Mehnat vazirligi Andijon viloyati hokimining hashar bo‘yicha qaroriga munosabat bildirdi

O‘zbekiston 13:57 / 15.11.2018 33354

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning joriy yilning noyabr va dekabr oylarini viloyatda «ma'naviyat oyi» deb e'lon qilgani haqidagi qaroriga munosabat bildirdi.

Hokimning tegishli buyrug‘iga muvofiq, shu yilning noyabr oyining ikkinchi o‘n kunligida Andijon viloyatida xayriya hasharini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

«Kun.uz» saytida nashr etilgan «Ma'naviyat hashari». Andijon viloyatida hukumat qaroriga zid tarzda «navbatdan tashqari hashar» e'lon qilindi» sarlavhali maqolada hashar munosabati bilan hududdagi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar xodimlarining bir kunlik maoshi ixtiyoriy asosda viloyat hokimiyatining maxsus hisob raqamiga o‘tkazilishi bo‘yicha topshiriq berilganiga e'tibor qaratilgandi.

Vazirlik munosabatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-son qaroriga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan hasharlar qanday shartlarga qat'iy rioya etilgan holda tashkil etilishi va o‘tkazilishi eslatib o‘tilgan.

Unga ko‘ra, umumxalq hasharini o‘tkazish to‘g‘risida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjati yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori mavjud bo‘lganda, shuningdek hasharlar unda ishtirok etadigan shaxslar mehnat qiladigan tegishli tashkilot hududida mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik normalariga qat'iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi.

«Hasharlar doirasida barcha boshqa turdagi jamoat ishlari, shu jumladan, qurilish-ta'mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat'iy yo‘l qo‘yilmagan holda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ish o‘rinlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi», deyiladi bayonotda.

Andijon viloyati hokimiga Davlat mehnat huquq inspeksiyasining viloyati hokimining 7 noyabrdagi 207-F sonli buyrug‘ini qonunchilikka muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi yuborilgan.

Unda hasharni o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 349-son qarori va amaldagi qonunchilik talablariga amal qilish zarurligini inobatga olish talabi qo‘yilgan.

Viloyat hokimligi o‘n kun muddatda ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni Davlat mehnat huquq inspeksiyasiga taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Mehnat vazirligi mehnatga majburiy jalb qilish holatlari kuzatilganda murojaat qilish uchun vazirlikning +998 71 200 06 02 raqamlari va @mehnathuquqbot telegram bot ishonch tarmoqlari faoliyat ko‘rsatayotganini eslatib o‘tgan.

Ko‘proq yangiliklar: