KUN.UZ fotojamlanmasi: «Yandeks»ning Moskvadagi ofisi bo‘ylab sayohat

Fan-texnika 23:24 / 23.11.2018 15147

«Yandeks» Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Rossiya transmilliy kompaniyasi bo‘lib, dunyoning bir necha mamlakatida Tarmoqdagi qidiruv tizimi, internet portallari va xizmatlariga ega.  Kompaniya asoschilari – Arkadiy Voloj va Ilya Segalovich.

Kompaniya qidiruv so‘rovnomalarini qayta ishlash soni bo‘yicha qidiruv tizimlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.

2018 yil sentabr oyi holatiga ko‘ra, «Yandeks» mashhurligi bo‘yicha dunyoda – 21, Rossiyada esa 1- o‘rinni egallaydi. Kompaniyaning ustuvor yo‘nalishi – qidiruv mexanizmini ishlab chiqish, biroq bugunga kelib u multiportalga aylangan bo‘lib, 50 dan ortiq xizmat turlarini taqdim etadi.

«Yandeks»ning Moskvadagi ofisi kompaniyaning shtab-kvartirasi hisoblanadi. Kompaniyaning aksariyat mahsulotlari aynan shu yerda ishlab chiqiladi, aynan shu yerda tashqi dunyo bilan aloqalar o‘rnatiladi.

Ishlab chiquvchilar, menejyerlar, dizaynerlar, marketologlar, tahlilchilar va boshqa mutaxassislarning bari shu 50 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda faoliyat yuritadi.

Ofisga kiraverishda eng avvalo bosh resepshnga ko‘zingiz tushadi. Uning yonida «Yandeks.Taksi» kompaniyasi xizmatlaridan birini taqdim etuvchi terminal mavjud. Kompaniyaning bunday xizmatlari 50 dan ziyod. Masalan, «Yandeks.Poisk», «Yandeks.Karty», «Yandeks.Probki», «Yandeks.Dengi», «Yandeks.Market».

Resepshnda «Men mehmonman» yozuvi tushirilgan maxsus beyjga ega bo‘lasiz va bu sizga Rossiyaning eng yaxshi IT-kompaniyasi bo‘ylab bemalol harakatlanish imkonini beradi.

«Yandeks» ofisining eng o‘ziga xos jihati – qulaylik muhiti. Bu yerda deyarli o‘tkir burchaklar yo‘q, ranglar yorqin, lekin ko‘zni charchatmaydi. Bunday muhit nafaqat qulaylik uchun kerak. Gap shundaki, «Yandeks» ofisi kunu tun ishlaydi, ba'zi xodimlar esa kechqurun ishga keladi. Shuning uchun kompaniya ishchilari uchun ofis ikkinchi uy hisoblanadi, kimlar uchundir hatto birinchi...

Bu yerda bino bo‘ylab navigatsiya qiziq tashkil etilgan. Yirik bo‘limlar butun bir qavatni band qilishi mumkin – masalan, Qidiruv, Xarita va Pochta jamoalari, tijorat departamenti va «Yandeks.Dengi».

Ofisda barcha xodimlar bir-biriga xalaqit bermay, ishlarni muhokama qilishi uchun o‘nlab muzokaralar xonalari tashkil etilgan — kichik muzokaralar xonalaridan to anjumanlar zaligacha. Ularda «Yandeks»ning anjumanlari, seminarlari va ma'ruzalari o‘tkaziladi. Muzokaralar xonasi nomidan uning taxminan qayerda joylashganini tushunish mumkin. Masalan, 7-qavat xaritasi: “7 gnom”, “7 samo”, “7 tepalik” va h.k. Binoning ba'zi qavatlari o‘z rangiga ega bo‘lib, muzokaralar xonalari nomi ham shunga muvofiq: “Olovrang tuya”, “Yashil no‘xat”.

Ofisda o‘simliklar juda ko‘p. Kompaniyada hatto ularning parvarishiga javob beruvchi mas'ul xodimlar ham bor. Bu yerda o‘simliklarga juda ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishadi, har bir barg artiladi. Butun ofis yam-yashil installyatsiyalarga to‘lgan, bu esa xodimlar uchun qo‘shimcha qulaylikdir.  

Balkondan Moskvaning ajoyib manzarasini tomosha qilib, zavq olish mumkin, istovchilar uchun maxsus binokl ham o‘rnatilgan.

«Yandeks» binosida dam olish xonalari talaygina, bu yerlarda tamaddi qilish va qahva yoki choy ichish mumkin. Ofisdagi barcha qahva-mashinalari brendlashtirilgan bo‘lib, bizga qanday kompaniyada ekanimizni eslatib turadi.

Ofis binosining birinchi qavatida oshxona bor. Har bir xodim bu oshxonada ovqatlanish uchun muayyan summadagi mablag‘ga ega bo‘ladi. Agar ishchi belgilangan summa chegarasidan tashqariga chiqsa, u holda qo‘shimcha to‘lov kiritadi. Biroq belgilangan summaning o‘zi ham kam emas, uning chegarasidan chiqish uchun ishtaha haddan tashqari karnay bo‘lishi kerak.

Ko‘pchilik «Yandeks»ga ishga kirish juda qiyin deb o‘ylaydi. Aslida esa kompaniyada vakansiyalar talaygina va bilimli  mutaxassis uchun bu yerga ishga joylashish muammo tug‘dirmaydi. Ishga joylashishga oid e'lonlarni korporativ sayt va rekruting portallarda topish mumkin. Shuningdek «Yandeks» o‘zining menejyerlar va ma'lumotlarni tahlil qilish maktablarini ochgan. Ularni tugatganlar kompaniyaga ishga joylashish uchun ajoyib imkoniyatlarga ega.

«Yandeks»da ishga kirmoqchi bo‘lgan har bir nomzod dastlab test sinovidan o‘tadi. Agar natijalar kompaniya vakillariga ma'qul kelsa, nomzod suhbatlar seriyasiga taklif qilinadi. Bu bosqich ham muvaffaqiyatli kechsa, yangi xodimni kompaniyaga moslashtira boshlashadi. Buning uchun kompaniyada alohida xodimlar faoliyat yuritadi. Moslashtirish jarayoni ishga chiqishdan avval boshlanadi. Yangi xodimga noutbuk beriladi, ish boshlash uchun qulay kun belgilanadi. Boshqa kompaniyalarda ish kuni odatda dushanbadan boshlansa, «Yandeks»da aksincha.

Moslashuv bilan bog‘liq muammolar kamdan-kam yuzaga keladi, ofisda muhit deyarli oiladagi kabi.

Ofisning qayerida ishlashingizdan qat'i nazar, bajarayotgan ishingiz samarali bo‘lsa bo‘lgani.

«Yandeks» ofisi intereri odamlar uchun maksimal darajada qulay va ochiq. Devorlarda hatto chizish, yozish va ijod qilish mumkin. Umuman ofis devorlarini xohishga ko‘ra jihozlash mumkin.

Kompaniya shaxsiy kutubxonasiga ega, lekin kutubxonachi yo‘q. Beyjni qo‘yib, o‘zingizga yoqqan kitobni olib o‘qishingiz mumkin.

Xodimlar ish o‘rnini o‘ziga moslashtirishi, o‘z didlariga ma'qul keluvchi jihozlar va o‘simliklarga buyurtma berishlari mumkin. Ba'zilarning hatto jonivorlari ham bor — tritonlar, toshbaqalar va hatto ilon ham.

Ofis intereri ko‘zlaringizni quvontiradi.

Kompaniyada asosiy muloqot vositasi — pochta. «Yandeks»da ish, xobbi, qiziqishlar bo‘yicha ichki jo‘natmalar ko‘p. Xodimlar o‘z ishi va hayoti haqida yozib boruvchi ichki bloglar servisi mavjud.

«Yandeks»da treninglar, seminarlar, kurslar va to‘garaklar juda ko‘p. Xodimlar ish yuzasidan yoki shunchaki o‘zlari uchun xorijiy tillarni o‘rganishlari mumkin.

Ofisda arfa, gitara va boshqa musiqiy asboblarni chalishni o‘rgatuvchi to‘garaklar bor. Buning uchun cherdakda maxsus musiqiy xona bor. Shuningdek snuker uchun stollar ham bor.

Sportga kompaniyada katta e'tibor qaratiladi. Trenajyor zali, massaj saloni, yoga va raqslar uchun zal — ortiqcha vazn to‘planishi oldini olish uchun hamma narsa bor. Yoz oylarida kompaniyaning aksariyat xodimlari ishga velosipedda kelib ketishadi. Ofis yonida 300 o‘rinli velopark mavjud. 

Ofisda hordiq chiqarish uchun ko‘pchilikka sevimli bo‘lgan “gamak”, shaxmatlar ham bor.

«Yandeks»ning 8854 nafar xodimi ana shunday ajoyib sharoitlarda faoliyat yuritadi. Ehtimol, ularning samarali faoliyati aynan shunday qulay va ko‘zni quvontiradigan sharoitlarga ham bog‘liqdir. 

Xullas, «Yandeks»da korporativ madaniyat yuqori darajada, barchasi mayda detallargacha o‘ylangan va umuman, kompaniya ko‘p jihatdan o‘rnak olish uchun arzigulik.

Ko‘proq yangiliklar: