Boshlangan barcha ishlarni yakuniga qanday yetkazish mumkin?

Light 18:39 / 13.11.2018 10727

Hafsalaning pir bo‘lishi va qat'iyatning yetishmasligi  - turli mashg‘ulotlarda mohirlikka erisha olmasligimizning asosiy sabablaridir.

Foto: Unsplash

Yengilishimizning 4 sababi bor:

  1. Barini bajarishga ulgurmaymiz.
  2. Qiziqishni yo‘qotamiz yoki cho‘chiymiz.
  3. Ishga jiddiy yondashmaymiz.
  4. Byudjyetdan chiqib ketamiz.

Qat'iyroq bo‘lishimiz kerak

Qanday qilib oxirigacha qat'iy turish mumkin?

Bu to‘siqlarning barini yengib o‘tishning olti usuli mavjud.

Ular maqsadga yetishda qat'iy bo‘lishimizda yordam beradi.

1. Oldingizga ulkan maqsad qo‘ying

Yuqori marralarni zabt etganlar tog‘ning pastida turganlarga o‘xshamaydi. Maqsadni belgilab olishning o‘zi yetarli emas. Ulkan ishlarni rejalashtirish lozim.

Maqsad qanchalik jiddiy bo‘lsa, unga erishishda yanada qat'iy bo‘lasiz. O‘zgalar, masalan, oila, do‘stlar, mijozlar uchun mas'ul ekanimizni his qilganimizda bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

Rag‘bat tashqi omillarga bog‘liq bo‘lgan fikrlash tarzi “ohu psixologiyasi” deb ataladi. Ohu tez yuguradi, biroq uning ortidan quvayotgan sherga qaraganda biroz tezroq xolos. Sher to‘xtaganida ohu ham yugurishdan to‘xtaydi.

Katta maqsad ichki rag‘batni yaratadi va miyani “ohu rejimidan” “sher rejimiga” o‘tkazadi.

Foto: Unsplash

“Ingliz tilini hamma bilgani uchun” emas, xorij universitetiga kirish uchun o‘rganing.

Professional bo‘ling. Faqat oylik maosh uchun emas, oila va yaqinlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ham.

Do‘stlarni hayron qoldirish hamda mazali ovqatlanish va uzoq umr ko‘rish uchun taom tayyorlashni o‘rganing.

O‘zingizdan muhimroq biror narsani izlab toping

Deniyel Dennet

2. Buni amalga oshirib bo‘lgan insonlar bilan muloqot qiling

Qat'iyat vujudingizda uyg‘onadi. Barini amalga oshirish imkoni bor ekaniga ishonish lozim. Eng yaxshi usuli – siz tanlagan yo‘lda natijalarga erishgan kishilar bilan muloqot qiling.

Xorijiy tilni o‘rganish uchun o‘zingizni yoshingiz o‘tib qolgan sanaysizmi? Ha, dunyoda yoshligidagi kuch-quvvati, bo‘sh vaqti bo‘lmagan ellik yoshli rahbarlar bor. Biroq ular xorijiy tilda so‘zlashishni o‘rganishmoqda.

Irsiyat ozishingizga xalaqit qilyapti deb o‘ylayapsizmi? Yiliga 20 kg dan ortiq vazn yo‘qotayotgan ortiqcha vaznli kishilarga nima deysiz?

Ustoz yoki qiziqishingizga mos keladigan guruhlar, mas'uliyatli hamkorni izlang. Ana o‘shanda yolg‘izlikdagiga qaraganda uzoqroqqa siljiysiz.

Tez yurishni istasang – bir o‘zing yur. Uzoqqa borishni istasang – hamroh bilan yur.

3. Ruhiyatingizni rivojlanishga sozlang

Maqsadga erishish yo‘lidagi to‘siq – bizning xudbinligimiz. Atrofdagilarga biror narsani isbotlashni bas qilsak, xudbinligimizni himoya qilish muammosi ikkinchi darajaga o‘tadi. Kuch esa ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratiladi.

Foto: Unsplash

Stenford universiteti tadqiqotchisi Kerol Dvek 20 yillik tadqiqotlari natijasida rivojlanish fikri baxtli munosabatlar qurish, muvaffaqiyatga erishish va qiyinchiliklarga qarshi turishda yordam beradi, degan xulosaga kelgan.

4. Jadval tuzing

Kevin Kruz muvaffaqiyatli milliarderlar, Olimpiya chempionlari va tadbirkorlarning odatlarini o‘rgangan. O‘z yutuqlari haqida gapirganida ularning hech biri ishlar ro‘yxatini eslab o‘tmaganini sezgan.

Kruzning so‘zlariga ko‘ra, vazifalar ro‘yxatining kamchiliklari bor.

Ro‘yxat vaqtni hisobga olmaydi. Ko‘z oldimizda ishlar ro‘yxati gavdalanganida tezroq amalga oshiriladigan ishlarga kirishamiz, ko‘proq vaqt talab etadigan bandlarni esa keyinroqqa qoldiramiz. iDoneThis kompaniyasining tadqiqotlari ishlar ro‘yxatining 41 foizi bajarilmay qolib ketishini ko‘rsatgan.

Ro‘yxat muhim va tezkorlik o‘rtasidagi tafovutni namoyish etmaydi. Muddati oz qolgan vazifalarni bajarishga kirishib, muhim ishlarni ko‘zdan qochiramiz (aytgancha, flyurografiya qildirganingizga ancha bo‘ldimi?)

Ro‘yxat zo‘riqishni keltirib chiqaradi. Psixologiyada Zeygarnik effekti ma'lum: yakunlanmagan ishlar ular to‘g‘risidagi fikrlarni uyg‘otadi. Natijada kun davomida o‘zimizni o‘ta charchagan his qilamiz va tunda uyqusizlikdan aziyat chekamiz.

Vazifalar ro‘yxatini tuzish o‘rniga jadval-kalendar tuzing. Unda o‘z vazifalaringizni tartibga soling.

Jadval ustuvorliklarni belgilash va ularni bajarish uchun vaqtni hisobga olishda yordam beradi: masalan, kuniga 30 ta so‘zni yodda saqlash yoki har tongda xorijiy tilni o‘rganish bilan shug‘ullanish.

5. O‘zgalarga o‘rgating

O‘rganilgan narsalarni yodda saqlashning tezkor va samarali usullaridan biri – bilimni darhol amaliyotda qo‘llash yoki biror kishiga o‘rgatish.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, odamlar

  • ma'ruza tinglaganida 5 foiz;
  • predmet to‘g‘risidagi ma'lumotni o‘qishganida 10 foiz;
  • audio va videomateriallar yordamida biror narsa o‘rganishsa, 20 foiz;
  • guruhda ma'lumot muhokama qilinganida 50 foiz;
  • o‘rganish amaliyot bilan birga olib borilganida 75 foiz;
  • o‘rganilgan materialni kimgadir o‘rgatishsa, 90 foiz materialni eslab qolishar ekan.

Bunday ko‘rsatkichlarning asosiy sababi o‘rgatish jarayonida miyangiz yo‘l qo‘yilgan xatolarni tezroq anglaydi va ularni bartaraf etishga o‘z diqqatini qaratishidadir. Bu esa passiv o‘rganishning barcha an'anaviy usullariga zid keladi.

Foto: Unsplash

Shuning uchun qanday materialni o‘rganayotganingizning ahamiyati yo‘q. Muhimi, diqqatni o‘rgana olganlaringizga qaratish.

Hech qachon bajarmagan ishlaringiznini amalga oshirib, yangi narsalarni o‘rganing. Ularni o‘zgalarga o‘rgatib, bilimingizni saqlab qoling. Yodda saqlang va takrorlang.

6. Qiziqing

Nima uchun ayrim kishilar parhezga bir oy amal qilgach, uni tashlab, unga boshqa hech qachon qo‘l urishmaydi? Chunki uni buzganlik uchun jazo berilmaydi. Tort bo‘lagini yeganingiz uchun sizni ishdan haydab yuborishmaydi-ku.

Agar muvaffaqiyatsizlik uchun biror yo‘qotishni his qilsangiz, maqsadga erishishingiz oson bo‘ladi. Maxsus ilovalar yordamida sizni nazorat qilib, kelishuv shartlari buzilgan holatda pulni xayriya sifatida yuborish uchun biror kishini toping. Ana o‘shanda maqsad sari intilib, hayotni biroz yaxshilashga muvaffaq bo‘lasiz.

Men maqsadga bir haftadan keyin yetib olishim kerak. Agar o‘xshamasa, biror boshqa ish bilan shug‘ullanaman.

Ko‘proq yangiliklar: