O‘zbekiston interneti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatoridan joy oldi

Fan-texnika 20:58 / 01.11.2018 22622

Amerikadagi Freedom House Xalqaro huquqni muhofaza qilish nodavlat tashkiloti Freedom on the Net 2018 hisobotini taqdim etdi. 

«Dunyoda internet ozodligi» tadqiqoti internet-foydalanuvchilarning 87 foizi istiqomat qiladigan 65 mamlakatda o‘tkazildi. Bu tadqiqot 2015 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.

Anketa 21ta asosiy va 100ga yaqin qo‘shimcha savollardan iborat bo‘lib, ular internetga kirish bilan bog‘liq muammolar, kontentning cheklanishi, foydalanuvchilar huquqlarining buzilishi kabi uchta mezonga taalluqli.

Har bir savol bo‘yicha muayyan ballar beriladi, ushbu ballar qanchalik past bo‘lsa, internet shunchalik erkinroq demakdir (0-30 ball – erkin internet, 31-60 ball – qisman erkin, 61-100 ball – erkin emas).

Tadqiqotchilar butun dunyo bo‘ylab internet erkinligi cheklanishi kuzatilganini qayd etishgan.

Amalda barchasi bloklangan Xitoy 88 ball bilan reytingda oxirgi o‘rinda joylashgan.

Internet eng erkin mamlakatlar Islandiya (6 ball), Estoniya (6), Kanada (15), Germaniya (19) va Avstraliya (21) hisoblanadi.

O‘zbekiston 75 ball bilan «internet erkin bo‘lmagan» mamlakatlar qatoriga kirgan. Shu bilan birgalikda, tahlilchilar oxirgi yilda respublikada bu borada ijobiy o‘zgarish kuzatilganini qayd etishgan.

Qirg‘iziston 38 ball, Qozog‘iston 62, Belarus 64, Rossiya 67 ball olgan.

Ko‘proq yangiliklar: