda. Bu aholini mavsumdan sog‘-omon o‘tib olishlarini ta'minlashda yana bir samarali yechim bo‘lishi kutilmoqda. 

“Aholini is gazidan zaharlanish va yong‘inning oldini olish” MChJ rahbari Husanboy Yunusovning aytishicha, xorijda ham aholi bu turdagi apparatlardan keng foydalanadi. O‘zbekistonda esa hali ushbu innovatsiya yo‘q edi.

“Mavjudlari ham chet eldan qimmat narxda import qilinadi. Shuning uchun xalqimizda bunaqa qurilma haqida deyarli tushuncha yo‘q. Uning afzalliklari haqida gapirishdan avval bahosini tushirish kerak. Buning uchun mahsulot ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish kerak edi. 

G‘oya 5 yil oldin paydo bo‘lgan. Prezident virtual qabulxonasi ochilgandan keyin o‘z takliflarimni berganman. Tadbirkorlarga ham o‘z tashabbusimni aytganman. Joriy yilda viloyatimizga Prezident tashrif buyurganida ham ushbu loyihani qo‘llab-quvvatladi va mana, shuning natijasida qurilma ommaviy ravishda 1 noyabrdan boshlab ishlab chiqarilyapti”, - deydi u.

Ishlab chiqaruvchi mahsulotni Janubiy Koreya texnologiyasi va tajribasini o‘rgangan holda tayyorlashini bildirdi. 

“Korxonamiz xodimlari u yerda ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, o‘z bilimlarini oshirib qaytishdi. Maxsus uskunalarni koreys hamkorlarimizdan sotib olib,  3 yillik tajriba-sinovlardan so‘ng (korxona 2015 yilda tashkil topgan) Namanganda ishlab chiqarishni boshlab yubordik. 

“HOME GS” deb ataluvchi maishiy universal himoya gazosignalizatori  yonuvchi metan, propan va zaharli is gazlarini avtomatik ravishda sezadi va belgilangan miqdordan ortib ketganda maxsus klapan orqali gazni tarmoqdan uzib qo‘yadi. Qurilma sizib chiqayotgan gaz xavfi bartaraf etilgunga qadar ogohlantiruvchi ovozli signal berib turadi. Qurilma elektr energiyasi yo‘q bo‘lgan taqdirda xam 12 soat mustaqil elektr energiyasiz uzluksiz ishlay oladi. “HOME GS” gazosignalizatoridan axoli yashash uylari, barcha ijtimoiy-iqtisodiy obektlar,  ko‘p qavatli uylar, issiqlik stansiyalari, sanoat korxonalari xamda barcha gaz qurilmalaridan foydalanadigan  obektlarda keng foydalanish mumkin”, - deya qo‘shimcha qiladi u.

Is gazi haqida nimalarni bilamiz?

Is gazi (SO) rangsiz, hidsiz, zaharli birikma bo‘lib,  yoqilg‘i, ko‘mir, o‘tin cho‘g‘lari, tabiiy gaz butunlay yonmasligi natijasida yuzaga keladi. Ushbu modda inson organizmiga nafas yo‘llari orqali ta'sir qiladi. U gemoglabin bilan kislorodga nisbatan 300 marta kuchli birikma – karboksigemoglabinni hosil qiladi. Oqibatda gemoglabinning to‘qimalarga kislorod tashish qobiliyati susayadi va bu gipoksiya (kislorod yetishmasligi), og‘ir holatlarda esa anoksiyaga olib keladi. Shu tariqa inson hayotiga nuqta qo‘yilishi mumkin.

Muhabbat Ma'mirova

Ko‘proq yangiliklar: