4 yildan keyin ishsiz qolmaslik uchun nimani o‘rganish kerak?

Light 15:07 / 12.11.2018 40919

Butunjahon iqtisodiy forumi (WEF) yaqin yillardagi mehnat bozori kelajagi to‘g‘risidagi ma'ruzani chiqardi. Sun'iy idrokning (SI) rivojlanishi sabab 2022 yilga kelib dunyo 75 million ish o‘rnini yo‘qotadi. Biroq 133 millionta yangi ish o‘rniga ega bo‘ladi. Xursand bo‘lishga shoshilmang, bari oson emas.

Foto: Unsplash

Ushbu ma'ruzaga ko‘ra:

  • SI yaqin bir necha yillarda ish o‘rinlariga ta'sir ko‘rsatadi: agar hozir kompyuterlar ish operatsiyalarining 29 foizini bajarayotgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib, bu ko‘rsatkich 52 foizga yetadi.
  • Gap shundaki, robotlar bizlarni ish joylaridan siqib chiqarishmaydi, o‘yin shartlari biroz o‘zgarishi ehtimoli katta: bir xil ishni bajarish uchun turli ko‘nikmalar talab etiladi.

WEF mutaxassislari biror yangi narsa aytishgani yo‘q. Yaqin yillarda sun'iy idrokning barcha ish joylariga ega chiqishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar internetda talaygina. Ularga ishonish-ishonmaslik har kimning shaxsiy ishi. Biroq oldindan tayyorgarlik ko‘rgan ma'qul. 10 yil avval hech qanday SI bo‘lmagan, hozir esa u bilan har kuni yuzma-yuz kelyapmiz. 10 yildan keyin dunyoga robotlarning ta'siri odamga qaraganda ko‘proq bo‘ladi. Nimaga bo‘lmasligi kerak?

Ma'ruzaning ikki qiziq jihati bor:

Birinchidan, 4 yil. Ilgari 10-50 yillar haqida gapirilar edi. Endi esa bor-yo‘g‘i 4 yil. 2022 yilga kelib, dunyoda global o‘zgarishlar kuzatiladi. Ma'ruzadagi xulosalarga ishonmaslikka asos ham yo‘q.

Ikkinchidan, o‘yinning yangi qoidalari. Kelajakdagi odamdan nima talab etiladi? Mualliflar bu savolga juda qiziq javob berishgan. Eng muhimi – tezkor va uzluksiz malaka oshirish.

Ma'ruza mualliflari 4 yildan keyin qaysi ko‘nikmalar asosiy bo‘lishi haqida aytishgan (ahamiyatining kamayib borishi ketma-ketligida).

  1. Nostandart vazifalarni mustaqil yechish ko‘nikmasi.
  2. Tanqidiy fikrlash.
  3. Ijodkorlik.
  4. Odamlarni boshqarish ko‘nikmasi.
  5. Guruhda harakatlarni muvofiqlashtirish.
  6. Empatiya.
  7. Qarorlarni mustaqil qabul qilish.
  8. Mijozga yo‘nalganlik.
  9. Muzokaralar o‘tkazish.
  10. Fikrlashning moslashuvchanligi.
Foto: Unsplash

Xo‘sh, endi nima qilish lozim?

O‘qish-o‘rganish. WEF tadqiqotchilari uzluksiz o‘qish qobiliyatiga ega kishilarga talab yuqori bo‘lishini ta'kidlashmoqda. Ularga ishonmasangiz ham baribir o‘qish kerak. O‘rganish hech qachon ortiqchalik qilmaydi.

Aytgancha, ma'ruzadan. Agar mana bu sohalarda ishlasangiz, biroz xavotirga tushish kerak:

  • Moliya va investitsiya.
  • Ishlab chiqarish va infratuzilma.
  • Transport va logistika.
  • Axborot va kommunikatsion texnologiyalar.
  • Marketing va reklama.
  • Menejment va kadrlar boshqaruvi.
  • Energetika.
  • Savdo va qishloq xo‘jaligi.
  • Sog‘liqni saqlash.
  • Media, axborot va ko‘ngilochar xizmatlar.

Aynan nimani o‘rganish kerak?

Eng qizig‘i, nimani o‘rganish kerakligini hech kim aniq tushuntira olmaydi.

Biroq mantiqiy fikrlash va ta'limni uch qismga ajratishga harakat qilamiz:

Foto: Unsplash

Asosiy ko‘nikmalar

Bu boshlang‘ich sinf darajasi. Ular bo‘lmasa, o‘qishni davom ettira olmaysiz.

O‘qish, yozish va kompyuterda ishlay olish qobiliyati. Asosiy uchta ko‘nikma aynan shularni o‘z ichiga oladi.

To‘rtinchisi esa - ingliz tili. Agar tilni o‘rganishni ortga surib kelayotgan bo‘lsangiz, hozir buning ayni payti.

Umumiy ko‘nikmalar

WEF ma'ruzasiga ko‘ra, odamlar bilan ishlay olish (empatiya), o‘z-o‘zini tashkil qila olish, nostandart fikrlash, o‘qish qobiliyati (qiziquvchanlik) talab etiladi.

Kim bo‘lib ishlashingizdan qat'i nazar bu ko‘nikmalar sizga asqotadi.

Professional ko‘nikmalar

Bu yerda vaziyat biroz og‘irroq. Ikkita yo‘lingiz bor: o‘z kasbingizda ko‘nikmalarni takomillashtirish yoki uni esdan chiqarib, yangisini qo‘lga kiritish.

Foto: Unsplash

Yana universitetga borish kerakmi?

Sinab ko‘rish mumkin, biroq ma'nisi yo‘q. Oliy ta'lim tizimi surunkali ravishda texnologiyalar rivojidan ortda qolmoqda. Diplom maoshga ham ta'sir ko‘rsatmaydi. Mashinali ta'lim, katta ma'lumotlar va bulutli texnologiyalarni universitetlarda o‘rganish boshlanguniga qadar hali ko‘p vaqt o‘tadi.

Qissadan hissa...

O‘qib-o‘rganishga vaqt va pulni sarflash – eng to‘g‘ri yo‘l. Ayniqsa, dunyo juda tez sur'atlarda o‘zgarayotgani hisobga olinsa, bu – juda muhim.

Ko‘proq yangiliklar: