Kattaqo‘rg‘ondagi Enamyaxshi qishlog‘ida havo ifloslantirilmoqda. Mutasaddilar chora ko‘rishga va'da berdi

Jamiyat 12:00 / 23.11.2018 25656

«Kun.uz» tahririyatiga Kattaqo‘rg‘on tumani, «Melixo‘ja» mahallasidagi Enamyaxshi qishlog‘i aholisidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatda qishloq atrofida g‘isht va ohak ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bir nechta korxonalar mavjudligi, ularda yoqilayotgan ko‘mir va rezina ballonlaridan tarqalayotgan tutun havoni ifloslantirayotgani, bu esa qishloq aholisini qiynab kelayotgani bayon etilgan.

Ushbu murojaat joyida o‘rganildi.

Ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham qishloq atrofida bir nechta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ulardan chiqayotgan zaharli havo esa qishloq aholisining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

«Bizning uyimiz ohak ishlab chiqaradigan korxonaga yaqin joylashgan. Ko‘mir va rezina ballonlar yoqishadi. Unda chiqayotgan zaharli havo esa nafas olishni qiyinlashtiradi. Kechasi uxlolmaymiz, ko‘zlarimiz achishadi. Shu zaharlangan havodan nafas olmasin, deb nevaralarimni ham hovliga chiqarmayman. Bu muammoni hal etadigan biror idora yoki tashkilot bormi?», – deydi 72 yoshli otaxon Ashir Qo‘chqorov.

Qishloq aholisi yana bir qancha e'tirozlarini bayon etishdi. Ularning aytishicha, ushbu korxonalar qishloq hududida bo‘lsa-da, ularga biror foydasi yo‘q. Qishloqdan biror kishini ishga ham qabul qilmaydi. Korxonalardan chiqayotgan zaharli havo esa qishloqda turli kasalliklar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zini qishloq oqsoqoli deb tanishtirgan H.Xushnazarov ham bu borada fikrlarini bildirdi.

«Tadbirkorlikka hech qanday qarshiligimiz yo‘q. Shu yerda ishlab chiqarish korxonalari qancha ko‘paysa, shuncha xursand bo‘lamiz. Ammo buni belgilangan me'yorlarga amalga qilgan holda qilish kerak. Ko‘rib turganingizdek, g‘isht va ohak ishlab chiqarayotgan korxonalar pechlarida birorta mo‘rikon yo‘q. Tutun va achchiq hid to‘g‘ridan-to‘g‘ri havoga tarqalmoqda. Yozning issiq kunlarida bunga chidab bo‘lmaydi. Bu muammo bir-ikki yildan buyon butun qishloq aholisini qiynab kelmoqda», – deydi H.Xushnazarov.

Ushbu e'tirozlarni o‘rganish uchun qishloq aholisi turarjoylariga yaqin joylashgan «Samarqand taraqqiyot» MChJga qarashli ohak ishlab chiqarilayotgan pechlarni borib ko‘rdik.

Bu yerda haqiqatan ham rezina ballonlar va ko‘mir yoqilmoqda. Pechlarda mo‘rikonlar yo‘q.

Mazkur holat yuzasidan «Samarqand taraqqiyot» MChJ rahbari Shermuhammad Qobilovdan izoh so‘radik.

«Ushbu korxona faoliyatini yaqinda yo‘lga qo‘ydik. Hali ohak pishirishga mo‘ljallangan pechlarning hammasini ishga tushirmadik. Sinov tariqasida ishlatyapmiz. Yaqinda xorijdan zamonaviy texnologiyalar xarid qilamiz. Shunda havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammolar ham hal etiladi», – deydi Sh.Qobilov.

Qishloq aholisini qiynayotgan mazkur muammo yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligida tuman hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari N.Sanaqulov, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tuman vakili J.Ahmedov bilan uchrashdik. Mutasaddilarga qishloq aholisining e'tirozlarini yetkazdik.

«Qishloq atrofidagi korxonalar qishloq havosini ifloslantirayotganidan xabarimiz yo‘q. G‘isht ishlab chiqarayotgan korxonalarda Xitoy texnologiyasi o‘rnatilgan. Undan zaharli havo chiqishi mumkin emas. Ohak ishlab chiqarayotgan korxonadagi holatni ham o‘rganamiz. Aholi e'tirozlari tasdig‘ini topsa, zarur chora-tadbirlarni amalga oshiramiz», – deydi N.Sanaqulov.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tuman vakili J.Ahmedov ham vaziyat o‘rganilishiga va'da berdi.

Shu kuni mutasaddilar aytilganidek, holatni joyiga borib o‘rgandi. Tuman hokimi o‘rinbosari N.Sanaqulovning ma'lum qilishicha, belgilangan me'yorlarga javob bermagani uchun ohak ishlab chiqarayotgan korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, tuman mutasaddisi mutaxassislar ishtirokida o‘rganish ishlari davom etishini, qishloq aholisini qiynayotgan muammoni hal etish uchun zarur choralar ko‘rilishini bildirdi.

«Kun.uz» tahririyati ham bu muammo ijobiy yechim topishiga umid bildiradi va voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: