KXShT yetakchilari tashkilotning yangi bosh kotibi borasida bir qarorga kela olishmadi

Jahon 00:34 / 09.11.2018 7772

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a'zo davlatlarning Ostona shahridagi uchrashuvida tashkilotning yangi bosh kotibi tasdiqlanmadi. Bu haqda Rossiya xavfsizlik kengashi raisi Nikolay Patrushev ma'lum qildi. Nomzod bo‘yicha qaror 6 dekabrda Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan sammitda qabul qilinadi, deb xabar qildi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. Ungacha Valeriy Semerikov bosh kotib vazifasini bajarishda davom etadi.

Xabar qilinishicha, prezidentlarning muzokaralari uch soatdan ortiq davom etgan. 

Ilgari KXShT bosh kotibi lavozimini egallab turgan Yuriy Xachaturovga nisbatan Armanistonda konstitutsion tuzumni ag‘darish ayblovi bo‘yicha ish ochilgan. Uning vazifasini bosh kotib o‘rinbosari Valeriy Semerikov vaqtincha bajarib turibdi.

Sammit arafasida Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov bosh kotib lavozimiga Semerikov, Belorussiya yoki Armaniston vakili ko‘rilayotganini bildirgandi. 

Sammit yakuni bo‘yicha KXShT a'zolari deklaratsiya qabul qilishdi. Hujjatda a'zo davlatlar Afg‘onistonda giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarish o‘sgani va mamlakat shimolida terrorchilarning mustahkam o‘rnashib olishga urinishlaridan tashvishda ekanligi aytildi.

Bundan tashqari, KXShT yetakchilari Afg‘onistondagi vaziyat faqatgina tinch vositalar bilan o‘rnatilishi tarafdori ekanliklarini bildirdi.

Sammit ishtirokchilari shuningdek, axborot makonida nizolarning oldini olish, axborot qurollanish poygasiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirishdi.

Vazirlar tezkor harakatlanuvchi kollektiv kuchlar va KXShT tinchlikparvar harbiylari kontingenti va uyushmalari tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish haqida kelishib olishdi. 

Semerikovning so‘zlariga ko‘ra, KXShTga a'zo davlatlar vakillari havo va raketa hujumidan mudofaa bo‘yicha birlashgan yagona tizimni tashkil etish bo‘yicha ish rejasini kelishish imkonini topa olishmagan

Ko‘proq yangiliklar: