Meningit yuqumli kasallikmi va nega u aynan bolalarda uchraydi?

Light 01:34 / 18.10.2018 59542

KUN.UZ “Sog‘lom hayot” loyihasi orqali bugungi kunda odamlar orasida eng ko‘p uchrayotgan kasalliklar to‘g‘risida ma'lumot berishda davom etadi. Kunlar soviy boshlagani sari yuqumli kasalliklar avj oladi. Ana shunday dardlardan biri - meningit. Xo‘sh, meningit qanday kasallik? Kelib chiqish sabablari, yuqish yo‘llari va davolanish usullari nimalardan iborat? Ushbu kasallikka chalinmaslik uchun qanday jihatlarga e'tibor berish kerak? Professor, nevrolog Baxtiyor G‘afurov bilan mazkur mavzuda suhbatlashdik.

Meningit qanday kasallik?

Meningit – miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik. Meningitning og‘ir turlari bolalik davrida ko‘p kuzatiladi. Katta yoshdagilarda meningit kam uchraydi va biroz yengil kechadi. Kasallik mavsumiyligi va epidemiyalarning yillik davriyligi qayd etilgan. Meningit uchun eng xarakterli bo‘lgan davr noyabrdan aprelgacha hisoblanadi, bu havo haroratining o‘zgarishlari, ovqat ratsionidagi cheklashlar va vitamin yetishmasligi, sovuq havo tufayli kishilarning kam shamollatiladigan xonalarda yig‘ilishi tufayli yuz beradi. Organizmning xususiyatlari va ijtimoiy sabablarga ko‘ra, xavf guruhiga 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar va 25-30 yosh oralig‘idagi erkaklar kiradi.

Video: TasIX

Video: YouTube

Kasallikning kelib chiqish sabablari

Infektsion etiologiyali kasallik sifatida boshlanadigan birlamchi meningit patogen mikroorganizmlar tufayli kelib chiqadi. Meningit rivojlanishiga turtki bo‘ladigan viruslar va bakteriyalar turli yo‘llar bilan yuqadi, ulardan eng keng tarqalgani:

  • Havo-tomchi: patogen yo‘talish paytida va aksa urganda shilliq va so‘lak orqali havoga tarqatish;
  • Maishiy aloqalar: bemor yoki kasallik tashuvchisi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilish, bitta maishiy vositalardan foydalanish (idishlar, sochiq, tish cho‘tkasi);
  • Gigiyena qoidalariga amal qilinmaganda oral-fekal yo‘l orqali: oziq-ovqatni yuvilmagan qo‘llari bilan qabul qilish, ishlov berilmagan, yuvilmagan sabzavot, meva, ko‘katlar va hokazo oziq-ovqatlarni iste'mol qilish;
  • Gematogen: meningit qo‘zg‘atuvchilarini (odatda bakterial, lekin virusli, protozoal va boshqa shakllari ham uchraydi) qon orqali yuqishi, bemor organizmidagi infeksiyaning mavjud o‘choqlardan qon orqali miya qobig‘iga tarqalishi;
  • Bachadon ichida rivojlanish vaqtida yo‘ldosh orqali, shuningdek, tug‘uruq yo‘llaridan o‘tishda yoki infeksiyaning homilaga amniotik suyuqlik orqali yuqishi;
  • Og‘zaki: Meningit qo‘zg‘atuvchilari bilan ifloslangan suvni yutish (suv omborlarida, dezinfeksiya qilinmaydigan jamoat basseynlarida tasodifan yutish, ifloslangan suv ichish) va hokazo.

Meningit qanday belgilarga ega?

To‘satdan bolaning tana harorati 40°S gacha oshadi, kuchli bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi, ketma-ket qayt qiladi, boshi orqaga qayrilib yotib qoladi. Biroz vaqt o‘tmay bola hushini yo‘qotib komaga tushishi yoki tutqanoq xurujlari kuzatilishi mumkin. Meningitning ba'zi turlarida tanaga toshmalar toshib ketadi. Kasallikning hatto erta bosqichlarida, ayniqsa, meningit yashin tezligida rivojlanishida ong chalkashishi, haddan tashqari holsizlik yoki qo‘zg‘alish, gallyutsinator hodisalar namoyon bo‘lishi ham mumkin.

Meningit kasalligi kuzatilsa nima qilish kerak?

Zudlik bilan “Tez yordam” chaqiriladi va bola shifoxonaga olib boriladi. Bemorni uyda qoldirish mutlaqo mumkin emas. Bemor yotgan uy dezinfeksiya qilinishi va oila a'zolari vrach tekshiruvidan o‘tib nazoratga olinishi lozim.

Davolash usullari

Meningit tashxisi bilan davolash yuqumli kasalliklar shifoxonasida olib boriladi. Agar bemor o‘z vaqtida shifoxonaga olib borilsa, u 10 kun ichida tuzalib ketadi. Bemor komaga tushgan holatlarda davolash muddati cho‘zilib ketishi va asoratlar qolishi mumkin. Shu yerda bitta muammoni aytib o‘tish kerak. Ba'zi ota-onalar boladan orqa miyani funksiya qilib miya suyuqligini tekshirishga to‘sqinlik qilishadi. Ushbu muhim tekshiruvga to‘sqinlik qilish aslo mumkin emas. Bu tekshiruvni bolaning ota-onasi ruxsatisiz tibbiy ko‘rsatmalarga binoan vrach bemalol o‘tkazishi lozim. Chunki miya suyuqligini olib tekshirib turish, miyaning ichki bosimi oshib ketishining oldini oladi va bemor komaga tushmaydi. Hatto komada yotgan bemor hushiga keladi, miya ortiqcha yiringli suyuqlikdan ozod bo‘ladi va uning o‘rniga toza miya suyuqligi ishlab chiqariladi.

Davolash uchun optimal sharoit — kasalxonaning infeksion bo‘limida alohida palata va kecha-yu kunduz mutaxassis nazorati, sensibilizatsiyani kamaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish: chiroqlarni o‘chirish, baland tovushlarni bartaraf qilish, bemorni tinchlantirish. Kasallikning kechishi va gumon qilinayotgan yoki mavjud asoratlarning oldini olish uchun davolash o‘z ichiga qo‘shimcha patologiyalarni tuzatish usullarini olishi ham mumkin (nafas olish, buyrak usti va yurak-qon tomir yetishmovchiligini tuzatish).

Kasallik asoratlari

Aksariyat hollarda hech qanday asorat qolmaydi. Biroq davolash kech boshlangan holatlar yoki meningitning og‘ir turlarida turli asoratlar qolishi mumkin. Bunday bolalarda surunkali bosh og‘riqlar, o‘ta injiqlik va jizzakilik, miya ichki bosimining surunkali tarzda oshib borishi, xotira buzilishlari, parishonxotirlik kabi asoratlar vujudga kelish havfi bor. Juda kam holatlarda eshitish pasayishi, tutqanoq xurujlari va aqliy rivojlanishdan orqada qolish rivojlanadi. Bunday bolalar nevropatolog nazoratida davolanib yurishlari lozim.

Ko‘proq yangiliklar: