«Muammolar o‘tgan yillar davomida yig‘ilib qolgan». Viloyat IIB Samarqand akademik litseyidagi vaziyatga izoh berdi

Jamiyat 21:00 / 13.11.2018 16453

«Kun.uz» saytida 2018 yil 7 noyabr kuni «IIV Samarqand akademik litseyi. O‘quvchi nimadan norozi?» nomli maqola e'lon qilingan edi. Unda litsey o‘quvchisi murojaati asosida oshxonadagi sanitariya holati, ta'lim muasasasidagi isitish tizimidagi kamchiliklar va o‘quvchilarning forma bilan to‘liq ta'minlanmagani yoritilgan edi.

Murojaatni o‘rganish jarayonida litsey o‘quvchilarini forma bilan ta'minlashga mas'ul bo‘lgan «Ideal business center» MChJ Samarqand viloyati bo‘yicha vakili Abdusodiq Irisov bu muammo tez orada hal bo‘lishini, o‘quvchilarga formalar to‘liq yetkazib berilishini bildirgan edi.

A.Irisovning ma'lumot berishicha, ayni vaqtda litsey o‘quvchilari uchun formalar yetkazib berilgan. Litseyga takroriy tashrifimizda haqiqatan ushbu muammo hal bo‘lganining guvohi bo‘ldik.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mutasaddilari ham maqolaga tezkor munosabat bildirdi. Maqolada ko‘rsatilgan muammolar hal etildi.

«Forma muammosi korxona aybi bilan yuzaga kelgan. Ular shartnoma talablarini o‘z vaqtida bajarmadi. Bu esa haqli e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Ushbu korxona respublikadagi barcha shu kabi litseylardan buyurtma olgan. Ularda ham shu muammo. Shartnoma talablarini o‘z vaqtida bajarmagandan keyin korxona buning uchun qonunda belgilangan tartibda javobgarlikkka tortilishi kerak», – deydi viloyat IIB mas'ul xodimi.

Viloyat IIB mas'ullari va litsey direktori ishtirokida litseydagi muammolar hamda ayni vaqtdagi mavjud holatlar ham muhokama etildi.

Ushbu litsey prezidentning 2017 yil 16 avgustdagi «Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Litsey direktorining aytishicha, o‘tgan yili Samarqand chet tillar instituti qoshidagi akademik litsey tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Samarqand akademik litseyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Litseyning binolari, o‘quv xonalari, talabalar turar joyi qabul qilib olinganda aslida ularda muammolar juda ko‘p bo‘lgan. Hududdagi obodonlashtirish ishlari qoniqarli darajada bo‘lmagan. O‘sha vaqtlari litsey va uning binolari IIV tasarrufida bo‘lmagan. Ushbu muammolar bir yil davomida bosqichma-bosqich hal etilmoqda.

Litsey direktori tomonidan taqdim etilgan fotosuratlarda ham biz ushbu fikrlarning yaqqol isbotini ko‘rdik. O‘quv xonalarini ham ko‘zdan kechirdik. Ahvol haqiqatan ham bir yil ichida tubdan ijobiy tomonga o‘zgargan.

Litsey direktorining ta'kidlashicha, keyingi yil dastur asosida litseyda keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish ishlari olib boriladi va litsey butkul zamonaviy qiyofa kasb etadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: