Buxoroda yangi Davlat xizmatlari markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 1 764 kvadrat metr maydonli ikki qavatli binoda Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi va Buxoro shahri Davlat xizmatlari markazi joylashgan.
Buxoro shahri Davlat xizmatlari markazi korporativ uslubda bezatilgan bo‘lib, butun zal bo‘ylab o‘rnatilgan belgilar, xizmatlarni onlayn tarzda olish imkonini beradigan infokiosklar, u yoki bu davlat xizmatini olish tartibini, elektron navbat talonini olish, qaysi oynaga murojaat etish kerakligini tushuntirishga hamisha tayyor maslahatchilar, zamonaviy resepshn, shuningdek, yanada yaxshilangan kutish joylarini o‘z ichiga oladi.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida bu yerda lift va eskalator ham mavjud. Bundan tashqari, ona va bola xonasi, tibbiy punkt, davlat bojini to‘lash uchun kassa, davlat xizmati ko‘rsatish jarayonini va navbat ro‘yxatini namoyish etadigan monitorlar hamda naqd pul yechish uchun bankomat mavjud.
Imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun bu yerda tegishli aravacha va pandus o‘rnatilgan.
Bepul WiFi ga ulanish, kutish vaqti yanada mazmunli o‘tishi uchun yaratilgan elektron kutubxona, shuningdek, davlat xizmatlarini olish jarayoni haqida so‘zlab beradigan robot esa birinchi bo‘lib Buxoro Davlat xizmatlari markazida joriy etiladigan novatsiyalardandir.
Markazda ilk bor avtomobil raqamlarini berish xizmati sinovdan o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, bu yerda eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish, biometrik pasport olish, FHDYo va notarial organlar xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi. Umuman olganda, tashrif buyuruvchilar uchun 88 ta qabul oynalari va 100 dan ortiq davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.