Uy-joy qurilish obektlari energiya tejamkor uskunalar bilan majburiy jihozlanadi

O‘zbekiston 12:44 / 15.11.2018 8778

Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Adliya vazirligi telegram-kanalining yozishicha, farmon bilan 2018 yil 1 dekabrdan boshlab:

• barcha qurilish obektlari loyihalarining smeta qismi majburiy tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi (investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladigan qurilishlar bundan mustasno);
• qurilishi tugagan obektlarni foydalanishga qabul qilish qurilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi, kadastr organlari, buyurtmachi, pudratchi vakillari ishtirokida amalga oshiriladi;
• shuningdek, “fast-track” usuli (bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurish) bilan “tayyor holda topshirish” shartlari asosida loyihalar amalga oshiriladi.

2019 yil 1 yanvardan boshlab:

• loyihalash va qurilish faoliyatini amalga oshirish uchun Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotiga a'zo davlatlar tomonidan berilgan sertifikatlar va boshqa hujjatlar tan olinadi; Ma'lumot uchun: Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti – 1961 yilda iqtisodiy taraqqiyot va jahon savdosini rivojlantirish uchun tashkil etilgan hukumatlararo iqtisodiy tashkilotdir. Tashkilotga bugungi kunda 36 ta davlat a'zo.
• qurilish uchun yer uchastkalarini vaqtida ajratmaslik yoki noto‘g‘ri ajratish natijasida yuzaga kelgan xarajatlar mahalliy byudjyetlar mablag‘i hisobidan qoplanadi;
• milliy qurilish normalari va qoidalari xorijiy normativ-texnik hujjatlarga tanlov asosida moslashtiriladi.

2019 yil 1 martdan boshlab:

• malakaga ega bo‘lishi majburiy bo‘lgan mutaxassislarni sertifikatlash O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi;
• loyihalashni amalga oshirishga shtatida sertifikatga ega va doimiy ishlaydigan kamida ikkita muhandis mavjud bo‘lgan yoki O‘zbekiston muhandislar-konsultantlar uyushmasi a'zosi bo‘lgan yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.

2020 yil 1 yanvardan uy-joy qurilish obektlari energiya-samarador va energiya-tejamkor uskunalar bilan majburiy jihozlanishi lozim, BREEAM (binolar samaradorligini ekologik baholash usuli) va LEED (energiya-samarador va ekologik loyihalashtirish bo‘yicha qo‘llanma) standartlari bo‘yicha sertifikatlarga ega obektlar bundan mustasno.

Bundan tashqari, qurilish sohasini texnik tartibga solishning normativ bazasi quyidagi bosqichlarda isloh qilinadi:

• tayyorgarlik davri (2019-2021 yillar) – geologik, tabiiy-iqlim, seysmologik xususiyatlarni inobatga olgan holda milliy qurilish normalari qayta ko‘rib chiqiladi va xorijiy normativ-texnik hujjatlarga moslashtiriladi;
• o‘tish davri (2022-2026 yillar) – moslashtirilgan norma va qoidalar amaliyotda qo‘llaniladi, qurilish sohasiga innovatsiyalar joriy etiladi;
• yakuniy davr (2027-2028 yillar) – qurilish sohasining yagona normativ bazasi yaratiladi.

2019 yil 1 martga qadar quyidagilar bo‘yicha taklif kiritiladi:

• xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va mamlakat hududiga ilk bor olib kiriladigan qurilish asbob-uskunalari, texnikasi, materiallari va buyumlarini sertifikatlaydigan sinov laboratoriyalarini tashkil etish.
• davlat organlarida idoraviy obektlarni qurish va rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta'mirlash bo‘yicha buyurtmachi funksiyalarini bajaruvchi tarkibiy bo‘linmalar tashkil etish;
• hisoblangan qiymati tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga nisbatan oshib ketgan qurilish obektlarini moliyalashtirish tartibini aniqlash;
• mamlakatning har bir hududida yirik ixtisoslashtirilgan qurilish-pudrat tashkilotlarining faoliyatini tashkil etish.

Bundan tashqari, qurilish normalari va qoidalari Adliya vazirligidan majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tishi lozimligi farmon bilan belgilandi. Qurilish vazirligiga 2019 yil 1 mayga qadar Shaharsozlik kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi yuklandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq shaharsozlik normalari qayta ko‘rib chiqilishi xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: