Elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish bo‘yicha vaqtinchalik tartib tasdiqlanadi 

O‘zbekiston 11:49 / 15.11.2018 4513

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Davlat soliq qo‘mitasining “Elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish bo‘yicha vaqtinchalik tartibni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Elektron hisobvaraq-fakturalarni elektron rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish bo‘yicha vaqtinchalik tartibga ko‘ra, telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron hujjatlarni yuborish va qabul qilish yetkazib beruvchi va sotib oluvchi o‘rtasida, shu jumladan ETTYu rasmiylashtirilganda yukni tashuvchi o‘rtasida elektron hujjat aylanishi doirasida ma'lumotlar almashinuvini ta'minlovchi operatorlar va DSQ AT orqali amalga oshiriladi.

Telekommunikatsiya kanallari orqali elektron hujjatlarni yuborish va qabul qilish imzo kaliti sertifikatining egasini hamda ma'lumotlarda buzilishlar mavjud emasligini aniqlash imkoniyatini beruvchi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq sertifikatlangan, vakolatli organlar tomonidan qo‘llaniladigan ma'lumotlarni kriptografik himoyalash vositalariga mos keluvchi ma'lumotlarni kriptografik himoyalash vositalaridan majburiy foydalanilgan holda amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.

Elektron hujjatlarni yuborish va qabul qilishda xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar har bir elektron hujjat uchun elektron hujjat aylanishini alohida amalga oshiradilar. Shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar turli xil operatorlarning xizmatlaridan foydalanilganda elektron hujjat aylanishi DSQ AT orqali amalga oshiriladi.

Elektron hujjat aylanishi xizmatlarini taqdim etish uchun operatorlar quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda Davlat soliq qo‘mitasiga yozma murojaat qiladilar:

elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish bo‘yicha dasturiy-apparat majmuasini yaratish yuzasidan texnik topshiriq;

mijozlar bazasi mavjud bo‘lgan taqdirda – xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning identifikatsiya raqami va nomi ko‘rsatilgan holda tizimdan foydalanuvchilar reyestri.

Davlat soliq qo‘mitasi taqdim etilgan texnik topshiriqni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish bo‘yicha dasturiy-apparat majmuasini yaratish maqsadga muvofiqligi yuzasidan ekspert xulosasini olish uchun yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining ijobiy ekspert xulosasi olingandan so‘ng Davlat soliq qo‘mitasi elektron hujjat aylanishi operatori bilan elektron hisobvaraq -faktura aylanishi doirasida o‘zaro hamkorlik tartibi yuzasidan yozma kelishuv tuzadi.

Operatorlar elektron hujjatlarga xizmat ko‘rsatuvchi dasturiy-apparat majmuasining uzluksiz faoliyatini ta'minlaydi, shuningdek, operatorlar bilan elektron hisobvaraq-fakturalarni aylanishi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga xizmatdan doimiy foydalanish imkoniyatini yaratib beradi.

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faqatgina bitta operatorning xizmatlaridan foydalansa elektron hujjat aylanishi ushbu operatorning axborot tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi. Ushbu holatda operatorlar tasdiqlangan elektron hujjatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni onlayn rejimida DSQ ATga jo‘natadilar.

Operatorlar tasdiqlangan elektron hujjatlarni o‘zlarining bazalarida kamida 5 yil davomida saqlanishini ta'minlaydilar va vakolatli organlarning yozma so‘roviga ko‘ra saqlanayotgan ma'lumotlar to‘g‘risida axborot berishlari shart.

Operatorlar o‘zlarining tizimlarini o‘zaro integratsiyasini va bir-biriga mosligini ta'minlashlari shart.

Tizimlarning o‘zaro integratsiyasi va bir-biriga mosligi deganda elektron hujjatlarni o‘z vaqtida, uzluksiz, kafolatli yetkazilishi va saqlanishi tushuniladi.

Yetkazib beruvchi sotib oluvchiga EHF taqdim etishda EHFni shakllantirib, o‘zining elektron raqamli imzosi bilan imzolagan holda sotib oluvchiga yuboradi. EHF sanasi avtomatik tarzda shakllanadi va elektron hujjatga QR-kodi biriktiriladi. EHFning tartib raqami avtomatik tizim orqali shakllantiriladi yoki yetkazib beruvchi tomonidan qo‘lda kiritiladi.


Agar yetkazib beruvchi va sotib oluvchi bitta operatorning mijozi bo‘lsa, EHF xaridorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltiriladi va tizim elektron hujjatga “Yetkazilgan” maqomini biriktiradi.

Agar yetkazib beruvchi va sotib oluvchi turli operatorlarning mijozi bo‘lsa, EHF sotib oluvchiga DSQ AT orqali yuboriladi va tizim elektron hujjatga “Yetkazilgan” maqomini biriktiradi.

Sotib oluvchi qabul qilingan EHF bilan tanishib chiqqanidan so‘ng, uni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlashga yoki ushbu elektron hujjatning sharhida sababini ko‘rsatgan holda rad etishga haqli.

Sotib oluvchining ishonchli vakili yetkazib beruvchidan tovarlarni qabul qilib olishi talab etilsa, yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan EHFni tasdiqlashdan avval sotib oluvchi elektron ishonchnomani shakllantiradi.

Sotib oluvchi tomonidan tasdiqlangan EHF yetkazib beruvchiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki DSQ AT orqali yuboriladi. Bunday holda, elektron hujjat maqomi “Yetkazilgan”dan “Tasdiqlangan” maqomiga o‘zgaradi. Shu paytdan boshlab EHF ikki tomonlama tasdiqlangan hisoblanadi.

Sotib oluvchining ishonchli vakili tomonidan yetkazib beruvchidan tovar olinayotganda pasport taqdim etiladi.

Sotib oluvchi EHFni tasdiqlashni rad etganda, mazkur harakat sababini keltirgan holda sharh beradi. Bunday holatda elektron hujjat maqomi “Yetkazilgan”dan “Rad etilgan” maqomiga o‘zgaradi.

Avval shakllantirilgan EHFga tuzatish kiritish zarurati paydo bo‘lganda, qo‘shimcha EHF shakllantirish mazkur bobda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunday holatda qayta shakllantirilgan EHFning rekvizitlarida o‘zgartirish kiritilayotgan avval shakllantirilgan EHFning raqami va sanasi ko‘rsatiladi.

Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirmaydigan jismoniy shaxsga realizatsiya qilishda, yetkazib beruvchi EHF shakllantirib, o‘zining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi. EHFning sanasi avtomatik tarzda shakllanadi, elektron hujjatga QR-kodi biriktiriladi va “Tasdiqlangan” maqomi beriladi.

EHF shakllangandan so‘ng, yetkazib beruvchi uni qog‘oz shaklida chop etib, rahbarning (bosh hisobchining) imzosi bilan tasdiqlaydi hamda muhrlab (mavjud bo‘lgan taqdirda) jismoniy shaxsga taqdim etadi.

Ko‘proq yangiliklar: