Bugun O‘zbekiston va Livan terma jamoalari oltinchi uchrashuvida maydonga tushadi

Sport 11:35 / 15.11.2018 10397

Bugun, 15 noyabr kuni Avstraliyaning Brisben shahrida yig‘in o‘tkazayotgan O‘zbekiston terma jamoasi Livan termasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 15:00da boshlanadi.

Livanga qarshi o‘yin terma jamoaning Ektor Kuper boshqaruvidagi beshinchi uchrashuvi bo‘ladi. Bungacha sentabrda Suriya bilan durang qayd etilgan (1:1), so‘ng Eron bilan bahsda imkoniyat boy berilgandi (0:1). Oktyabr oyida esa argentinalik mutaxassis qo‘l ostidagi jamoa KXDR va Qatar terma jamoalari ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Hozirga qadar O‘zbekiston va Livan terma jamoalari o‘zaro 5 marta o‘yin o‘tkazgan. Dastlabki bahslar JCh-2010 saralashiga to‘g‘ri keladi; har ikki o‘yinda ham o‘zbekistonliklarning qo‘li baland kelgan (safarda 1:0, Toshkentda 3:0). Keyingi o‘yinlar ham mundialning saralash siklida bo‘lib o‘tgan. JCh-2014 yo‘lidagi bahslarning dastlabkisi Bayrutda bo‘lib o‘tib, durang bilan (1:1) yakun topgan; javob o‘yinida O‘zbekiston kichik hisobda ustun kelgan (1:0). O‘sha o‘yinda Server Jyeparov yagona golga mualliflik qilgan, livanliklar ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng JCh yo‘llanmasidan mahrum bo‘lgan.

So‘nggi bahs o‘rtoqlik uchrashuvi sifatida 2016 yil fevralida bo‘lib o‘tgan. BAAdagi o‘yinda Eldor Shomurodov va Server Jyeparovning bittadan goliga livanliklar javob qaytara olishmagan. Shu tariqa, o‘zaro o‘yinlar statistikasida ustunlik O‘zbekiston tomonida: 4 ta g‘alaba va 1 ta durang. To‘plar nisbati – 8:1.

Livan terma jamoasini 2015 yildan buyon chernogoriyalik mutaxassis Miodrag Radulovich boshqarmoqda. Ushbu murabbiy 2010 yil mavsumining birinchi yarmida «Paxtakor» bosh murabbiyi sifatida ishlagan, o‘shanda «sherlar» Osiyo Chempionlar ligasi nimchorak finalida kurashni to‘xtatgan edi.

Radulovich murabbiyligida livanliklar JCh-2018 saralashida omadsizlikka uchradi, shunday bo‘lsa-da, o‘z tarixida ilk marta Osiyo kubogi saralashini muvaffaqiyatli tugatdi. Jamoa birinchiligi final bosqichida bunga qadar faqat bir marta – 2000 yilda musobaqa mezboni sifatida qatnashgan edi. 2018 yil sentabr oyida Livan terma jamoasi FIFA reytingida o‘zi uchun rekord ko‘rsatkich bo‘lgan 82-o‘ringa chiqa oldi.

20 noyabr kuni bugungi raqiblar Avstraliya yig‘ini doirasida boshqa terma jamoa bilan ham o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Livanliklar mezbon mamlakat termasiga qarshi, O‘zbekiston esa Janubiy Koreya bilan kuch sinashadi.

O‘zbekiston – Livan o‘yini «Sport» telekanalining Youtube`dagi rasmiy sahifasida translyatsiya qilinadi. O‘yinni Xayrulla Hamidov sharhlab boradi.

O‘rtoqlik uchrashuvi
O‘ZBeKISTON – LIVAN
Brisben. «CBUS Super Stadium». 20:00 (Toshkent vaqti 15:00)
Hakamlar: Shon Evans, Natan Makdonald, Jorj Lakrindis, Jarred Jillet (barchasi Avstraliya).

Ko‘proq yangiliklar: