«O‘ynoqi» gaz. «Kun.uz» so‘rovi

Jamiyat 15:34 / 17.10.2018 29079

Sovuq tushdi deguncha respublikaning ko‘plab hududlarida, ayniqsa qishloq joylarda uylarni isitish muammosi ko‘ndalang bo‘ladi: uzluksiz gaz ta'minoti bo‘lmagan joylarda yashovchilar muqobil yoqilg‘i g‘amlash va pechkalarni tayyorlash tashvishiga tushadi.

Shu bilan birga, bu quvurlarda gaz borib turadigan hududlar muammodan xoli, degani emas. Bunday joylarda yashovchilarning ham o‘z muammolari bor. Shulardan biri – quvurlardagi gaz bosimining «o‘ynashi» va gazning «o‘chib-yonib» turishi.

Aholi gaz bosimi «o‘ynashi» va o‘chib-yonishidan chorak asr davomida jabr ko‘rib keldi. Axir, urush davri emas-ku! Quvurdan gaz kelmay qolishi, keyin esa, hech bir ogohlantirishsiz, yana kelib qolishi, natijada pechlar yoki yopiq xonalarda gaz to‘planishi, qayta yoqishga urinilganda kuyib qolish va yonib ketish, hatto butun oilalarning yonib ketishi holatlari – bular «baxtsiz hodisa»ga yo‘yilib, gaz yetkazib berish qoidalariga xilof ravishda, ogohlantirishsiz gazni uzgan mas'ul tashkilotlarning suvdan quruq chiqishi bilan muttasil yakunlanib keldi.

Aholiga gaz yetkazib berish sohasida infrastrukturaning eskirib ketgani, xususan, quvurlardagi gaz bosimini bir me'yorda tutib turuvchi uskunalarning yaroqlilik muddati o‘tib ketgani – yangilanmagani natijasida yuzaga kelgan bu vaziyat hamon saqlanib qolmoqda, gaz hali ham o‘sha-o‘sha – «o‘ynoqi».  

«Kun.uz» bu boradagi holat monitoringini amalga oshirishni maqsad qildi. Qayerda gaz bosimi turg‘unsizligi, «o‘chib-yonish» holatlari kuzatilayotgan bo‘lsa, sayt tahririyatiga xabar berish so‘raladi. Bundan maqsad – holatni o‘rganib, yig‘ilgan ma'lumotlar asosida muammoning umumiy manzarasini shakllantirish va vaziyatga mas'ul idoralar e'tiborini qaratishdir. Zero, inson hayoti va salomatligi muhim qadriyatdir.

Murojaatlarni info@kun.uz elektron manziliga yuborish yoki telegramda +998 (95) 146 23 23 raqami orqali yo‘llash mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: