Buxoroda shifokorlarning maoshi majburiy obuna uchun qirqilmoqda

Jamiyat 10:00 / 16.11.2018 16815

«Kun.uz» tahririyatiga Buxoro viloyati Vobkent tuman tibbiyot birlashmasidan murojaat kelib tushdi.

Murojaatchi keyinchalik muammo kelib chiqmasligi uchun o‘z shaxsini oshkor etmaslikni so‘radi (uning ismi va familiyasi tahririyatga ma'lum).

Murojaatchiga ko‘ra, tibbiyot birlashmasida ishlayotgan barcha tibbiyot xodimlari, hattoki farroshlar ham noyabr oyi uchun maoshidan roppa-rosa 28 foiz miqdoridagi pul obuna uchun ushlanib qolinishi to‘g‘risida ogohlantirilgan (Buning isboti sifatida maoshidan ushlab qolinadigan xodimlar ro‘yxati ham tashlab berildi).

«Bizga 2019 yil uchun obuna katalogi taqdim etilsa, o‘zimiz xohlagan nashrga obuna bo‘lishni albatta istaymiz. Lekin o‘tgan yili ham mana shu tarzda pul yig‘ib olingan va kimga qanday nashr kelayotganini bilolmay, oqibatda birorta nashrni o‘qimaganmiz. Bu yil ham shu nayrang takrorlanmoqda», deydi murojaatchi.

Albatta, tibbiyot xodimlarini matbuot nashrlariga obuna bo‘lishga targ‘ib qilish kerak. Ularning o‘z kasbi nuqtai nazaridan o‘qishi shart bo‘lgan, sohadagi yangilik va xabarlarni kuzatib boradigan maxsus nashrlari bor.

Lekin, respublikamizda ko‘rsatiladigan xizmat yoki xarid qilingan tovar uchun darhol chek yoki kvitansiya taqdim etilishi shart. Obuna bilan bog‘liq holatda bu — obuna bo‘lgani haqida kvitansiya hisoblanadi.

Hech qanday kvitansiyasiz, tibbiyot xodimlarining inon-ixtiyorisiz, oyligidan ko‘r-ko‘rona ma'lum bir foiz ushlanib qolinishi — obunaga yoppasiga majburlashdir va bu noqonuniy xatti-harakat hisoblanadi.

Chunki, bizga murojaat qilgan xodimning aytishicha, hech qanday kvitansiya ham taqdim etilmagan, ularga aynan qaysi nashrga obuna bo‘lishi haqida ham ma'lumot berilmagan.

Bu borada oldin ham saytda qator chiqishlar qilingandi. Tibbiyot va ta'lim muassasalarida bu tarzda obunaga pul yig‘ilishi korrupsiyaga yo‘l ochishiga shubha yo‘q. Chunki yig‘ilgan pulni nazorat qilishning amalda mutlaqo imkoni yo‘q.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgan, unda o‘qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini oshirish masalalari muhokama qilingan edi.

O‘qituvchining jamiyatdagi mavqeini oshirishga doir chora-tadbirlar ichida jumladan quyidagilar ham bor edi: Xalq ta'limi vazirligi tizimi xodimlarini ularning vazifasiga kirmaydigan ishlarga (tozalash ishlari, shanbaliklar, obodonchilik ishlari, turli yig‘ilish va majlislarda bo‘lish, kommunal xizmatlar to‘lovi va ko‘rsatkichlarni tekshirish bilan bog‘liq xizmatlarga) jalb qilishni taqiqlash, bundan tashqari, o‘qituvchilar maoshidan turli maqsadlarda (gazeta va jurnallarga majburiy obuna,avans kommunal to‘lovlar, turli tadbirlar chiptalariga va boshqalarga) majburiy ravishda olib qolishni taqiqlash.

Qayd etish kerakki, Xalq ta'limi vazirligi ta'lim muassasalarida majburiy obunaga yo‘l qo‘yilmasligi uchun bosh-qosh bo‘lib, kerakli choralarni ko‘rmoqda. Xususan, Toshkent viloyati Bekobod tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri H.Soibnazarov davriy nashrlarga majburiy qilish to‘g‘risida ko‘rsatma bergani uchun lavozimidan bo‘shatilgan

Tahririyatimizga asosan majburiy obuna bo‘yicha fuqarolardan murojaatlar byudjyet sohasi — ta'lim tizimi, talabalar va tibbiyot sohasi xodimlaridan kelmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi, xususan vazir Alisher Shodmonov ham Xalq ta'limi vazirligi singari bu borada o‘z munosabatini bildirishini kutib qolamiz.

Byudjyetdan maosh oluvchi tibbiyotchilarning oylik maoshlarining bu tarzda talon-taroj qilinishi sohada korrupsiyaning avj olishiga yo‘l ochadi. Binobarin, bunga yo‘l qo‘yib bergan mansabdor shaxslar ustidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari tegishli chora ko‘radi, deb umid qilamiz.

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ jurnalisti

Ko‘proq yangiliklar: