Qoshiqchi ishi. Ar-Riyod 5 nafar shaxsni qatl etishi mumkin

Jahon 18:26 / 15.11.2018 25864

Saudiya Arabistoni Bosh prokuraturasi jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha ish yuzasidan besh nafar shaxsga o‘lim jazosini talab qildi. Bu haqda «Anadolu» agentligi xabar bermoqda.

Bosh prokuratura bayonotida aytilishicha, jurnalistning jasadi Saudiyaning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi binosida bo‘laklab tashlangan.

Qoshiqchining qotillaridan biri diplomatik missiya binosida videokuzatuv kameralarini ishdan chiqargan.

Saudiya Arabistoni razvedka xizmati boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Qoshiqchini o‘ldirish uchun guruh tuzish haqida buyruq bergan.

Podshohlik Bosh prokuraturasidan ta'kidlashlaricha, Qoshiqchining qotillariga hamtovoq bo‘lgan shaxs fotoroboti tuzildi, aynan unga jurnalist jasadi topshirilgan.

Ar-Riyod podshohlik kengashi maslahatchisi lavozimidan bo‘shatilgan Saud al-Qahtoniyga Saudiya Arabistonini tark etishni taqiqlab qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Erdo‘g‘an Qoshiqchi ishi bo‘yicha yangi tafsilotlarni ma'lum qilgandi.

Uning ma'lum qilishicha, turk hukumati Saudiya Arabistoni, AQSh, Fransiya, Kanada, Germaniya va Buyuk Britaniyaga saudiyalik muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yozib olingan audioyozuvni taqdim etgan.

Ko‘proq yangiliklar: