Seldan talofat ko‘rgan surxondaryoliklar ko‘chada qolmoqda. Ularga berilgan moddiy yordam tortib olinmoqdami?

Jamiyat 22:10 / 21.10.2018 79916

Joriy yilning may oyi o‘rtalarida kuchli yomg‘irlar natijasida Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hududlarida kuchli sel yuzaga kelgandi. Sel oqimi Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on, Boysun, Sherobod va Denov tumanlarida aholi turar-joylariga katta talofatlar yetkazgandi. Tabiiy ofat ortidan zudlik bilan mazkur hududlarda tezkor shtablar tashkil etildi. Seldan so‘ng yetkazilgan zararlarni aniqlash maqsadida, mutasaddilar tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar faoliyat olib bordi. Baholovchi tashkilotlar sel bosgan joylarda bo‘lib, hisobotlar tayyorladi.

2018 yilning 28 iyun kuni e'lon qilingan Vazirlar Mahkamasining 528-f sonli farmoyishida davlat tomonidan ushbu hudud aholisining yashash joylariga sel oqibatida yetkazilgan zararga kompensatsiya to‘lanishi belgilangandi. Farmoyishda 235ta uy vayronaga aylangani va ularni ta'mirlash uchun jami 12,6 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgani ko‘rsatilgandi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatining o‘sha paytdagi hokimi Erkinjon Turdimov topshirig‘i bilan muammoni hal etish maqsadida ishchi guruh tuzilgandi. Viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bu ishlarga shaxsan mas'ul etib tayinlangandi. Uyi vayron bo‘lganlarga yarmi naqd, yarmi plastik kartada pul mablag‘lari tarqatilgandi. Shu bilan birgalikda, ko‘pchilikka homiylar ham biriktirilgandi. Biroq endi ma'lum bo‘lishicha, ba'zi hududlarda mablag‘ va homiy masalasida juda katta tushunmovchiliklar yuzaga kelgan.

Yaqinda «Kun.uz» tahririyatiga Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi bir guruh fuqarolardan viloyat va tuman mutasaddilarining nohaqliklari yuzasidan murojaat kelib tushdi. Sayt ijodiy guruhi murojaatni o‘rganish uchun Surxondaryo viloyatiga bordi. Qumqo‘rg‘on tumanining «Bog‘aro» mahallasida yashovchi uysiz kishilar bilan suhbatlashildi.

Video: TasIX

Video: YouTube

Ulardan biri fuqaro Mukarram Musayeva bo‘lib, u mahalla fuqarolar yig‘ini va tuman hokimiyatidan noroziligini bayon etdi. Uning aytishicha, turmush o‘rtog‘i 2 yil muqaddam qurilishda ishlayotgan vaqtida nogiron bo‘lib qolgan, hozirda 1 guruh nogironi hisoblanadi. Shu vaqtgacha tuman mutasaddilari uning holidan xabar olmagan.

Musayeva joriy yilning 18 may kuni qishloqqa bostirib kelgan selni eslaydi. Uning hikoya qilishicha, oila a'zolari tabiiy ofatdan omon qolish uchun balandlikka chiqib ketadi. Keyinroq qishloqqa ishchi guruh keladi. Ushbu oilaning uyi ham yaroqsiz holga kelgan uylar qatoriga kiritiladi. Oilaning uyi  to‘liq buzib tashlanadi. Oila tashqarida, o‘tovda jon saqlay boshlaydi. Avvaliga Termiz shahri hokimi oilaga homiy qilib biriktiriladi. Lekin homiylik ham oxirigacha qilinmaydi. Farmoyish bilan oilaga 84 417 164 (sakson to‘rt million to‘rt yuz o‘n yetti ming bir yuz oltmish to‘rt) so‘m mablag‘ ajratiladi. Mablag‘ning yarmi naqd, yarmi esa plastikda beriladi. Oila boshlig‘i nogironligi sabab Mukarram opa qurilish ishlarini o‘zi boshqarib turadi. Ayol naqd pulni maqsadli sarflaydi. Biroq vaqt o‘tib, turmush o‘rtog‘ining nomiga ochilgan plastik kartada turgan mablag‘ga blok qo‘yiladi.

«Uyni qurish ishlari to‘xtab qoldi. Avvaliga hokimiyatdagilar keyinroq plastik kartalaringiz ochiladi, deyishdi. Qarz ham olib davom ettirayotgandik. Hozirga kelib, 10-15 million so‘m qarzimiz ham bor. Keyinroq Qumqo‘rg‘on tuman hokimi o‘rinbosari (sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosar) plastik kartadagi mablag‘ni qaytarasizlar, deb aytdi. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Mahalla fuqarolar yig‘ini esa 84 417 164 (sakson to‘rt million to‘rt yuz o‘n yetti ming bir yuz oltmish to‘rt) so‘m mablag‘ uchun tashakkurnoma ham yozdirib olgan. Nega plastik kartamizga blok qo‘yishdi? Nega mablag‘ni qaytarasan deyishmoqda? Qish yaqinlashmoqda, biz endi nima qilamiz? Nega biz oddiy fuqarolarni aldashadi? Prezidentimizdan adolat o‘rnatishlarini so‘rab qolamiz», - deydi Mukarram Musayeva.

Shundan so‘ng, boshqa fuqarolar bilan qanday vaziyat ekanini o‘rgandik. Mahallaning deyarli barcha qismini sel vayron qilgan. Ahvol juda achinarli. Ma'lum bo‘lishicha, boshqa jabrlanuvchilarga berilgan plastik kartalarga ham blok qo‘yilgan. Ulardan ham pulni qaytarishni talab qilishgan. Ba'zilarining homiylari oxirigacha yordam bermay ketib qolgan. Ayni vaqtda qishloqning ko‘pchilik aholisi uysiz yoki salga qulab ketishi mumkin bo‘lgan uylarda yashamoqda. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun birma-bir davlat tashkilotlarining eshiklarini taqillatdik.

Avvaliga Termiz shahri hokimiyatiga bordik. Shahar hokimi Isroil Xudoyberdiyev bilan bog‘landik. Shahar hokimi qaytadan hisob-kitob bo‘layotgani va tez orada muammo o‘z yechimini topishini aytdi. Lekin u nega homiylikni oxirigacha yetkazmaganini izohlay olmadi.

Undan keyin viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Amirov bilan suhbatlashishga urindik. Biroq nazoratchilar hokim o‘rinbosari majlisga ketganini va qachon qaytishini bilmasliklarini aytishdi. Ulardan Amirovning yordamchilariga xabar berishlarini so‘raganimizda, hatto urinib ham ko‘rishmadi. Vaziyatga viloyat hokimiyatidan izoh ololmadik.

Keyin viloyat moliya boshqarmasiga bordik. U yerda boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jumanazar Normo‘minov bilan uchrashdik. Birinchi o‘rinbosar mazkur muammodan xabardor bo‘lgan xodimi Abduqodir Mustafoqulov bilan uchrashuvni tashkillashtirib berdi.

Surxondaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Jumanazar Normo‘minov

Ma'lum bo‘lishicha, Qumqo‘rg‘on tumanidagi «Bog‘aro», «Azlarsoy», «Elobod» va «Ariqoshgan» mahallalaridan talofat ko‘rgan 141 nafar fuqaro ro‘yxati tuzilgan. Baholovchi tashkilotlar tomonidan ularning mulki turlicha baholangan. Ularga ko‘rgan zarariga qarab pul mablag‘lari ajratilgan. Biroq vaqt o‘tib, ishchi guruh maksimal darajada ishlamagani natijasida yana zarar ko‘rganlar haqida arizalar kelib tushavergan. Shunda viloyat hokimi vaziyatni to‘liq o‘rganib chiqish borasida qaror chiqargan. Aniqlanishicha, talofat ko‘rgan xonadonlar soni 300dan ortib ketgan.

«Vazirlar Mahkamasining farmoyishida mablag‘ ajratish masalasi faqatgina yashash binosi uchun nazarda tutilgan. Yordamchi xo‘jaliklar bunga kiritilmagan. Ammo baholovchi tashkilotlar va ishchi guruh ishni noprofessionallarcha bajargan. Buning natijasida hozirgi vaziyat vujudga kelgan. Tez orada yangi tuzilgan ishchi guruh barchasiga oydinlik kiritadi», - dedi moliya boshqarmasi xodimi.

U 54ta xonadon homiylikka biriktirilgani, lekin ularning 30 foizigina ishni oxirigacha bajargani va qolgani ishni oxirigacha yetkazmay ketib qolganini aytib o‘tdi.

Moliya boshqarmasidan chiqib, viloyat prokuraturasiga bordik. U yerdagilar prokuratura vaziyatdan xabardorligini, bu ish yuzasidan jinoyat ishi ochilganini aytishdi. Prokuratura xodimi tergov siri ekanini hisobga olib, hozircha to‘liq ma'lumot bera olmasligini bildirdi.

Savollar paydo bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining 528-sonli farmoyishida Qumqo‘rg‘on masalasi bo‘yicha 134 xonadon ko‘rsatilgan. Lekin hozirda 300dan ortiq xonadon yordamga muhtojligi aytilmoqda. Endi tegishli tashkilotlar qanday chora ko‘radi? Loqaydlik qilgan rahbarlar o‘z jazosini oladimi? Rostdan ham fuqarolardan mablag‘lar tortib olinadimi?

Video: Facebook

Bu o‘rinda juda murakkab vaziyat yuzaga kelgan. Ko‘pchilik kishi uysiz qolmoqda. Havo esa kundan-kunga sovib bormoqda.

Umid qilamizki, aybdorlar albatta o‘z jazosini oladi va muhtoj kishilarga ijtimoiy hamda moddiy yordam masalasi tez orada hal etiladi.

Prezident doim insonlar dard-u tashvishlari bilan yashash kerakligini ta'kidlab kelmoqda. Inson manfaati hammasidan ustun ekanini aytmoqda. Biroq joylarda hali ham yangi davr siyosatini to‘liq anglab yetmagan mansabdorlar uchrab turibdi. O‘ylaymizki, tegishli tashkilotlar tez orada ijobiy yechim beradi. Agar sen o‘zingdagi og‘riqni sezsang – tiriksan, o‘zgalardagi og‘riqni his qilsang – insonsan. Muammo bilan shug‘ullanayotgan mas'ullardan masalaga to‘liq va xolis yondashishni kutib qolamiz.

«Kun.uz» voqealar rivojini kuzatadi.

Jurnalist: Zafarbek Solijonov
Operator: Fazliddin Abduqodirov

Ko‘proq yangiliklar: