Shavkat Mirziyoyev tashrifidan keyin Toshkent viloyatining 5 ta tumani hokimlari maoshdan mahrum qilindi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi yakunida viloyatdagi 5 tuman hokimi ikki oylik maoshidan mahrum qilingan. Bu haqdagi ma'lumotni «Kun.uz» manbalari tasdiqlashdi.
Shavkat Mirziyoyev 12 oktabr kuni Toshkent viloyatiga tashrifi davomida Bo‘ka tumani hududidagi «Valixon ota» fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, paxta terimini ko‘zdan kechirgandi. Prezident shu yerda viloyat fermerlari va qishloq xo‘jaligi mutasaddilari bilan suhbatlashgan.
Muloqotda fermerlarga o‘z mehnati samarasini ko‘rish vaqti kelgani, hosilni yog‘inli kunlarga qoldirmay yig‘ib olish zarurligi ta'kidlangandi.
Prezident tashrifi davomida qator kamchiliklar aniqlangan. Ayrim davlat amaldorlarining faoliyati tanqidga uchragan.
13 oktabr kuni Toshkent viloyati hokimi farmoyishi asosida 5ta tuman hokimi - Bo‘ka (No‘monali Izbosarov), Pskent (Shuhrat Ahmedov ), Bekobod (Ne'mat Abdullayev, u shu yilning 25 sentabrida tumanning yangi hokimi sifatida ish boshlagan), Yangiyo‘l (Abduqahhor To‘xtaboyev) va Chinoz tumanlari hokimlari ikki oylik maoshlaridan mahrum qilingan. Manba ma'lumotiga ko‘ra, bunday qaror hokimlar paxta xomashyosini yig‘ib olish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yishgani uchun qabul qilingan.
Bundan tashqari, hokimlar agar vaziyat tuzatilmasa, ishdan olinishi mumkinligi haqida ham ogohlantirilgan.
Mavzuga oid

17:37 / 28.02.2025
Chinozda yigit o‘z opasini o‘ldirib, jasadini 7 kun uyda saqladi

09:52 / 28.02.2025
Guliston tumani hokimi o‘zgardi

15:39 / 24.02.2025
Oyoqosti bo‘lgan qonunlar va yo‘q qilingan yashil jamoat parki: “Ajdar yurak” hokimga chora ko‘riladimi?

18:41 / 22.02.2025