«Botqoqqa botayotgan» Qo‘qon xalq ta'limi. Maktab o‘quvchilari orasida homiladorlik  va pichoqbozlik holatlari aniqlangani rostmi?

Jamiyat 15:12 / 09.11.2018 93952

Tug‘ib tashlash bilan bo‘lmas bola, balo bo‘lg‘ay sizga,

Vujudi tarbiyat topsa, bo‘lur rahnamo sizga.

Temirchining bolasi tarbiya topsa, bo‘lur olim,

Buzilsa xulqi, Luqmon o‘g‘li bo‘lsa, bo‘lg‘usi zolim. (Abdulla Avloniy)

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qondagi ta'lim tizimi «botqoqqa botayotgani» haqida xabar tarqalgandi. Ba'zi maktablarda tarbiyaviy ishlar to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani sabab so‘nggi vaqtlarda maktab o‘quvchilari homilador bo‘lib qolgani va o‘quvchilar o‘rtasida pichoqbozlik holatlari ko‘payib ketganligi aytilgandi.

KUN.UZ mazkur voqea yuzasidan Qo‘qon shahrida o‘z jurnalistlik surishtiruvini o‘tkazdi. Bosh prokuratura matbuot xizmati ko‘magi bilan homiladorlik va pichoqbozlik holatlari yuzasidan ma'lumotlar to‘plandi.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Aniqlanishicha, shahardagi 19-maktab o‘quvchisi M.A. joriy yilning 31 may kuni tanishi X.Q. bilan janjallashgan. Janjal vaqti unga pichoq urib tan jarohati yetkazgan. 1 iyun kuni M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish sudga oshirilib, aybdorga nisbatan tegishli jazo tayinlangan.

Yana shunday holatlardan biri joriy yilning 20 may kuni 2-maktab o‘quvchisi L.J. va 29-maktab o‘quvchisi J.O. o‘rtasida bo‘lib o‘tgan. Ikki shaxs o‘rtasida nizo kelib  chiqqan va L.J. tanishi J.O.ga pichoq urib, tan jarohati yetkazgan. Prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2018 yilning 6 avgust kuni aybdorga sud hukmi bilan jazo tayinlangan.

Shahardagi 23-maktabning voyaga yetmagan o‘quvchisi, M.T. 1-maktab o‘quvchisi X. bilan jinsiy aloqada bo‘lishi natijasida qiz farzandni dunyoga keltirgan. 2017 yilning 31 dekabr kuni holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi bilan aybdor shaxslarga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanilgan. Yosh ona farzandidan voz kechgan va chaqaloq bolalar uyiga topshirilgan.

Aynan shu maktab o‘quvchisi M.A ham tanishi bilan jinsiy aloqada bo‘lib, u ham homilador bo‘lib qolgan. 2017 yilning 30 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi bilan ish qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. M.A.ning kamqonligi hisobga olingan, farzand ko‘rishi uning hayoti uchun xavf solishi mumkinligi aytilgan va tegishli tibbiyot muassasasining ko‘rsatmasi asosida uning homilasi abort qilingan.

Bu ma'lumotlarni eshitganimizdan so‘ng, zudlik bilan Toshkentga shoshildik. Qaytiboq Xalq ta'limi vaziri Sherzodbek Shermatov bilan bog‘landik. Vazir bu holatga o‘z munosabatini bildirdi. O‘rinbosari boshchiligida ishchi guruh tuzilib, Qo‘qon shahriga xizmat safariga jo‘natildi. Shoshilinch majlis o‘tkazildi. Birinchi qadam tashlanib, shahar xalq ta'limi mudiri ishdan olindi. To‘liq tekshiruv uchun ko‘p vaqt talab qilinadi. Yana maktab direktorlari ishi ham tegishlicha bittadan ko‘rib chiqilishi belgilab olindi. Vazirlik KUN.UZ’ga o‘z minnatdorchiligini izhor etib, kelgusida ham shunday operativ tarzda hamkorlikda ishlashni davom ettirishini bildirdi.

Sherzod Shermatov

Biroq kimnidur ishdan olinishi, uning o‘rniga yangi rahbar tayinlanishi va unga katta ishonch bildirilishi yoki aybdor shaxslarning jazosini olishi bilan muammo hal etildi, deb hisoblab bo‘lmaydi.

Jamiyatda bunday holatlar ko‘payib borishida juda ko‘pchiligimiz iqtisodni sabab qilib ko‘rsatamiz. Ota-onalar birgalikda pul topishga kirishib ketgan. Farzand tarbiyasiga vaqt topa olmayapti deyishimiz mumkin. Yoki bo‘lmasa maktablarda tarbiya fanlariga yetarlicha e'tibor berilmayapti deymiz. Albatta, bular ham sabablardan biri bo‘lishi mumkin. Lekin eng asosiy sabab sifatida ota-onalarning befarqligi deb bilaman. Fikrimcha, farzand tarbiyalamoqchi bo‘lgan insonga doim vaqt topiladi. Shunchaki, dildan kirishib farzandlarga yoshligidan nima yomon-u nima yaxshi ekanini tushuntirib borishimiz kerak. Ulardan vaqtimizni ayamasligimiz zarur.

Keyingi sabab sifatida jamiyatimizda kuchli sotsiolog olimlar, psixologlar va pedagoglar yetishmasligida deb bilaman. Misol uchun Yevropa davlatlaridan Germaniya va Fransiyada darsliklar ro‘yxatida sotsiologiya eng muhim fan sifatida qaraladi. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushidan so‘ng, Germaniya hukumati jamiyatshunoslarga e'tiborini oshirdi. Ular faoliyatini rag‘batlantirdi. Rivojlanishiga barcha sharoitlar yaratib berila boshladi. Sohaga doir bir nechta tadqiqot institutlari tashkil etildi. Ular jamiyatda yuzaga kelgan muammolarning sabablarini o‘rganadi va ko‘p hollarda yechim ham beradi. Eng muhimi ularning yechimi ko‘p hollarda to‘liq realizatsiya qilinardi. Aksar jamiyatshunoslar odatda bunday holatlar ko‘payishining sababi sifatida dinshunoslikning jamiyatda o‘rni yo‘qolishi, deb ko‘rsatishadi. Insonlar teologik (diniy) nazariyalarga ishonmay qo‘yadi, oxir-oqibatda inson hayotiga tajovuz va boshqa og‘ir qilmishlarga ham oddiy ko‘z bilan qarashni boshlaydi.

Bu borada Islom instituti mudarrisi Mubashshir Ahmad bilan suhbatlashdik. Ular bo‘lib o‘tgan voqealarga o‘z munosabatini bildirib, yechimlar bo‘yicha takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

Mubashshir Ahmad

«Xalqimizda naql bor. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi. O‘tgan vaqt oralig‘ida bunday holatlarga befarq qarab keldik. Shunchaki yetarli chora ko‘rmay, jazo berish va qo‘rqitish bilan kifoyalandik. Hozir esa yashirishning iloji yo‘q. Barchasi sekin-asta oshkora bo‘lmoqda.

Bunday ishlarni dinimiz doim qoralaydi. Qur'oni Karimning Al-Isro surasi 32-oyatida Alloh Taolo o‘z so‘zlari bilan «Zinoga yaqinlashmang...», - deb aytgan. Yaqinlashish tugul u haqida xayol qilishni ham taqiqlaydi. Zino natijasida erkak qaddi bukiladi, millat buziladi. Jamiyat tizgini izdan chiqadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. ham zinoni qattiq qoralaganlar. «Zino vaqtida inson dindan chiqadi va tavba qilmaguncha musulmon bo‘lmaydi», - deb aytganlar. Yana bir hadis-u sharifda «Zino qilgan insonlarni Alloh ota-onalari ham ko‘rmagan kasalliklarga duchor qiladi», - deb qayta va qayta ta'kidlangan. Hozirda insonlar chalinayotgan bedavo OITS va boshqa xavfli kasalliklarni misol tariqasida aytishimiz mumkin.

Avvallari zino qilgan insonga darra urilgan yoki toshbo‘ron qildirilgan. Hozirgi kunda qonunlarimizga qaraydigan bo‘lsak, bunday qilmishlarga jazolar og‘ir emas. Bu masalada alohida mushohada qilib ko‘rishimiz kerak. Islom dini bunday zino ishlariga salbiy oqibatlari bilan qo‘rqitish, jazo va yechim bilan kurashadi. Bunday harom ishlar oxiratda do‘zaxda yonish bilan jazolanadi.

Yechim masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, insonlar o‘z vaqtida nikohga kirishishi kerak. Hozirda bunga qarshilik qiluvchi eng asosiy omil bu to‘ylarning ko‘p xarajatliligi. Mebel, artist, kortej va boshqalar. Insonlar endi bulardan uzoqlashishi kerak. Hashamatli to‘ylarni bas qilishimiz zarur.

Ikkinchidan oilada erkaklar erlik vazifasini qilmay qo‘ymoqda. Oila masalasiga sustkashlik bilan befarq qarash avj olgan. Oilani boqish, farzandlarni tarbiyalash faqat ayol yelkasiga tushmoqda. Shunday qo‘shtirnoq ichida erkaklar borki, uyalmay vijdonsizlarcha ayoli topib kelgan pulni sarflaydi. Uyalmaydi.  Yana oilasini boqa olmay ulardan voz kechib chet elga ketvorgan erkaklarni ham uchratish mumkin.

Uchinchidan ayollarimiz orasida ham hayo-ibo tobora yo‘qolib bormoqda. Ochiq-sochiq kiyinish urf bo‘lgan. Bu ko‘z zinosiga sharoit yaratadi va, o‘z navbatida, inson hissiyotlarini jilovlay olmay qoladi. Zinoga qo‘l uradi. Yevropadan kirib kelgan bunday kiyinishlarga barham berish kerak. Yaratgan bizga nima ma'qulligini biladi. Uni tavsiyasiga amal qilishimiz lozim.

Yana har qanday sharoitda nomahram begona ayol va erkak bir xonada alohida qolmasligini ta'minlash zarur. O‘zlari ham tushunishi kerak. Chunki u yerda uchinchisi shayton bo‘ladi. U ularni zaharlaydi va zinoga chorlaydi. Oqibatini inson hech qachon hissiyotlar vaqti o‘ylamaydi.

Insonlarning islom diniga bo‘lgan fobiyasini yo‘qotish kerak. Ularga doim islom dini haq din ekanini tushuntirishimiz zarur. Islomda ayollar huquqlari chegaralanmagan. Cheksiz va hatto erkaklarga nisbatan bir necha barobarga keng. Kalta kiyinishga qarshi chiqish bilan ularning huquqlari chegaralanib qolmaydi. Buni barchamiz bilishimiz kerak. Buni hatto dunyoviy ilmlar ham isbotlagan. Kalta kiygan ayollar uzun kiyadigan ayollarga nisbatan shamollash ehtimoli kuchli.  Natijada bepushtlik va boshqa kasalliklarga chalinadi. Demak sog‘liqqa zararli ishlardan saqlanishimiz zarur va lobud.

Pornografik mahsulotlar tarqalishiga ham qattiq jazolar belgilashimiz kerak. «Overton tuynugi» degan nazariya bor. Nazariyaga ko‘ra, manfaatdor razil insonlar boylik yoki hokimiyat ilinjida jamiyatga shunday illatlarni tatbiq etadi. Bunday siyosat orqali jamiyat buziladi. Ular boy bo‘ladi yoki hokimiyatni egallaydi. Past esa botqoqqa botadi. Albatta, bulardan Alloh Taolo o‘zi asrasin», - deb o‘z bilimlari bilan ulashdi Mubashshir domla.

Shundan so‘ng, psixolog-psixoterapevt Zebiniso Ahmedova bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, ota-onalar tomonidan beriladigan tarbiya noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan.

Zebiniso Ahmedova

«Yoshligidan beriladigan tarbiya berish prinsiplari buzilgan. Tizimli emas. Ayblari uchun jazo berish bilan kifoyalanilgan. Oqibatlari deyarli tushuntirilmaydi. Qo‘rqitilsa va tarbiya bermasdan oxirigacha tushuntirilmasa qiziqish baribir yashayveradi. Uni yana bir bor qilgisi keladi. Yoshlikda ishtiyoq doim kuchli bo‘ladi. Baribir o‘sha qilmish yomonligini bilsa ham yana amalga oshirgisi kelib qoladi. Buning uchun yuqoridagi tavsiyalarga amal qilishimiz kerak.

Shu bilan birga maktablarda psixologlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishimiz lozim. U har bir o‘quvchi bilan shaxsan shug‘ullansin. Suhbatlashsin, eshitsin va maslahatlari orqali yordam bersin. Chunki shunday gaplar bo‘ladiki, sizga faqat psixolog yordami zarur bo‘ladi. Ota-onalarga aytishni andisha qiladigan yoshlar bor. Ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib bermasak ong zaharlanishi va razil maqsadli insonlar bulardan foydalanishi mumkin», - deb o‘z tavsiyalarini bildirib o‘tdi Z.Ahmedova.

Endi bir zum fikr qilaylik. Barchamiz yaxshi va tinch yashashni xohlaymiz. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Yuqorida dolzarb muammolar sanaldi. Soha mutaxassislaridan yechimlar taklif o‘rnida berildi. Ular ham dunyo tarixi tajribasidan kelib chiqib gapirdi. Ochiq aytish kerak Mubashshir domla aytganidek «Overton tuynugi» kengayib bormoqda. Bunday voqealarga oddiy qaraydigan bo‘lib qoldik. O‘rganib qoldik. His qila olmayapmiz. Lekin hamma narsaning oxiri bo‘lganidek buning ham intihosi bor. Boshlangan ishlarimiz yaxshilik bilan tugashi uchun barchamiz birlashishimiz kerak. Bunday voqealarga nafrat bilan qarashni o‘rganishimiz zarur. Farzandlarimizga tushuntirishdan erinmaylik. Axir doim jar solganimizdek ular kelajagimiz. Ertamizga esa befarq bo‘lmaylik. Muammo bormi, yechimlari berilganda qo‘rqmay hal etaylik. Urinib ko‘raylik.

Zafarbek Solijonov, maxsus muxbir 
Sherzod Egamberdiyev, operator

Ko‘proq yangiliklar: