O‘smirlar Olimpiadasida ishtirok etib qaytgan O‘zbekiston delegatsiyasi tantanali ravishda kutib olindi

Sport 10:39 / 22.10.2018 3625

Argentina poytaxti Buenos Ayres shahrida tashkil etilgan III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi 21 oktabr oqshomida Toshkentga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ularni tantanali kutib olish marosimi tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, sportchilarning yaqinlari, muxlislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi, deb yozadi MOQ rasmiy sayti.

Marosimda prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov nutq so‘zlab, musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etgan yosh sportchilar va ularning murabbiylarini tabrikladi va qo‘lga kiritilgan yutuqlar minnatdorchilik bildirdi. O‘z navbatida, Olimpiadaning oltin medali sohiblari Kumush Fayzullayeva va Umid Jalolov so‘zga chiqib, bundan keyingi muhim musobaqalarda ham munosib ishtirok etishga va'da berdi.

Eslatib o‘tamiz, 6-18 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistondan 37 nafar atlet sportning 16  bahslarda qatnashdi va yakunda 16 ta medalni (5 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza) qo‘lga kiritdi. Delegatsiya medallar sifati bo‘yicha umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egalladi.

Ma'lumot uchun, o‘zbekistonlik o‘smirlar 2010 yilgi Singapur olimpiadasida 2 ta kumush va 4 ta bronza bilan umumjamoa hisobida 62-o‘rinni, oradan to‘rt yil o‘tib Nankinda 2 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medallarini ko‘lga kiritgan holda 27-o‘rinni band etgan.

O‘smirlar Olimpiadasi yakunlari. Eng ko‘p medalni O‘zbekiston qaysi sport turlarida qo‘lga kiritdi
Ko‘proq yangiliklar: