Har bir mintaqadagi 50dan ziyod turistik infratuzilma obektida bepul Wi-Fi zonasi yaratiladi

O‘zbekiston 18:27 / 15.11.2018 3467

O‘zbekistonning har bir mintaqasidagi kamida 50 turistik infratuzilma obektida bepul Wi-Fi zonalari yaratiladi. Ushbu loyiha davlat-xususiy sektor hamkorligi asosida amalga oshiriladi. regulation.gov.uz  saytida muhokama va takliflar uchun taqdim etilgan “2025 yilgacha bo‘lgan davrda Turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasida shu haqida ma'lum qilingan.

Shuningdek, respublikaning har bir hududida, ayniqsa ularning markaziy qismida 5 va undan ortiq sayyohlik markazi tashkil etiladi. 

Loyihaga ko‘ra, Buxoro, Samarqand, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi Yoshlar ittifoqi balansidagi kollejlar yotoqxonalari bazasida xostellar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda. Mazkur chora O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, joylashuv vositalari bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga yordam beradi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning madaniy meros obektlari va muzeylariga kirish uchun yagona elektron tizim joriy qilinib, kirish chiptalari onlayn sotiladi. Shuningdek, birinchi bosqichda sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuruvchi 100 madaniy meros obektida turniket va videokuzatuv qurilmalari o‘rnatiladi.

Shunisi diqqatga sazovorki, hujjatga muvofiq, nogironligi bo‘lgan, imkoniyatlari cheklangan kishilarning madaniy meros va turistik infratuzilmalar bo‘ylab qulay harakatlanishi uchun “to‘siqlarsiz  muhit” yaratiladi. 

Kontseptsiya loyihasiga ko‘ra, turizm sohasida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar, takliflar  haqidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan investitsion loyihalar portali ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Portal rus va ingliz tillarida yuritilishi ko‘zda tutilgan.

2025 yilgacha bo‘lgan davrda turizmni rivojlantirish konsepsiyasiga kiritish uchun munosib taklif va fikrlarni regulation.gov.uz saytida qoldirish mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: