Bojxonachilar Sergelida 2,2 mlrd. so‘mlik sifati kafolatlanmagan biologik faol qo‘shimchalarni fosh qilishdi

Jamiyat 19:53 / 16.11.2018 11593

Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir davomida poytaxtimizda harakatlanayotgan “Damas” rusumli avtomashina kuzatuvga olindi, deb xabar berdi qo‘mita axborot xizmati.

Mazkur avtomashina Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi K.V.ning xonadoniga kelib, avtomashina salonidagi 12 ta qutidagi tovarlarni tushirayotgan vaqtda to‘xtatildi va uning salonida 43 turdagi turli ko‘rinishdagi biologik faol qo‘shimchalar borligi aniqlandi. Xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan2776 dona biologik faol qo‘shimchalarning qiymati 531,2 mln. so‘mni tashkil etar ekan.

Tadbir davomida xonadon yerto‘lasida umumiy qiymati salkam 1,7 mlrd so‘mlik 8782 dona turli xil biologik aktiv qo‘shimchalar borligi ma'lum bo‘ldi.

O‘tkazilgan keng qamrovli tezkor qidiruv harakatlari natijasida jami narxi 2,2 mlrd so‘mlik 11,5 ming donadan ortiq biologik faol qo‘shimchalar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Yana bir holatda “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan “Moskva-Andijon” yo‘nalishida kirib kelgan poyezd yo‘lovchilarining qo‘l yuklari bojxona nazoratidan o‘tkazilganida fuqaro S.R. salkam 160 dona sifati kafolatlanmagan kosmetika tovarlarini bojxona nazoratiga taqdim etmasdan va deklaratsiyalamasdan olib kelayotganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: