Toshkentdagi bog‘chada juda katta miqdorda mablag‘lar talon-taroj qilingani aniqlandi

Jamiyat 11:54 / 16.11.2018 24968

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasasi mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shayxontohur tuman 197-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida sodir etilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 2018 yil 20 sentabr kuni tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.

Tekshiruv natijasiga ko‘ra, 197-sonli maktabgacha ta'lim muassasasi mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga nisbatan 22 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bildirilishicha, jinoyat ishi bo‘yicha byudjyet va byudjyetdan tashqari mablag‘larning shakllanishi va maqsadli sarflanishi, tovar moddiy qimmatliklarning kirim-chiqim qilinishi va saqlanishini tekshirish maqsadida o‘tkazilgan taftish natijasida, muassasada 2016-2018 yillar davrida ish haqlari uchun mablag‘lar asossiz to‘langani va boshqa qonunbuzilish holatlari oqibatida juda katta miqdordagi mablag‘lar talon-taroj qilinganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan Maktabgacha ta'lim vazirligining Ichki audit va moliyaviy nazorat xodimlari tomonidan 197-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida tekshirish o‘tkazilgan bo‘lib, to‘plangan tekshirish hujjatlari jinoyat ishi materiallariga qo‘shilgan.

Ko‘proq yangiliklar: