Paxta tolasini birjada sotish to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritildi

O‘zbekiston 14:31 / 15.11.2018 9433

Paxta tolasini birja savdolarida sotish tartibi to‘g‘risida nizomga qo‘shimcha kiritildi.
 
Norma’ning yozishicha, bunda paxta tolasini qayta ishlash bo‘yicha zarur ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan mahalliy to‘qimachilik va boshqa korxonalar xaridorlar sifatida ishtirok eta oladigan savdolar haqida so‘z bormoqda. Ushbu dalil tuman (shahar) hokimliklarining tavsiyasi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
 
Eslatib o‘tamiz, birjadagi paxtaning barcha navlari, klasslari, tiplari va kodlari boshlang‘ich narxi bazaviy sifatli («Birinchi» nav, «O‘rta» klassli, 4 tip), o‘zimizda ishlab chiqarilgan paxta tolasining jahondagi narxlariga bog‘liq. Sotuvchilar birjadagi navbatdagi savdolardan oldingi kunda paxta tolasining mazkur turi bo‘yicha «Cotton Outlook» byulletenida e'lon qilinadigan kotirovkalar (CFR – Uzoq Sharq portlari yetkazib berish shartlarida «A» indeksi) bilan har kuni tanishib chiqadilar. «Birinchi» nav, «O‘rta» klassli, 4 tipdagi tola avvalboshdan ichki bozorda 10%lik chegirma bilan savdoga qo‘yiladi. Qabul qilingan hujjatda belgilanishicha, 2017 yilgi hosil qoldiqlari uchun boshqa chegirma – 15% qo‘llaniladi.
 
Boshqa turdagi paxta tolasining boshlang‘ich narxini hisoblash uchun esa, ilgarigidek, Paxta tolasini sotish va hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovada ko‘rsatilgan koeffitsiyentlarni qo‘llash lozim. Bunda paxta narxi bazaviy sifatli paxta tolasi bo‘yicha kotirovkalardan yuqori bo‘lishi mumkin emas.
 
Hujjat 13.11.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: