«Krasnodar» yarimhimoyachisi Pavel Mamayevga qaytadan ayblov e'lon qilindi, deb xabar beradi TASS.
Nashrning manbasi so‘zlariga ko‘ra, futbolchiga e'lon qilingan dastlabki ayblov hujjatida texnik xatolar bo‘lgan. Shu tufayli, unga «Bezorilik» va «Tan jarohati yetkazish» moddalari bo‘yicha takroran ayblov o‘qib eshittirilgan.
Avvalroq, Moskva prokuraturasi talabiga ko‘ra, futbolchi ayblanayotgan moddalar yengilrog‘iga o‘zgartirilishi va uning garov puli evaziga ozodlikka chiqishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Ammo, bu haqiqatdan yiroq ekani ma'lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 8 oktabr kuni Aleksandr Kokorin va Pavel Mamayev Moskvadagi qahvaxonalardan birida Minpromtorg mulozimi Denis Pak va «NAMI» tashkiloti rahbari Sergey Gaysinni do‘pposlashgan edi. Bu mojarodan biroz oldin esa «Perviy kanal» boshlovchisi Olga Ushakovaning haydovchisiga hujum qilishgan. Jabrlanganlar turli tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Shundan so‘ng, ularga Jinoyat kodeksining 116-moddasi «Tan jarohati yetkazish» va 213-moddasi «Bezorilik» bo‘yicha rasman ayblov e'lon qilinib, sud tomonidan 8 dekabrga qadar hibsga olingan edi. Aybdorlarga 7 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda.