Bugungi kunda sayyoramizdagi ko‘p narsalar neft narxiga bog‘liq bo‘lib qoldi. Neft barreli narxi oshishi benzin va kerosin narxiga ta'sir qiladi, buning natijasida qishloq xo‘jalik mahsulotlari narxi oshadi (traktor va kombaynlar yonilg‘i bilan ishlaydi), do‘konlardagi mahsulotlar qimmatlashadi (transport xarajatlari oshishi evaziga). Aksariyat rivojlangan davlatlarning valyutalari neft bilan bog‘langan. Neft hattoki davlatlar o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarga ham katta ta'sir ko‘rsatadi. Xo‘sh, “qora oltin” Yer aholisi uchun bitmas-tuganmas boylikmi va u tugab qolsa sanoat nimadan foydalanadi?
Neft zaxirasi qancha?
Statist va analitiklarning fikricha, 21 asr o‘rtalariga kelib mavjud neft zaxirasining yarmidan ozrog‘i qoladi. Rossiyada yiliga 500 mln tonnadan ortiqroq neft qazib olinadi va uning zaxirasi 12 mlrd tonnani tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qazish shu tarzda davom etsa, mamlakatdagi neft zaxiralari 30 yilga yetadi. 46 mlrd tonna neft zaxiralariga ega Venesuela yana taxminan 230 yil “qora oltin” qazib olishi mumkin. Saudiya Arabistoni 36 mlrd tonna neft zaxirasi bilan 2-o‘rinda turadi va bu zaxira yana 70 yilga yetadi.
Statistika hisobotlariga ko‘ra, butun jahondagi neft zaxiralari yana 50 yilga yetadi.
Neft tugasa nima bo‘ladi?
Bu savolga ikkita javob bor. Birinchidan, neft resurslari va mamlakatlar neft zaxiralari orasidagi farqni tushunib olish lozim. Birinchi guruhga, qazib olinmaydigan resurslar kiradi. Bu esa insoniyat yangi neft konlarini o‘zlashtirishi va qazib olishning innovatsion usullarini yaratishi uchun yana 50 yil vaqti bor degani. Mazkur javob esa neft hech qachon tugab qolmasligini anglatadi.
Xo‘sh, agarda insoniyat 50 yildan so‘ng neft qazib olishning imkonini topa olmasa nima bo‘ladi? U holda bozorni butunlay yangi turdagi xomashyo egallaydi. «Neft asri» yakuniga yetadigan bo‘lsa, u holda muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga to‘g‘ri keladi. Hozirda ularning quyidagi turlari mavjud: shamol energiyasi, bioyonilg‘i, quyosh energetikasi, gidroenergetika, geotermal energetika va yadro energetikasi.
«Global energiya» assotsiatsiyasi (uning tarkibiga dunyoning turli mamlakatlarining 20 nafar olimi kiradi) ekspertlarining fikricha, 2100 yilga kelib dunyo yonilg‘i-energetika sohasida neft va gazning ulushi mos ravishda 2,1% va 0,9%ni tashkil etadi, bozorning o‘ndan bir qismini termoyadroviy energetika egallaydi va jahon elektr energiyasining chorak qismidan ko‘prog‘i quyoshdan olinadi.
Quyosh energetikasi
Quyosh energiyasidan sanoat va maishiy miqyosda foydalaniladi. Dunyoda quyosh elektroenergiyasini ishlab chiqarish 2004 yildagi 2,6 TVt/soatdan 2016 yilda 301 TVt/soatga yetdi va bu soha yildan yilga rivojlanib bormoqda. Xalqaro energetika agentligi ekspertlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga kelib insoniyatning elektrga bo‘lgan ehtiyojining 20–25%i quyosh yordamida ta'minlanadi.
Keyingi besh yilda quyosh energiyasi tannarxi taxminan 80%ga pasaydi.
Mazkur soha rivojiga Yaqin Sharq mamlakatlari ulkan hissa qo‘shmoqda. 2017 yilda Dubay hukumati dunyodagi eng yirik quyosh elektr stansiyalari tarmog‘i quvvatini yana 700 MVtga oshirishini e'lon qildi. 2018 yil aprelda esa Saudiya Arabistonida quvvati 200 GVtli elektr stansiyasi qurilishi haqida xabar qilindi. Bu loyihaga 200 mlrd dollar sarflanadi.
Bundan tashqari, quyosh energetikasi Xitoy (umumiy quvvati — 52 GVt), AQSh (12,5 GVt), Hindiston (9 GVt), Yaponiya (5,8 GVt) va Germaniyada (2,2 GVt) jadal rivojlanmoqda.
Shamol energetikasi
Energetikada rivojlanib borayotgan yana bir soha shamol energetikasidir. 2016 yilda dunyodagi barcha shamol generatorlarning umumiy quvvati 432 GVtni tashkil etdi.
Shamol energiyasi ayrim mamlakatlar energetikasida muhim ahamiyatga ega. Masalan 2014 yilda Daniyadagi elektr energiyasining 39%i shamol generatorlari yordamida ishlab chiqarilgan. O‘sha yili Germaniyada ishlab chiqarilgan elektrning 8,6%i shamol generatorlari ulushiga to‘g‘ri kelgan. Shotlandiyadagi uy xo‘jaliklarini shamol energetikasi elektr bilan ta'minlaydi.
Atom energetikasi
Atom elektr stansiyalari «yashil» energetikaga kiradi, chunki ular atmosferaga juda kam miqdorda uglerod chiqaradi. AES yuqori samaradorlikka ega, ularning ishlashi uchun kerak bo‘ladigan yonilg‘i zaxirasi esa cheksiz muddatga yetadi: atom stansiyalari urandan tashqari yadro yonilg‘isi chiqindisida ham ishlaydi.
Bugungi kunda dunyoda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 11%i AESlarga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p atom reaktorlari AQSh, Fransiya, Xitoy va Rossiyada joylashgan.
Bioenergetika
«Bioenergetika» turli ko‘rinishdagi bioyonilg‘ilar: qipiq, yog‘och qoldiqlari, biogaz, vodorod, biodizeldan elektr ishlab chiqarishni anglatadi. Bioenergetikaning rivojlanishi turli organik chiqindilarni utilizatsiya qilish muammosini ham hal qilishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Jahonda bioyonilg‘i hajmi 2005 yilda 15,7 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2013 yilda 97,8 mlrd dollarga yetdi. Bugungi kunda AQSh, Braziliya va YeI davlatlari o‘simlik va hayvon yog‘idan yonilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.
«Aqlli energiya»
Shuningdek ekspertlar energetika kelajagini «aqlli» energetika rivojida ham ko‘rishmoqda.
Hozirda ayrim mamlakatlarda intellektual tarmoqlar ishga tushirilmoqda. Mazkur tarmoqlar intellektual tizim va servislar yordamida boshqariladi. Bunda ishlab chiqaruvchilar va energiya iste'molchilari o‘rtasida energiya almashuv tizimi yaratiladi. Natijada tarmoqqa xuddi internetga ulangandek ulanish mumkin bo‘ladi va resurs hamda xizmatlar erkin almashiladi.
Energiya tizimi markazdan boshqarilmaydi, energiya esa yirik elektr stansiyalari tomonidan emas, balki bir-biri bilan «muloqot qiluvchi» qurilmalar orqali yetkazib beriladi.