«Malika»​dagi nazorat tadbirida 7,8 ming dona telefon olib qo‘yildi

Jamiyat 21:00 / 14.11.2018 46923

Joriy yilning 13 noyabr kuni «Malika»​ savdo majmuasida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirida 13 nafar fuqaro tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, chet elda ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonga yashirin yo‘llar orqali olib kirilib, hech qanday hujjatlarsiz maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanayotganligi aniqlangan. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi Kun.uz'ga xabar bergan. 

«​Ushbu fuqarolar iste'molchilar huquqlarini qo‘pol ravishda buzib, sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan tovarlar savdosi hamda sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan holda, davlat byudjyeti oldida majburiyatlarni bajarmay, umuman soliqlarni to‘lamagan», - deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, nazorat tadbiri davomida davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilgan umumiy qiymati qariyb 308 million so‘m qiymatga ega 66 ta maishiy texnika vositalari, 7,8 ming dona uyali aloqa apparatlari va ularning aksessuarlari O‘zbekiston Respublikasining «Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi»​ning 176-moddasiga asosan masala qonuniy hal bo‘lguniga qadar vaqtinchalik olib qo‘yildi.

Davlat soliq qo‘mitasining ta'kidlashicha, «belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning savdo bilan shug‘ullanishi uchun hech qanday to‘sqinlikka yo‘l qo‘yilmasligi»​ ta'minlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: