Shu kunlarda Telegram messenjeri va ijtimoiy tarmoqlarda yoshi taxminan 20–25 yoshlar atrofida bo‘lgan ikki qiz ko‘chada, jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimasdan, behayolarcha yo‘l chetida o‘ynab, noma'lum avtomashinaning old kapotiga yotib olib, harakatlanib ketayotgani holati tasvirlangan video tarqaldi.
Video Samarqand viloyati hududida tasvirga olingani ma'lum qilingandi.
Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasining KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on shahar IIB xodimlari tomonidan tezkor tekshiruv ishlari olib borilgan.
«Tekshiruv ishlari natijasida 2018 yilning 13 noyabr kuni soat 16:00larda Kattaqo‘rg‘on shahri Amir Temur ko‘chasida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan behayolarcha mensimasdan o‘ynayotgan, sochlari kalta sarg‘ish rangli qiz — Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasida yashovchi D.Ch., u bilan raqsga tushgan qiz — Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi U.F. ekani, avtomashina boshqaruvida Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi R.S. otasi R.N.ga tegishli «Neksiya» rusumli avtomashinani hech bir hujjatlarsiz boshqargani, mazkur holatlarni ular bilan birga bo‘lgan Kattaqo‘rg‘on shahrida yashovchi M.N. qo‘l telefonida tasvirga olgani va ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborgani aniqlangan», deyiladi xabarda.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, R.S otasi R.N.ga tegishli Neksiya rusumli avtomashinani hujjatlarsiz boshqargani sababli, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi 2-qismi va 138-moddasi 4-qismi bilan hamda R.N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 135-moddasi 2-qismi bilan, hamda fuqarolar D.Ch., U.F., R.S. va M.N. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi bilan ma'muriy bayonnoma tuzilib, to‘plangan hujjatlar Ma'muriy ishlar bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudiga yuborilgan.