Volkswagen tarkibiga kiruvchi Audi kompaniyasi Germaniyada o‘z avtomobillarining chiqindi gazlari darajasi bilan firibgarlik amalga oshirgani uchun 800 mln yevro (927 mln dollar) jarima to‘laydi.
Ma'lum qilinishicha, jarima to‘lash haqidagi qaror Myunxen prokuraturasi olib borgan tergov natijasiga ko‘ra qabul qilingan. Audi aksiyadorlariga yo‘llangan murojaatda kompaniya “dizel mojarosi”dagi aybini tan olishi va jarima to‘lashga roziligi ta'kidlab o‘tilgan.
15 oktabrda xuddi shu firibgarlikni amalga oshirish gumoni bilan yana bir nemis kompaniyasi Opel’ning Ryusselsxaym va Kayzerslauterndagi ofislarida tintuvlar o‘tkazildi. Bu kompaniya ham o‘z dizel avtomobillarini chiqindi gazlaridagi zararli moddalar miqdorini pasaytirib ko‘rsatuvi dasturiy ta'minot bilan sotganlikda gumon qilinmoqda.
Iyunda Audi rahbari Rupert Shtadler “dizel mojarosi” bo‘yicha qo‘lga olinib, hozirda hibsda ushlab turilibdi. Shtadler kompaniyaga 2007 yildan beri rahbarlik qilib kelgan.
“Dizel mojarosi” 2015 yilda AQShda Volkswagen o‘z dizel avtomobillari chiqindi gazlaridagi zararli moddalar miqdorini ataylab kamaytirgani aniqlangandan keyin boshlangan. O‘shandan beri Germaniya va AQSh huquq-tartibot idoralari ushbu ish bo‘yicha katta ko‘lamli tergov olib bormoqda.