O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari uchrashadi

O‘zbekiston 08:57 / 16.11.2018 7254

2018 yilning 15 noyabr kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston – Qirg‘iziston vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda TIV axborot xizmati.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov va Qirg‘iziston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Dinara Kemelova ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va ularni mustahkamlash istiqbollarini batafsil muhokama qildilar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalarning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikni muttasil rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi hisoblangan oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak uchrashuvlarning jadvali va kun tartibiga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuvda ikki tomon savdo aylanmasining izchil o‘sib borayotganligi, bu borada 2017 va 2018 yillarda yillik 50% o‘sish kuzatilayotganligi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ikki davlat Bosh vazirlari ishtirokida 2018 yilning 29-30 mart kunlari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chegaradosh viloyatlar hokimlari va Qirg‘iziston Hukumatining chegaradosh viloyatlardagi muxtor vakillari kengashining birinchi yig‘ilishi savdo-iqtisodiy, investitsion, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi gorizontal aloqalarni jadallashtirish imkoni berdi. Kengashning ikkinchi yig‘ilishini joriy yilning dekabr oyida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Suhbat chog‘ida buyuk yozuvchi Chingiz Aytmatovning 90 yilligi ikki mamlakatda keng nishonlanishi o‘zbek va qirg‘iz xalqlari hayotidagi yorqin voqea bo‘lgani e'tirof etildi.

Ko‘proq yangiliklar: