Vazirlik ma'lumoti: Oltiariqdagi stadion buzilmaydi

Jamiyat 08:31 / 10.11.2018 13313

Noyabr oyining birinchi kuni KUN.UZ saytida Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumanidagi markaziy futbol stadioni tuman hokimi qaroriga asosan buzilayotgani haqida maqola e'lon qilingan edi.

Tahririyat ijodiy guruhi tomonidan tayyorlangan maqola va videolavhada 1966 yilda xalq  tomonidan hashar yo‘li bilan qurilib, 2013 yili Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘iga qayta qurilgan, Olimpiya standartlariga to‘liq javob beruvchi arenani tuman hokimining “Davlat standartlariga to‘g‘ri kelmagani sababli stadionni qayta moslashtirish uchun ishchi guruhi tuzilsin” mazmunidagi qaroriga asosan buzilayotgani tahlil qilingan.

Videolavhada, shuningdek, mutasaddilar tomonidan stadion bilan birgalikda milliy merosi bo‘lgan chinorlar, otalar choyxonasi ham buzilib, tuman dehqon bozorining rekonstruksiya qilish natijasida joysiz qolgan savdogarlar uchun yer maydoni sifatida berilayotgani haqida so‘z yuritilgan edi.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Bolalar va o‘smirlar sport maktabining futbol sport turi bo‘yicha murabbiyi Xayrullo Mirzajonov bilan bo‘lgan suhbat davomida murabbiy Oltiariqdagi futbol maydoni bugun havaskor va professional sportchilarning sevimli maskani, qator yulduzlarni kashf etgan dargoh ekanligi, Bolalar va o‘smirlar sport maktabi majmuasining bir qismi bo‘lgan maydonga tuman mutasaddilari turli tadbirlardagina kelishi, boshqa vaqt esa bu maydon BO‘SM tomonidan foydalanishga yaroqli holda ushlab turilishini haqida so‘zlagandi.

Maqola e'lon qilinganidan so‘ng, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi KUN.UZ saytiga mazkur muammo vazirlik tomonidan o‘rganib chiqilib, bartaraf qilingani haqida ma'lumot berdi.

“Oltiariq tumanidagi bolalar-o‘smirlar sport maktabi balansidagi futbol o‘yingohi 2015 yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi (Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi) mablag‘lari hisobidan qurib foydalanishga topshirilgan.

Hozirda ushbu sport maktabida 1040 nafar bola muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 iyundagi PQ-3031-sonli “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 8-bandida hududiy hokimliklarga sport ta'lim muassasalari va majmualari ixtiyoridagi yer maydonlarini (ochiq va yopiq turdagi sport inshootlarini) tasarruf etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida amalga oshirilishiga qat'iy rioya qilish vazifasi yuklatilgan.

Shunga muvofiq, Farg‘ona viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i S.Dehqonova tomonidan 2018 yil 3 oktabrda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani hokimi X.Niyozovga 1135-sonli xat yuborilgan bo‘lib, unda sport inshootiga o‘zgartirish kiritish va uning arxitektura ko‘rinishiga qo‘shimcha kiritish O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshirilishi lozimligi haqida ma'lum qilingan.

Mazkur murojaatga javoban, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani hokimi joriy yil 29 oktabrdagi 1945/1-sonli xati bilan Farg‘ona viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga tumandagi “Markaziy o‘yingoh” bosh rejasi o‘zgarishsiz qoldirilgani, o‘yingoh hamda unga yondash “Istirohat bog‘i” hududidan avtomobil yo‘li o‘tmasligini ma'lum qilgan.

Shuningdek, tuman hokimining 2018 yil 22 iyundagi “Markaziy dehqon bozori hududidagi buzilishga tushgan tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan savdo do‘konlari ko‘chirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 29 may kungi “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish munosabati bilan yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash to‘g‘risida”gi 97-sonli qarori ijrochini ta'minlash to‘g‘risida”gi
2001-sonli qarori tuman hokim 2018 yil 31 oktabrdagi 3471-sonli qarori bilan bekor qilingan.

Ayni kunlarda Prezidentimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportni aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha qat'iy topshiriqlar berilgan bo‘lib, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan respublikamizdagi mavjud sport inshootlaridan samarali foydalanish, ularni moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga e'tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda vazirlik aholiga sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish bo‘yicha mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Shu o‘rinda sport inshooti taqdiriga befarq bo‘lmaganliklari uchun KUN.UZ sayti ijodkorlariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz”, deyiladi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati taqdim etgan ma'lumotda.

KUN.UZ tahririyati, tahliliy maqolaga o‘z munosabatini bildirib, mavjud muammoni ijobiy hal etgan Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga o‘z minnatdorchiligini bildirib qoladi.  

Elmurod Ermatov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: