Jizzax viloyati hokimi ham navbatdan tashqari hashar e'lon qilgani ma'lum bo‘ldi. O‘qituvchilardan «So‘g‘diyona» uchun mablag‘ yig‘ilgan

O‘zbekiston 22:50 / 15.11.2018 32051

Xalq ta'limi vazirligining Huquqiy-nazorat xizmati Jizzax viloyatida o‘qituvchilardan mahalliy «So‘g‘diyona» futbol klubining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 272,15 mln. so‘m mablag‘ yig‘ilganini aniqladi. Hozirda ushbu mablag‘larni egalariga qaytarish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati xabar qilmoqda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev 2018 yilning 2 noyabrida «So‘g‘diyona» professional futbol klubining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida»gi 360-F sonli farmoyishi qabul qilingan. Mazkur farmoyishga asosan joriy yilning 3–4 noyabr kunlari umumxalq hashari tashkil etilgan. Farmoyishda umumxalq hashari doirasida boshqarmalar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari «So‘g‘diyona» professional futbol klubining hisob raqamiga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan.

Ushbu umumxalq hashari doirasida Jizzax viloyati xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi 10ta tuman xalq ta'limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta'lim maktabi ishchi-xodimlaridan jami 272.156.729 so‘m miqdorida pul mablag‘lari ishchi-xodimlarning ish haqidan o‘tkazib berilgan.

Ta'kidlash lozimki, hokimning bu farmoyishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-sonli «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qaroriga zid ravishda qabul qilingan.

Hukumat qarorining 2-bo‘lim «a» bandiga ko‘ra, umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori mavjud bo‘lgandagina tashkil etish mumkin.

Xalq ta'limi vazirining Huquqiy-nazorat xizmati aralashuvidan so‘ng Jizzax viloyati hokimining 2018 yil 2 noyabrdagi «So‘g‘diyona professional futbol klubining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risida»gi 360-F sonli farmoyishi 2018 yil 10 noyabrdagi 369-F-sonli farmoyish bilan bekor qilinishi ta'minlandi.

Hozirda «So‘g‘diyona» futbol klubi hisob raqamiga noqonuniy o‘tkazilgan pul mablag‘larini qaytarish choralari ko‘rilmoqda, deyiladi vazirlik axborot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz avvalroq Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonovning farmoyishiga ko‘ra viloyatda noyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida xayriya hashari o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlar, korxonalar va muassasalar xodimlarining ixtiyoriylik asosidagi yozma roziligiga ko‘ra bir kunlik ish haqlari xayriya hasharida ishlab topilgan mablag‘ sifatida Andijon viloyati hokimligining maxsus hisob raqamiga tushirilishi lozimligi belgilangandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning joriy yilning noyabr va dekabr oylarini viloyatda «ma'naviyat oyi» deb e'lon qilgani haqidagi qaroriga munosabat bildirdi.

Vazirlik munosabatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-sonli qaroriga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar qanday shartlarga qat'iy rioya etilgan holda tashkil etilishi va o‘tkazilishi eslatib o‘tilgan.

Ko‘proq yangiliklar: