Asossiz ayblar qo‘yilgan tadbirkor reabilitatsiya qilindi

Jamiyat 12:35 / 22.10.2018 4156

Yaqinda jinoyat ishlari bo‘yicha Parkent tumani sudida navbatdagi oqlov hukmi chiqarildi. Ma'lum bo‘lishicha, sudlanuvchi Hasan Mahkamov Bekobod shahrida qonuniy ro‘yxatdan o‘tib, yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Uning do‘konida 2016 yil 8 iyun kuni Bekobod shahar Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan tekshiruv o‘tkaziladi.

Tekshirish jarayonida do‘konda iste'molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlar, aniqrog‘i, besh turdagi salqin ichimliklar sotilayotgani aniqlanadi.

Tekshiruvchilar mahsulotlarni olib ketishayotganida tadbirkorga tuzilgan dalolatnomaga imzo qo‘yib berishini talab qilishadi.

Tekshiruvchilar negadir tadbirkorga faqatgina davlat soliq boshqarmasi xodimi S. Sh.dan tashqari hech kim imzo qo‘ymagan dalolatnomani berishadi. U esa, tekshirish avvalida "nazorat xaridi" amalga oshirilmagani va hech kimga mahsulot sotmagani to‘g‘risidagi ma'lumotni dalolatnomaga yozib qo‘yadi.

Bekobod shahar DSENM 2016 yil 20 iyun kuni "Hasan Mahkamovdan ashyoviy dalil sifatida olingan yaroqlilik muddati o‘tgan 5 turdagi yaxna ichimlik "Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonunning 14-moddasiga asosan iste'molga yaroqsiz hisoblanadi va realizatsiya qilish taqiqlanadi", degan xulosa beradi.

Shundan so‘ng tadbirkorga nisbatan Jinoyat kodeksining 186-moddasi 1-qismiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudi H. Mahkamovni iste'molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish jinoyatini sodir etishda aybdor, deb topgan va unga nisbatan olti oy axloq ishlari jazosi tayinlash to‘g‘risida hukm chiqaradi.

Bu hukmdan norozi bo‘lgan tadbirkor adolat istab, kassatsiya instansiyasi sudiga shikoyat arizasini yozadi. Kassatsiya instansiya sudining 2017 yil 4 iyuldagi ajrimiga ko‘ra, ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Parkent tuman sudiga har tomonlama xolisona o‘rganib chiqib, qonuniy to‘xtamga kelish uchun yuboriladi.

Aytish kerakki, sud tomonidan sudlanuvchi hamda guvohlarning ko‘rsatmalari, jinoyat ishi hujjatlari har tomonlama adolatli va xolis o‘rganib chiqildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Parkent tumani sudi Hasan Mahkamovni jinoyat sodir etishda aybsiz deb hisoblab, reabilitatsiya qilishni lozim topdi.

Sud tadbirkorning ayblilik masalasini muhokama qilish jarayonida, dastlabki tergov organi tomonidan unga nisbatan asossiz ayblar qo‘yilganini aniqladi.

Sud tergovi davomida jinoyat ishi hujjatlari sinchkovlik bilan o‘rganilganda, Bekobod shahar DSENM tomonidan 2016 yil 20 iyulda tuzilgan va Bekobod shahar DSENM bosh vrachi Sh. Tojiboyev tomonidan imzolangan xulosada, 5 turdagi yaxna ichimliklar iste'molga yaroqsiz hisoblanib, realizatsiya qilish taqiqlangani ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, ammo ularning haqiqatdan ham, iste'molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermasligi o‘z ifodasini topmagan.

Bundan tashqari "Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida"gi qonunning 14-moddasida yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga yo‘l qo‘ymaslik ko‘rsatilgan. Biroq yaroqlilik muddati tugagan mahsulotlarni iste'molchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermasligi qayd etilmagan.

Ushbu qonunning 2-moddasida "Oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati (foydalanish muddati) — bu muddat davomida oziq-ovqat mahsulotini saqlash, tashish, realizatsiya qilish chog‘ida xavfsizlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilgan taqdirda u foydalanishga yaroqli bo‘lib turadi, bu muddat tamom bo‘lganidan keyin esa, mahsulot odamlar hayoti va salomatligi uchun xavfli bo‘lib qolishi mumkin" deya belgilangan.

Demak, qonunning mazmuniga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati o‘tishi odamlar hayoti va sog‘lig‘i uchun haqiqiy xavf tug‘dirishini ko‘rsatmaydi. Ushbu masalani aniqlash uchun esa, sudga oid kimyoviy ekspertiza o‘tkazish talab etiladi.

Eng ajablanarli tomoni shundaki, Bekobod shahar davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi laboratoriyasida tahlillarni o‘tkazish uchun texnik baza yetarli bo‘lsa-da, negadir ushbu 5 turdagi yaroqlilik muddati o‘tgan yaxna ichimliklar kimyoviy ekspertizadan o‘tkazilmagan.

Jinoyat protsessual kodeksining 173-moddasi 2-qismida "Ish uchun ahamiyatga molik boshqa holatlarni aniqlashda ham, agar buning uchun maxsus bilimlarni qo‘llash zarur bo‘lsa va bu holatlar isbotlashning boshqa vositalari bilan puxta aniqlanmagan bo‘lsa, ekspertiza o‘tkazilishi shart", deya qayd etilgan.

Basharti, tegishli ekspert xulosasi bilan bunday mahsulot tarkibida odamlar hayoti va salomatligi uchun real xavf tug‘diradigan elementlar yoki zaharli moddalar borligi aniqlangan hamda o‘zining muayyan xossasi yoki belgisiga ko‘ra, inson hayoti yoki sog‘lig‘i uchun real xavf tug‘dirishiga oydinlik kiritilganida, Hasan Mahkamovni ayblash asosli bo‘lar edi.

Bundan tashqari, Jinoyat protsessual kodeksining 463-moddasida "Ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi. Ayblov hukmida jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma'lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama-qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim"ligi ko‘rsatilgan.

Afsuski, dastlabki tergov organi tomonidan bunday harakatlar amalga oshirilmagan. Shuningdek, ish bo‘yicha daliliy ashyo deb e'tirof etilgan hamda "Bekobodgo‘shtsutsavdo" mas'uliyati cheklangan jamiyati omborxonasiga vaqtinchalik saqlash uchun topshirilgan 12 042 500 so‘mlik 5 turdagi yaroqlilik muddati o‘tgan salqin ichimliklar Bekobod shahar sud ijrochilari bo‘limi tomonidan 2017 yil 15 martda yo‘q qilib yuborilgan. Bugungi kunda ushbu harakatlarni amalga oshirishning imkoni yo‘q.

Qayd etish kerakki, Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasida "Aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, sud ishi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim. Qonun qo‘llanilayotganda kelib chiqadigan shubhalar ham gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi" belgilangan.

Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib, sud, dastlabki tergov organi tomonidan ish bo‘yicha daliliy ashyo deb e'tirof etilgan Bekobod shahar DSENMning 2016 yil 20 iyun kunidagi 03/739-sonli va 2016 yil 26 oktabr kunidagi 03/1219-sonli xulosasini nomaqbul dalil deb topdi.

Sud qonun talabi hamda ish holatlaridan kelib chiqib, jinoyat ishi materiallarida mavjud bo‘lgan dalillar bilan sudlanuvchi Hasan Mahkamovning aybi o‘z tasdig‘ini topmagan deb hisobladi. Sudlanuvchi Hasan Mahkamovni jinoyat sodir etganlikda aybsiz deb topib, uning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan uni reabilitatsiya qilishni lozim topdi.

Prezidentimizning tadbirkorlik faoliyatiga katta e'tibor qaratayotgani bejiz emas, albatta. Buning zamirida iqtisodiy o‘sish, pirovardida xalqimiz daromadini oshirishdek ezgu maqsadlar mujassam. Shunday ekan, tadbirkorga nisbatan asossiz jinoiy ish ochib, sarson qilishda nafaqat bir shaxs, balki u ish bilan ta'minlangan boshqa fuqarolarning ham ko‘nglida umidsizlik va ishonchsizlik tug‘ilishini hech qachon unutmaslik kerak.

Tolibjon Haydarov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Parkent tumani sudi raisi

Ko‘proq yangiliklar: