Coca-Cola’dan “miya faoliyatini yaxshilovchi” ichimlik sababli 345 mln dollar undirilmoqchi

Jahon 23:06 / 15.11.2018 13837

Meksikalik tadbirkor Xose Antonio del Valle Coca-Cola kompaniyasi ustidan Mexiko prokuraturasiga arz qildi. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi. Arzchi kompaniyadan 345 mln dollar undirmoqchi. Arzga Coca-Cola’ning go‘yoki miya faoliyatini yaxshilovchi yangi ichimligi sabab bo‘lgan.    

Vallening aytishicha, u 2012 yilda Meksika va Niderlandiyada aminokislotalar negizidagi qo‘shimchaga ega Gaba nomli ichimlik ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ygan. Qo‘shimchaning qo‘llanilishi tarafdorlarining ta'kidlashicha, u stressni olishga, uyqu bilan bog‘liq muammolarni hal qilish va diqqatni jamlashni yaxshilashga yordam beradi. Biroq bu ichimlikning ushbu xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari turlichadir. Shunga qaramay, qo‘shimcha Yaponiyada oziq-ovqat sanoatida faol qo‘llanadi.

Valle 2016 yilda ichimlikning formulasini qayta ko‘rib chiqish va rebrending qilish uchun uning ishlab chiqarilishini to‘xtatgan. U shu bilan bir vaqtda Coca-Cola bilan bu mahsulot bo‘yicha tijoriy hamkorlik haqida muzokaralar olib borishni boshlagan. Hozirda bu mahsulot Go Gaba deb ataladi. 2017 yil dekabrda tomonlar Coca-Cola’ga bunday ichimliklarni keyingi 30 oy ichida ishlab chiqarilishi va tarqatilishida ishtirok etishni taqiqlovchi kelishuvni imzolashgan. Biroq ko‘p o‘tmay meksikalik Coca-Cola Yaponiyada Fanta Gaba nomli ichimlik sotishni boshlaganidan xabar topgan. Valle AQSh kompaniyasiga kelishuvni buzganini aytgach, ichimlik yapon supermarketlari peshtaxtalari va kompaniyaning mahalliy saytidan olingan. 

Endi esa meksikalik Coca-Cola’ni korporativ firibgarlik va sanoat mulkini o‘g‘irlashda ayblamoqda. U kompaniya harakatlaridan ko‘rgan zararni 344,5 mln dollarga baholagan. Prokurorlik tergovi natijalariga ko‘ra sud Coca-Cola’ga ushbu ayblovlarni rasman qo‘yish-qo‘ymaslik bo‘yicha qaror chiqaradi. 

Ko‘proq yangiliklar: