Prezident topshirig‘i: Turizm rivojiga yangicha impuls beriladi

O‘zbekiston 10:21 / 05.11.2018 16935

2018 yilning ilk to‘qqiz oyida xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga tashrif buyurayotganlar fuqarolar soni 3,9 million nafarga oshdi, o‘tgan yilning xuddi shu davrida esa bu ko‘rsatkich 1,9 million nafarni qayd etgan. Shunga qaramay, O‘zbekistonning mavjud salohiyatini inobatga olgan holda, bu ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashga kirishildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 2 noyabr kuni "Turizm sohasini jadal rivojlantirish masalalarini o‘rganish bo‘yicha guruh tuzish to‘g‘risida"gi topshirig‘ida sohani rivojlantirishdagi asosiy yo‘nalishlar belgilab berildi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Kun.uz muxbiriga shu haqida ma'lumot berdi.

Foto: Kamil Yenikeyev

- Turizmning keyingi rivoji nimalarga asoslanadi?

- Eng avvalo so‘nggi yilda boshlangan ishlarni davom ettirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Prezident Shavkat Miromonovich alohida e'tibor qaratilishi lozim bo‘lgan to‘rt yo‘nalishni belgilab berdilar.

1. Joylashuv vositalari

Zamonaviy va brend mehmonxonalar hamda  xostel, oilaviy mehmon uylari kabi hamyonbop joylashuv vositalari qurilishini tezlashtirish, shuningdek AirB&B tizimi bo‘yicha kvartiralar berish mexanizmlarini tatbiq qilish.

2. Transport logistikasi

Ikkinchidan, turistik oqimni oshirish va diversifikatsiyalash uchun bir-birini o‘zaro to‘ldirib turuvchi ichki va tashqi transport turlarini hisobga olgan holda, yagona, xavfsiz va innovatsion transport logistikasini rivojlantirish.

3. Madaniy meros sub'yektlari

Uchinchidan, sayyohlar uchun amaliy axborot-ma'lumotnoma tizimini yaratish, smart-turizm texnologiyalarini tatbiq qilish, turniketlar va videokuzatuvlar tizimlarini o‘rnatish orqali madaniy meros sub'yektlari, muzeylar, teatrlar, badiiy galereyalar faoliyati samaradorligini oshirish.

4. Turizm "monetizatsiyasi"

To‘rtinchidan, eng avvalo aviatashuvlar, joylashuv vositalari xizmatlari, sayyohlarning ovqatlanishini tashkillashtirish, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar va ishlab chiqarilayotgan suvenir mahsulotlar uchun moslashuvchan narx siyosatini o‘rnatish orqali turizm "monetizatsiyasi"ni oshirish.

- Vazifalarni bajarishda ish nimadan boshlanadi?

- Bugunga kelib turizm sohasi tezkor rivoji masalalarini o‘rganish bo‘yicha Respublika guruhi tuzilgan va uch ishchi guruhlarga ajratilgan. Noyabr oyi davomida mahalliy vazirlik va idoralar mutaxassislariga turistik sektor ekspertlari hamda vakillari bilan birga vaziyatni yaxshilab o‘rganish va turizm rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar yechimini topishga doir aniq takliflar aks etgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Fursatdan foydalanib, turistik sektor vakillari va mamlakatimizda turizm rivojiga befarq bo‘lmagan kishilarni yana bir bor turizmni rivojlantirish bo‘yicha yangi kompleks chora-tadbirlar rejasini tayyorlashda ishtirok etishga va o‘zlarining asosli takliflar hamda g‘oyalarini yo‘llashga chorlab qolamiz.

- Turizmga investitsiya kiritish qanday rag‘batlantiriladi?

- Eng avvalo turizm va transport infratuzilmasiga investitsiya jalb qilishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni aniqlab olish zarur. Fikrimizcha, bu masalani hal qilishda har bir investorning ariza topshirish jarayonidan boshlab to sarmoyaviy loyihani yakunlagunicha duch keladigan muammolarini o‘rganib chiqish lozim.

Shu kungacha turistik infratuzilma obektlari qurilishi uchun yer uchastkalarini taqdim etishni so‘rab murojaat qilgan investorlarning aniq ro‘yxatini shakllantirish zarur. Shu bilan birga, bo‘sh yer uchastkalarining aniq ro‘yxati bo‘lishi kerak.

Turistik infratuzilma obektlari qurilishiga doir loyihalarni amalga oshirish uchun tadbirkorlik obektlarini rag‘batlantirishga oid takliflar ishlab chiqish kerak. Jahonga mashhur brend darajasidagi mehmonxona biznesi tarmoqlarini jalb qilish (jumladan imtiyozlar taqdim etish yo‘li bilan) masalasiga yanada jiddiyroq yondashish vaqti keldi.

- Transportni rivojlantirish qay yo‘sinda kechadi?

- Bu eng avvalo mamlakatdagi transport va yo‘l bo‘yi infratuzilmasi, avtomobil yo‘llari, yo‘lovchilarni temir yo‘llar va avtomobil transporti bilan tashish tizimlaridagi muammoli masalalarni qamrab oladi.

Turistik toifadagi avtobuslar parki rivojlanishi talab etiladi. Kichik guruhlarga mo‘ljallangan mashinalar tanqisligi hanuz mavjud, yetish qiyin joylarga sayohat qilishga mo‘ljallangan avtomobillar parkini kengaytirish zarur.

Havo yo‘llariga nisbatan jiddiy rejalarimiz bor. Milliy aviatashuvchi aviatsion parkidan foydalanish samaradorligini oshirish bilan birga, muntazam va charter reyslar geografiyasini oshirish uchun xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish. Aeroportlardagi xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish uchun ularni alohida tuzilmaga ajratish, tanlov asosida tashqi boshqaruv uchun investorlarga topshirish variantlarini ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.

Yo‘lovchi aviatashuvchi bozorining davlat boshqaruv tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish, institutsional asoslarini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Bunda funksiyalarni davlat boshqaruvi, aviatashuvchi va aeroportlarni boshqaruvchi operatorga taqsimlash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, aviatsiya, temir yo‘l va avtomobil infratuzilmasi hamda zarur kommunikatsiyalar dinamik rivojiga oid dasturlarni hammoliyalashtirish uchun xalqaro moliyaviy institutlarni jalb qilish masalasini ko‘rib chiqamiz.

- O‘zbekiston bo‘ylab turlarni mazmunan boyitish yo‘lida qanday ishlar olib boriladi?

- Madaniy obektlarga xizmat ko‘rsatish tizimi rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqlash rejalashtirilgan. Bunday obektlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash va moliyaviy rentabelligini ta'minlashga yo‘naltirilgan takliflar ishlab chiqiladi.

Madaniy obektlarga kirish chiptalarini xarid qilish va nazorat qilish tizimini avtomatlashtirish hamda ularning elektron shakllarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek ularning xizmatlarini monetizatsiyalash vaqti keldi.

Bunday obektlardan ratsional va samarali foydalanish hamda aholida ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan amaliy mexanizmlarni belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Suvenir mahsulotlar assortimenti, ularni sotish nuqtalarining ahvoli, ishlab chiqarish va yetkazib berishdagi muammolarga alohida e'tibor qaratiladi. Sayyohlar tomonidan talabgor yangi suvenir mahsulotlari ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish zarur.

Shu bilan birga, hunarmandchilikni qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bunda nafaqat hunarmandchilikning mavjud yo‘nalishlarini saqlab qolish va rivojlantirish, balki uning yo‘qolgan yoki yo‘qolish xavfi ostida bo‘lgan turlarini qayta tiklashga e'tibor qaratiladi.Buning uchun esa hunarmandchilik maktablari ochiladi, sayyohlar uchun mahorat darslari nuqtalari tashkil qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: