Shavkat Mirziyoyev Sooronbay Jeenbekovni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston 12:28 / 16.11.2018 7553

Bugun, 16 noyabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Muloqot avvalida davlat rahbari Qirg‘iziston Respublikasi prezidentini 60 yoshlik yubileyi bilan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Tomonlar so‘nggi vaqtlarda o‘zaro munosabatlar, birodar xalqlar o‘rtasida ko‘p asrlik do‘stlik va mamlakatlar orasidagi yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash bo‘yicha ijobiy harakatlar kuzatilayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdilar.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirishdagi muhim voqeaga o‘tgan yil dekabr oyida prezident S. Jeenbekovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi aylandi, uning yakunlari bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirishga oid muhim bitimlar va kelishuvlarga erishildi.

Muloqot chog‘ida hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro savdo-sotiqni kengaytirish, sanoat, energetika, transport hamda qishloq xo‘jaligi sohasida kooperatsiyani mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar mintaqalararo hamkorlikning ulkan salohiyatini to‘liq ochib berish lozimligini bildirishdi.

Ikki mamlakat chegaraoldi hududlari o‘rtasida muntazam qo‘shma tadbirlarning samarali natijalari chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilning mart oyida Farg‘ona shahrida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegaraoldi hududlari rahbarlari kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Madaniy-gumanitar almashinuv faollashdi. O‘tgan oyda Qirg‘iziston madaniyat va san'at kunlari mamlakatda muvaffaqiyatli o‘tkazildi. O‘zbekistonda taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatovning 90 yilligi keng nishonlanmoqda.

Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qirg‘iziston prezidenti davlat rahbariga samimiy tabrik va niyatlar uchun minnatdorlik izhor etdi.

Davlatlar rahbarlari telefon orqali muloqot yakunida ikki qardosh xalqlar manfaati yo‘lida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik hamda strategik sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha qat'iy niyat mavjudligini tasdiqlashdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh vazirlari uchrashishi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: