O‘zbekiston ilk marta Livan darvozasini ishg‘ol eta olmadi

Sport 17:01 / 15.11.2018 23928

Ayni kunlarda Avstraliyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazayotgan O‘zbekiston terma jamoasi Livan termasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib, golsiz durangga imzo chekdi.

Brisben shahrida bo‘lib o‘tgan o‘yin kutilganidek Ektor Kuper jamoasi tashabbusi ostida o‘tdi. Shunga qaramay, gol urish uchun har ikkala jamoada qulay imkoniyatlar yuzaga keldi, ammo yakunda hech qaysi futbolchiga bu vaziyatlarni golga aylantirish nasib etmadi.

Shu tariqa, asosiy tarkibga nomzod futbolchilar sinab ko‘rilgan o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi ilk marotaba Livan darvozasini ishg‘ol eta olmadi. Bungacha ikki jamoa 5 marotaba to‘qnash kelib, ularning 4 tasi g‘alaba va 1 tasi durang bilan yakun topgan edi. Bugungi nursiz durangdan so‘ng to‘plar nisbati ham 8:1 ko‘rinishida qoldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston termasi argentinalik mutaxassis qo‘l ostida bunga qadar sentabrda Suriya bilan durang qayd etgan (1:1), so‘ng Eron bilan bahsda imkoniyatni boy bergandi (0:1). Oktyabr oyida esa Kuper jamoasi KXDR va Qatar terma jamoalari ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan.

Bugungi o‘yin ishtirokchilari 20 noyabr kuni Avstraliya yig‘ini doirasida boshqa terma jamoa bilan ham o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Livanliklar mezbon mamlakat termasiga qarshi, O‘zbekiston esa Janubiy Koreya bilan kuch sinashadi. Koreya bilan o‘yin, bugungi bahsdan farqli o‘laroq, «Sport» telekanali orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiya qilinishi kutilmoqda.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

O‘rtoqlik uchrashuvi
O‘ZBeKISTON – LIVAN – 0:0
Brisben. «CBUS Super Stadium» 
O‘zbekiston: 12. Eldor Suyunov, 5. Anzur Ismoilov (S) (18. Doston Tursunov, 76), 3. Yegor Krimets, 4. Davron Hoshimov, 19. Vladimir Kozak (13. Oleg Zoteyev, 66), 17. Doston Hamdamov, 16. Otabek Shukurov, 7. Odil Hamrobekov, 22. Javohir Sidiqov (6. Husniddin G‘ofurov, 78), 8. Ikrom Aliboyev (2. Akmal Shorahmedov, 63), 10. Marat Bikmayev (15. Aziz Turg‘unboyev, 72).
Zaxira: 1. Ignatiy Nesterov, 25. O‘tkir Yusupov, 14. Eldor Shomurodov, 20. Islom To‘xtaxo‘jayev.
Livan: 1. Mehdi Kahlil, 2. Qosim Al-Zayn, 3. Mo‘'toz Billah Al-Junaydi, 5. Nosir Nassar, 6. Joan Umari, 7. Hasan Maatuk (S) (8. Hasan Chaito, 88), 10. Muhammad Haydar (20. Rabih Ataya. 68), 13. Jorj Feliks Melki, 15. Samir Ayyas (12. Adnan Haydar, 76), 19, Robert Aleksandr Melki, 22. Bassel Jradi.
Zaxira:  21. Mustafo Matar, 23. Abbos Hasan, 4. Nur Mansur, 11. Omar Chaaban, 14. Nodir Matar, 16. Hasan Chaitu, 18. Valid Ismoil.
Ogohlantirishlar: D.Hoshimov (24) – Robert Aleksandr Melki (26), Qosim Al-Zayn (55), Joan Umariy (86)
Chetlatish: D.Hoshimov (60, 2SK)

Ko‘proq yangiliklar: