Andijonda MIB va tadbirkor o‘rtasidagi chigal vaziyat qayerdan paydo bo‘ldi?

Jamiyat 20:00 / 21.10.2018 36685

Majburiy ijro byurosi haqida so‘z ketganda, kimdadir sarson odamning og‘irini yengil qiluvchi, adolat o‘rnatuvchi posbon ko‘z oldida gavdalansa, yana kimdadir buning aksi. Hozir sizga aytmoqchi bo‘lgan voqeamiz bu tashkilotga baho berishingiz uchun emas. Bu kasb nuqtai-nazaridan ayrim shaxslarning xatti-harakati va faoliyatiga nazar.

Youtube'da ko‘rish

Facebook'da ko‘rish

Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanida katta bir korxona bor. “Samo” brendi ostida “Nil granit” mas'uliyati cheklangan jamiyati turli trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaradi. 400 dan ortiq fuqaroni ish bilan ta'minlagan mazkur korxona O‘zbekistonga million dollarlab eksport orqali tushum qiladi. Ishlab chiqarish ko‘lami keng. Buyurtmachilar Yevropa va yana boshqa mintaqalardan. Bir so‘z bilan aytganda nafaqat Andijonni, balki O‘zbekistonning namunali ishlab chiqaruvchilaridan. Biroq aynan ushbu korxona bilan tuman Majburiy ijro byurosi xodimlari o‘rtasida tushunmovchilik bor. O‘zaro ishonch asosida qurilmagan muloqot ortidan chigal vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Masala shundaki, korxonani elektr energiyasidan uzish vaji bilan byuro xodimlari muntazam eshik taqillataveradi. Xususan, shu kabi vaj bilan joriy yilning 4 oktabrida byuro xodimlari korxonani elektr energiyasidan uzib qo‘yadi.

Xo‘sh, aslida nima bo‘lgan edi?

Ma'lumki, yangi joriy etilgan tartibga ko‘ra, elektr energiyasi uchun iste'molchilar oldindan to‘lovni amalga oshirishadi. Joriy yilning sentabr oyida korxona tomonidan 400 ming kilovat elektr energiyasi uchun ariza berilgan bo‘lib, MIB tomonidan 18 sentabr kuni 110 million so‘mlik qarzdorlik uchun talabnoma beriladi.

Korxona sentabr oyida 146 mln so‘m mablag‘ o‘tkazib beradi. Shundan so‘ng oylik hisobot tayyorlanib, tuman elektr tarmog‘iga joriy yilning 1 oktabr kuni taqdim etiladi. Korxona 2-toifali iste'molchilar turkumiga kiritilganligi bois oy yakunlangandan so‘ng differensial tartibda hisob-kitob qilinib, yangi oy uchun qancha to‘lov qilinishi belgilanadi. Ammo 1 oktabr bayram kuniga to‘g‘ri kelgani sababli 4 oktabr sanasida hisobotlar qabul qilinib, hisob-kitob natijalari chiqarilgan. Yangi oy uchun 20 mln. 363 ming so‘m miqdorida oldindan to‘lovga qarzdorlik aniqlanib, shu kunning o‘zida to‘lov amalga oshiriladi. Biroq tuman Majburiy ijro byurosi esa qarzdorlik bartaraf etilganligiga qaramasdan korxonani elektr energiyasidan uzib ketadi.

- Ular, avval bizga, elektr energiyasidan uzish bo‘yicha talabnoma taqdim etishlari, shundan so‘ng 5 kun vaqt mobaynida to‘lovni amalga oshirmasak, kelib uzib ketishlari va bu haqda dalolatnoma taqdim etishlari kerak edi. Ammo ular bunday qilishmadi. Biz dalolatnoma so‘raganimizda, ular elektron pochta orqali uni jo‘natishlarini aytishdi. Nizomga ko‘ra, elektr tarmog‘idan uzayotgan vaqt jamiyatning mas'ul xodimi bilan birga joyida dalolatnoma rasmiylashtirilishi lozim edi. Bu bizning ishlab chiqarishimizga ham katta ta'sir qildi. Shu kuni Italiyadan hamkorlik qilamiz degan sarmoyadorlar kelgan edi. Bu voqea ularning jamiyatimizga bo‘lgan ishonchini biroz susayishiga sabab bo‘ldi, - dedi “Nil granit” MChJ hisobchisi Sardor Mahmudov.  

Sardor Mahmudov

Korxonadagi vaziyat bilan tanishib bo‘lgach, tuman majburiy ijro byurosiga yo‘l oldik. Bizni tuman majburiy ijro byurosi rahbarining o‘rinbosari Baxtiyor Nosirov qarshi oldi. Uzoq tushuntirishlardan so‘ng, ushbu korxona ishi bilan shug‘ullangan xodim Sardor Jabbaraliyevdan intervyu olishni tashkillashtirib berdi.

Sardor Jabbaraliyev

- “Nil granit” MChJ bilan 2018 yil 18 sentabr kuni tabiiy gaz va elektr energiyasidan olgan limitiga asosan 110 mln so‘m elektr energiya uchun, 74 mln so‘m tabiiy gaz uchun talabnoma taqdim etganman. Shartnomaga ko‘ra, MChJ har oyning 30-sanasida keyingi oy uchun yuz foiz oldindan to‘lov qilishi kerak. Ular bunday qilmadi. Shartnoma shartlarini bajarmadi. 95 mln so‘m pul to‘lashdi. 4 oktabr kuni ham telefon orqali ijrochi direktorga qo‘ng‘iroq qilinib 20 mln.so‘mlik qarzdorlikni to‘lashlari kerakligi aytilgan. Bugungi holatga ko‘ra, MChJ 20 mln.lik qarzdorlikni bartaraf etib, eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida qayta yoqish to‘lovini to‘laganidan so‘ng, elektr energiyasini qayta o‘rnatib berdik, – dedi MIB Xo‘jaobod tuman bo‘limi bosh muhandisi Sardor Jabbaraliyev.

Ana endi bizda bir nechta savollar paydo bo‘ldi. Joriy yil sentabr oyida berilgan talabnoma nega ro‘yxatga olinmagan va u aynan qaysi oydagi qarzdorlik uchun berilgan edi?

Ikkinchidan, agar ushbu talabnoma bo‘yicha 4 oktabr kuni korxona elektr energiyasidan uzilgan bo‘lsa, nega oradan 16 kun o‘tib uzilmoqda. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 484-son qarori bilan tasdiqlangan “Iste'molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 13-bandiga ko‘ra, Byuro iste'molchilar xabardor qilingan paytdan boshlab besh kun muddat o‘tgandan keyin qarzlarni majburiy, shu jumladan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda iste'molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish yo‘li bilan undirish choralarini ko‘radi.

Bordiyu 2018 yilning 18 sentabrda berilgan talabnoma MIB xodimlari aytganidek oktabr oyi uchun berilgan bo‘lsa, vakolatli organ tomonidan yuqorida qayd etilgan nizomning 11-bandi talablari buzilgan, deya xulosa qilish mumkin. Chunki nizomga ko‘ra, iste'mol qilingan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun qarzi mavjud bo‘lgan iste'molchilar ro‘yxati energiya resurslarini yetkazib beruvchilar tomonidan har oyning o‘n birinchi sanasidan boshlab har kuni shakllantiriladi hamda yagona elektron idoralararo axborot tizimi orqali Byuroga taqdim etiladi.

Uchinchidan, dalolatnoma to‘ldirishda pala-partishlikka yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, undagi qarzdorlikka oid hisob-kitoblar aniq ko‘rsatilmagan, iste'molchining ishtiroki ta'minlanmagan va dalolatnomada iste'molchining dalolatnomani imzolashdan bosh tortganligi sabablari ko‘rsatilmagan.

Ushbu holatga MIBning Xo‘jaobod tuman bo‘limi texnik kuzatuvchi Bosh muhandisi S.Jabboraliyev tarmoqdan uzib qo‘yish uchun iste'molchiga talabnoma berish qonunda nazarda tutilmaganligini, dalolatnoma tuzishda iste'molchi qatnashmasa uning nusxasi pochta orqali yuborilishi mumkinligini bayon etdi.

Umid qilamizki mutassaddi tashkilotlar bu holatga e'tibor qaratib, qonun doirasida chora ko‘radi.

MIB xodimlarining tushunarsiz harakatlari oqibatida tadbirkor yo‘q joydan eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘ldi.

Xulosamiz esa bor. Korxona bugun ishlab turibdi. Yaxshiki, korxonaning elektr energiyasidan qarzdorligi mavjud emas. Ishlab chiqarish to‘xtamadi. Odamlar ish bilan band. Muammo o‘zaro ishonchning yo‘qligida. Majburiy ijro byurosi va iste'molchi o‘rtasidagi muloqot ishonch, samimiyat va yuksak madaniyat asosiga qurilsa, o‘ylaymizki, hech qanday muammo qolmaydi. Darvoqe, majburiy ijro byurosi xodimlariga talabnoma berish va dalolatnoma tuzish borasida sohaning yuqori organlari tomonidan yana bir bor amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Ko‘proq yangiliklar: