Respublika mulki obektlari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi

O‘zbekiston 14:48 / 15.11.2018 7805

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Respublika mulki va ma'muriy-hududiy tuzilmalar mulki (munitsipal mulk) obektlarini oqilona va samarali boshqarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 213-215-moddalariga muvofiq:

ommaviy mulk respublika mulki va ma'muriy-hududiy tuzilmalar mulkidan (munitsipal mulk) iborat;

respublika mulki va munitsipal mulk qanday mol-mulklardan iborat bo‘lishi bo‘yicha ustuvor qoidalar o‘rnatilgan;

respublika mulkini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati yoki ular maxsus vakil qilgan organlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tasarruf qiladi;

munitsipal mulkni, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mahalliy davlat hokimiyati organlari yoki ular vakil qilgan organlar tasarruf etishi belgilangan.

Hujjat bilan quyidagilar:

respublika mulki obektlari ro‘yxati;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar munitsipal mulk obektlari ro‘yxati;

tuman (shahar) munitsipal mulk obektlari ro‘yxati tasdiqlanishi mumkin.

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi respublika mulkini xatlovdan o‘tkazish va hisobini yuritish hamda ularni oqilona va samarali boshqarishni (xatlovdan o‘tkazish, hisobga olish va boshqarish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan yuritiladigan mol-mulk bundan mustasno) ta'minlash sohasidagi vakolatli davlat organi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tuman (shahar) hokimliklari tegishincha munitsipal mulkni xatlovdan o‘tkazish va hisobini yuritish hamda ularni oqilona va samarali boshqarishni (xatlovdan o‘tkazish, hisobga olish va boshqarish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan yuritiladigan mol-mulk bundan mustasno) ta'minlash sohasidagi joylardagi vakolatli davlat organlari hisoblanadilar.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari boshqaruv apparatida munitsipal mulk hisobini yuritish hamda ularni oqilona va samarali boshqarishni ta'minlash uchun mas'ul tarkibiy tuzilma tashkil etish bo‘yicha taklif kiritadi.

2019 yil 1 aprelga qadar:

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda respublika mulki obektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi va ularning yagona elektron bazasini shakllantiradi hamda doimiy yangilab borilishini ta'minlaydi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishincha munitsipal mulk obektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi va ularning yagona elektron bazasini shakllantiradi hamda doimiy yangilab borilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasi:

2019 yil 15 fevralga qadar ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi
ma'lumotlar bazasida mavjud bo‘lgan davlat obektlari bo‘yicha ma'lumotlarni umumlashtirib, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yetkazilishini ta'minlaydi;

2019 yil 1 martdan boshlab ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar va ular bilan tuzilgan bitimlar davlat reyestriga ommaviy mulk bilan bog‘liq bitimlar tuzilganda mazkur mulklarning aynan respublika yoki munitsipal mulkka tegishliligi to‘g‘risidagi ma'lumot kiritilishini ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: