Indoneziyadagi aviahalokat qurbonlaridan birining oilasi Boeing’ni sudga berdi

Jahon 21:09 / 16.11.2018 8643

Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasiga qarashli Boeing 737 Max 8 samolyotining Yava oroli yaqinida halokatga uchrashi vaqtida hayotdan ko‘z yumgan shifokor Rio Nanda Pratamaning ota-onasi Boeing kompaniyasini sudga berdi. Bu haqda CNN telekanali xabar qildi

Boeing’ga qarshi da'vo arizasi 15 noyabrda Illinoys shtati sudida ro‘yxatga olingan. Arzchilarning ta'kidlashicha, kompaniya halokatga uchragan samolyot modelining avtopilotiga kiritilgan o‘zgarishlar haqida aniq ma'lumotlarni taqdim qilmagan, bu esa fojiaga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Boeing kompaniyasi Lion Air va uning uchuvchilarini avtopilot tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar oqibatida samolyot noxavfsiz holatga tushishidan ogohlantirmagan”, deyilgan arizada.

Ta'kidlanishicha, Pratamaning 11 noyabrda nikoh to‘yi bo‘lishi kerak bo‘lgan. U shu munosabat bilan Jakartadagi anjumandan Pangkal-Pinang shahridagi uyiga qaytayotgan bo‘lgan. 

Avvalroq Lion Air’ning boshqaruvchilaridan biri Boyeing’ni ushbu modelga yo‘riqnomada samolyot muayyan holatlarda avtomatik tarzda tumshug‘i bilan pastga sho‘ng‘ishi haqida ma'lumot bermaganlikda ayblagan. “Bizda Boeing 737 Max 8 yo‘riqnomasida bu haqida hech narsa yozilmagan, shu sababli uchuvchilarimiz bunday vaziyatga tayyor bo‘lmaganlar”, deb aytgan aviakompaniya vakili.

Samolyot 29 oktabrda Yava oroli yaqinida qulagan. Samolyot bortida 189 kishi bo‘lgan. Samolyot bilan aloqa Jakarta aeroportidan havoga ko‘tarilgandan 13 daqiqa o‘tib yo‘qolgan. Shundan keyin samolyot dengizga qulab, cho‘kib ketgan.

Avvalroq Rio Nanda Pratama bilan bog‘liq bir voqea haqida so‘zlangandi. Unga ko‘ra, yigitning 11 noyabrda 13 yildan beri tanish bo‘lgan va ko‘ngil qo‘ygan yori bilan nikoh to‘yi bo‘lishi kerak edi. Biroq bu to‘y yigitga nasib etmadi. Rioning qallig‘i uning so‘nggi “istagini” bajo keltirib, yolg‘iz holda to‘y fotosessiyasini uyushtirishga qaror qilgan. Qiz ushbu fotosessiyadan suratlarni instagramdagi sahifasida to‘y bo‘lishi kerak bo‘lgan kun – 11 noyabrda joylashtirgandi.

Ko‘proq yangiliklar: