«Sho‘rtanneftgaz»ning 324 nafar xodimi ko‘chada qoldimi? Ko‘plab xodimlar «O‘zbekneftgaz»ga adolat istab kelishdi

Jamiyat 17:00 / 09.11.2018 44326

5 noyabr kuni «Kun.uz» sayti tahririyatiga «Sho‘rtanneftgaz» MChJning qo‘riqlash xizmati xodimlarining ommaviy ravishda ishdan ozod etilgani haqida murojaat kelib tushdi. Murojaatda aytilishicha, «Sho‘rtanneftgaz» MChJ  «Tezkor» qo‘riqlash tarmog‘ining 324 nafar xodimi favqulodda ishdan bo‘shatib yuborilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, yuzlab xodimlar «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik kompaniyasi rahbariyati qabuliga kirish uchun Qashqadaryo viloyatidan Toshkent shahriga kelgan. Shundan so‘ng, alamzada xodimlarga bu ish belgilangan tartib-taomil bo‘yicha hal qilinishi kerakligi bildirilgan va ular bilan uchrashuv o‘tkazilgan.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Darhaqiqat, kompaniya bosh ofisi joylashgan bino oldida tumonat odam to‘plangan ekan. Yig‘ilganlarning yagona maqsadi – yuzaga kelgan tushunmovchiliklarga oydinlik kiritib olish edi.

«1 noyabr kuni bizga to‘satdan barcha xodimlar ishdan bo‘shatildi, deb aytib qolishdi. 324 nafar xodim ommaviy ravishda ishdan olingandi. Keyin rahbariyatga uchrashuv o‘tkazish uchun murojaat bilan chiqdik. Rahbarimizni topib bo‘lmadi. Rejim rahbarlari ham telefonni ko‘tarishmadi. Ogohlantirish xati berilmaganini aytib, e'tiroz bildirdik. Qashqadaryo viloyat hokimligiga ham bordik. Arzimizni eshitishib, rahbarimiz bilan uchrashuv tashkillashtirib berishdi. Hamma o‘z sharoitini tushuntirdi.

Biroq rahbar parvo ham qilmadi va bu tepadan kelgan buyruq ekanligini aytdi. Hamma stress holatida qolgandi. Avval ham, aprel oyida shunday holat sodir bo‘lgandi. Prezidentning virtual qabulxonasiga shikoyat yo‘llaganimizdan so‘ng majlis o‘tkazilib, ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi buyruq bekor qilingan edi. Shu orada vaziyat biroz yaxshilangandek bo‘ldi, biz ham o‘z tashabbuskorligimizni ko‘rsatdik, jon-jahdimiz bilan ishladik, kondensat o‘g‘rilarini ham ushlab berdik. Lekin rahbariyatimizga qilgan ishlarimiz ko‘rinmayapti. 1 noyabr kuni shunday kelishdi-da, ishdan bo‘shadinglar deyishdi. Hozir qayerga borishni bilmay boshim qotgan, uch nafar farzandim bor, kredit to‘lashim kerak», deydi qiyin ahvolda qolgan xodimlardan biri Kamol Tangirov.

Ishdan bo‘shatilishi aytilgan xodimlar bilan suhbatlashib turgan vaqtimizda «O‘zbekneftgaz» xodimlaridan biri keldi va uchrashuv uchun tayinlangan joy tomon bizni boshlab bordi.

Ma'lum vaqt kutilgandan so‘ng, murojaatlar xonasiga jamiyatning rahbar lavozimidagi xodimlari kirib kelishdi va uchrashuv boshlandi. Bo‘lib o‘tgan ishlarni va xodimlarning arz-dodlarini eshitgandan so‘ng, masalaga rahbarlar o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

«Hamma narsaning o‘z qonun-qoidasi bor. Bir kunda kelib, ishdan bo‘shading, deyishga hech kimning haqqi yo‘q. Agar siz aytayotgandek holat ro‘y bergan bo‘lsa, bu protsedura buzilgan bo‘ladi. – Lekin sizlar taqdim etgan hujjatda mehnat shartnomasi bekor qilinsin, degan jumla yo‘q.

Mehnat qonunchiligi bo‘yicha, ish beruvchi hech kimni o‘z-o‘zidan ko‘chaga olib chiqib qo‘yishi mumkin emas. Biz buni nazoratga olamiz. Agar bu jarayonning bitta punkti buzilsa, sud ham ishga tiklab qo‘ya oladi», deya javob berdi jamiyat kadrlar departamenti boshlig‘i Muzaffar Kamoliddinov.

Muzaffar Kamoliddinov

– Ishlab chiqarish bo‘yicha rais o‘rinbosari Qobuljon To‘xtayev bu tashabbus yuqoridan kelganini aytdi. Uning izohlashicha, hududda qurol olib yurib qo‘riqlashni tashkil etish lozim va bunga faqat ichki ishlar xodimlari haqli.

Ammo vaziyat yanada chuqurroq o‘rganishni talab etgani tufayli barcha hujjatlarni va holatni aniqlashtirish uchun «O‘zbekneftgaz» AJ raisining Iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Ashurov ishchi komissiyasi tuzish taklifini berdi.

Bunday holatda mehnat qonunchiligi bo‘yicha qay tartibda ish ko‘riladi? Ishchi va ish beruvchi qanday huquq va majburiyatlarga ega? Ushbu savollarga javob olish maqsadida Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi malakali advokat Bahodir Hamroqulov bilan uchrashdik.

Bahodir Hamroqulov

«O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasida ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari belgilab o‘tilgan. Ushbu asoslardan biri, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqargani yoxud korxonaning tugatilganidir. Ushbu asosga ko‘ra mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qonun hujjatlarida bir qancha talablar belgilangan.

Dastlabki talablardan biri, ish beruvchi xodimlarni ommaviy ravishda ishdan ozod etish ehtimoli to‘g‘risida o‘z vaqtida, lekin kamida ikki oy oldin tegishli kasaba uyushmasi organi yoki xodimlarning boshqa vakillik organiga axborot taqdim etadi va ishdan ozod etish oqibatlarini yengillashtirishga qaratilgan maslahatli ishlarni amalga oshiradi. Ish beruvchi, shuningdek kamida ikki oy oldin har bir xodimning kasbi, mutaxassisligi, malakasi va mehnat haqi miqdorini ko‘rsatgan holda, bo‘lajak ishdan ozod qilish to‘g‘risidagi ma'lumotlarni mahalliy mehnat organiga ham ma'lum qilishi shart.

Xodimning mehnat shartnomasi kodeksning 100-moddasi ikkinchi qismi 1-bandi bilan bekor qilinayotgan bo‘lsa, bu to‘g‘risida xodim kamida 2 oy oldin yozma ravishda ogohlantirilishi lozim. Bu davr ichida xodimga boshqa ish qidirish uchun ish haqi saqlangan holda haftada bir kun bo‘sh ish kuni beriladi.

Bundan tashqari, mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishdan oldin kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning vakillik organi roziligi olinishi lozim.

Shuningdek, ish beruvchi qisqarishga tushgan xodimlarni ushbu korxonada mavjud boshqa ish bilan ta'minlash chorasini ko‘rishi lozim.

Mehnat shartnomasini bekor qilishda yuqorida qayd etilgan qonun talablariga rioya etilmasligi xodimning ishga tiklanishiga sabab bo‘ladi.

Umid qilamizki, «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik kompaniyasini yuzlab soha xodimlarining taqdirini befarq qoldirmaydi.

Bahodir Ahmedov Kun.uz muxbiri
Fazliddin Abduqodirov operator

Ko‘proq yangiliklar: