Rossiya AQSh bilan urushga tayyorlanayotganini tasdiqladi

Jahon 08:34 / 27.10.2018 134607

Rossiya urush qilishga tayyorlanayotgan AQShdan farqli o‘laroq, o‘z hududi va manfaatlarini himoya qiladi. Bu haqda BMT Bosh assambleyasining birinchi qo‘mitasi yig‘ilishida Rossiya tashqi ishlar vazirligining qurollarni tarqatmaslik va nazorat qilish masalalari bo‘yicha departamenti rahbari o‘rinbosari Andrey Belousov aytib o‘tdi.

Andrey Belousov
Foto: Sergey Fadeichev/TASS

“Yaqinda o‘tgan yig‘ilishda AQSh Rossiya urushga tayyorlanayotganini aytdi. Ha, Rossiya urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda, buni tasdiqlayman. Biz vatanimizni, hududiy yaxlitligimizni, prinsiplarimiz va odamlarimizni himoya qilishga tayyorlanmoqdamiz. Biz shunday urushga tayyorlanmoqdamiz”, deb aytgan Belousov.

Diplomat BMTda Moskva tomonidan o‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish kelishuvini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kiritilgan rezolyutsiyaga qarshi ovoz berilgandan keyin bu haqda aytgan. 

Belousovning aytishicha, Rossiya va AQSh o‘rtasida katta tafovut bor. “Til borasida ham bu farq xoh rus tilida, xoh ingliz tilida bo‘lsin bir so‘zdangina iborat: Rossiya urushga tayyorlanmoqda, AQSh esa urush qilishga tayyorlanmoqda”, deb ta'kidlab o‘tgan rossiyalik diplomat.

“Aks holda AQShga kelishuvdan chiqib, yadroviy salohiyatini oshirishga, yadroviy qurol qo‘llanishi darajasini pasaytiruvchi yangi yadroviy doktrinani qabul qilishidan qanday naf bor? Mana bu hamma uchun savol”, deb aytgan Belousov.  

25 oktabrda BMTda Rossiya kiritgan rezolyutsiyaga qarshi ovoz berilgan. Unga 55 davlat qarshi chiqqan, 31 davlat qo‘llab-quvvatlagan, 53 davlat betaraflik bildirgan.  

20 oktabrda Donald Tramp Rossiyani o‘rta va kichik masofalarga mo‘ljallangan raketalarni yo‘q qilish kelishuvi bandlarini buzayotganlikda ayblab, AQSh bu kelishuvdan chiqishini va yangi qurol yaratishni boshlashini ma'lum qilgan. Rossiya bunga javoban tegishli, jumladan harbiy ko‘rinishdagi choralar ko‘rilishi mumkinligini aytgan. 

Ko‘proq yangiliklar: