2020 yilda O‘zbekistonda Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ish boshlaydi

O‘zbekiston 17:58 / 15.11.2018 9021

Toshkent shahrida zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlari asosida barpo etilayotgan Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 2020 yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidan KUN.UZ’ga ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston hamda  Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) tomonidan birgalikda qurilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 130,58 million dollarni tashkil etadi.

Ayni paytda markazning qurilish va jihozlanish ishlari bilan bir qatorda, markazda ishlaydigan kadrlar malakasini oshirish bo‘yicha ham qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Koreya Respublikasining Yangsan Pusan Milliy universiteti o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasiga ko‘ra, 100 nafar mutaxassis ushbu universitetda malaka oshirishi rejalashtirilgan.

Nomzodlar malaka-mahorati, xorijiy tillarni bilishi, jahon tibbiyotining eng ilg‘or yangiliklarini o‘zlashtirish salohiyatiga qarab tanlov asosida saralab olinmoqda. Ana shunday malakali shifokorlardan dastlabki 19 nafari saralash jarayonidan muvaffaqiyatli o‘tib, bir yil mobaynida Yangsan Pusan Milliy universitetida tahsil oladigan bo‘ldi.

Safar oldidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov shu mutaxassislar bilan uchrashib, ularga bir yillik tahsilni muvaffaqiyatli yakunlab, el-yurtga munosib xizmat qiladigan malakali kadrlar bo‘lib yetishishlarida muvaffaqiyat tiladi. O‘z navbatida, yoshlar ham vaqtning har lahzasidan oqilona foydalanishga, o‘zlariga bildirilgan ishonchni oqlab, O‘zbekiston tibbiyotining ertangi taraqqiyotiga munosib ulush qo‘shishga va'da berishdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Ta'kidlash joizi, bunyod etilayotgan mazkur markaz loyihasi Koreya Respublikasi va jahon tibbiyotining noyob andozalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, binoning qurilish, xavfsizlik tizimi, isitish, sovutish tarmoqlari jahon standartlari talablariga to‘liq javob beradi. Yangi tibbiyot muassasasi 280 o‘ringa ega bo‘lib, klinikada kuniga 250 nafar bemorni qabul qilish va yiliga 1500 dan ko‘proq murakkab va noyob operatsiya o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 381 nomdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan, angiograf, kompyuter tamograf, yuqori texnologiyali raqamli rentgen va flyuoroskopik tizimi, mobil rentgen apparati, siklotron kabi eng so‘nggi innovatsion tibbiy jihozlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati
Ko‘proq yangiliklar: